Tarbiyaviy maqsad – talabalarga buddaviylik, xristianlik va islom dinlaridagi axloqiy,
ma’naviy jihatlari bilan tanishtirib ularning boy ma’naviy, falsafiy qadriyatlariga hurmat
tuyg‘usini shakllantirish.
1. Buddaviylik – uchta jahon dinidan eng qadimgisi. Xristianlik undan besh asr, islom esa
rosa o‘n ikki asr yoshroqdir. Budda diniga amal qiluvchilarning asosiy ko‘pchiligi Janubiy,
Janubi-Sharqiy Osiyoda: Hindiston, Shri Lanka, Nepal, Butan, Xitoy, shuningdek, Singapur
(Malayziyaning xitoy aholisi), Mo‘g‘iliston, Koreya, Vetnam, Yaponiya, Kambodja, Myanma,
Tailand va Laosda yashaydi. Rossiyada (MDHda) budda diniga an’anaviy ravishda Buryatiya,
Qalmig‘iston, Tuva aholisi e’tiqod qiladi. Keyingi yillarda budda jamoalari Moskvada, Sank-
Peterburgda paydo bo‘ldi. XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida buddaviylik muxlislari
Yevropa mamlakatlarida va AQShda paydo bo‘lgan: bugungi kunda u yerda Sharqda mavjud
bo‘lgan qaysidir darajada nufuzga ega deyarli barcha yo‘nalishlar va maktablarning vakillari bor.
Jahondagi budda diniga e’tiqod qiluvchilarning umumiy sonini aniqlash qiyin. Haqiqatga eng
yaqin taxminlarga ko‘ra aytish mumkinki, bugungi kunda dunyoda 700 millionga yaqin kishi
buddaviylikka amal qiladi hamda rohib va rohibalar soni salkam 1mln. kishini tashkil etadi.
Buddaviylik bundan ikki yarim ming yildan avvalroq Hindistonda diniy-falsafiy ta’limot
sifatida paydo bo‘lib, ko‘lamdorligi va rang-barangligi jihatidan noyob diniy adabiyotlarni va
ko‘plab diniy qonun-qoidalarni vujudga keltirdi.
Buddaviylik asoschisi – haqiqatan mavjud bo‘lgan tarixiy shaxs. Har holda ana shu din tarixi
bilan shug‘ullanuvchi olimlarning ko‘pchiligi bizning kunlargacha saqlanib qolgan yozma
manbalar asosida shunday fikrga kelganlar. Bu matnlar va ularga asoslangan ilmiy tadqiqotlar,
folklor janrlar va badiiy asarlar buddaviylik asoschisi haqida so‘z yuritar ekan, uni har xil nomlar
bilan ataydi, chunonchi: Siddxartxa – o‘z nomi, Gautama, – urug‘ nomi, Shakyamuni – «shaklar
(yoki shakya) qabilasidan chiqqan donishmand», Budda – «nurlangan», Tatxagata – «shunday
keluvchi va shunday ketuvchi», Jina – «muzaffar», Bxagavanya – tantana qiluvchi. Eng ko‘p
tarqalgan nomi – Budda bo‘lib, butun dinning nomi shundan boshlangan.
Buddaviylik – bu diniy amaliyot tizimi bo‘lib, Hindistonning negizida qayta tug‘ilishga
bo‘lgan ishonch tashkil etadigan qadimgi diniy-falsafiy ta’limotlari asosida yaratilgan
ta’limotdir. Buddaviylikning asosiy g‘oyasi «hayot azob-uqubatdir» va «najot yo‘li bor» degan
fikrlarda o‘z mujassamini topgan. Buddaviylikning mohiyati Budda tomonidan o‘zining birinchi
targ‘ibotida (nasihatida) ifodalangan va ta’riflangan to‘rt haqiqatda bayon qilinadi.
Birinchi haqiqat – «azob-uqubat mavjud». Har qanday tirik mavjudot muqarrar ravishda va
albatta uni boshdan kechiradi, shu sababli har qanday hayot azob-uqubatdir. Tug‘ilish – azob-
uqubat, kasallik – azob-uqubat, o‘lim – azob-uqubatdir. Noxushlikka duch kelish – azob-uqubat.
Yoqimli narsadan ayrilish – azob-uqubat. Ko‘ngil istagan narsaga ega bo‘lmaslik ham azob-
uqubatga olib boradi.
Ikkinchi haqiqat – «azob-uqubatning sabablari mavjud». Inson moddiy ashyolar va ma’naviy
qadriyatlardan foydalanar ekan, ularni haqiqatan mavjud va ular doimiy deb hisoblaydi, shu bois
boshqa narsalardan voz kechib, ularga egalik qilishni va ulardan bahra olishni istaydi. Bunday
istaklar yashash uchun kurashning uzluksiz zanjiriga olib boradi. Buddaviylikka ko‘ra, ana shu
istaklarni nodonlik kuchaytiradi va o‘z ixtiyoriga erk berishga olib keladi, bu esa karmani hosil
qiladi.
Karmani ajr qonuni yoki axloqiy sababiyat qonuni deb atash mumkin bo‘lib, unga ko‘ra, har
kim o‘tmishda nima ekkan bo‘lsa, shuni o‘radi, ya’ni qilmishlariga yarasha ajrini topadi. O‘z
vazifasi jihatidan karma bog‘liq holda yaratilish qonuniga mos keladi – har qanday yashab
o‘tgan kishiga muqarrar ravishda azob-uqubatlar tayyorlab qo‘yilgandir va hech kim ulardan
qutulib qolishga qodir emas.
Uchinchi haqiqat – «azob-uqubatni to‘xtatish mumkin». Ham yaxshi, ham yomon
istaklarning batamom barham toptirilishi nirvana holatiga mos keladi, bunda odam qayta
tug‘ilish jarayonidan chiqib ketadi.
To‘rtinchi haqiqat azob-uqubatni to‘xtatish yo‘li ham borligiga ishontiradi. Bu to‘g‘ri
anglash, to‘g‘ri niyat qilish, to‘g‘ri so‘zlash, to‘g‘ri xulq-atvorda bo‘lish, to‘g‘ri turmush
kechirish, to‘g‘ri intilish, to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, to‘g‘ri fikru xayol bilan yashashdan iborat
«olijanob sakkizlik yo‘li»dir. Ana shu yo‘ldan borgan inson shu asnoda «Budda yo‘liga» o‘tadi.
Shu yo‘ldan borishni istagan odam karma qonuni bilan boshqariladigan qayta tug‘ilishlarning
uzluksiz jarayoni mavjudligiga, uning uchun bu hayotda yagona najot – bu Budda, uning
ta’limoti (dxarma) va budda jamoasi (sangxa) ekanligiga; buddaviylikning barcha odob-axloq va
mushohada qilish qoidalariga og‘ishmay rioya etish insonni azob-uqubatlardan xalos bo‘lishga
olib kelishiga ongli ravishda yoki ko‘r-ko‘rona to‘la ishonishi kerak.
Ichki xotirjamlikka erishish va fikrni jamlash uchun meditatsiya amaliyoti xizmat qilada.
Meditatsiya amaliyoti va axloq normalariga rioya etish, Budda aqidalariga ko‘ra, e’tiborni
mavjudiyatning mohiyati haqida mushohada qilishga qaratish imkonini beradi.
Ijtimoiy dastur insonning ijtimoiy mavqei (jamiyatda tutgan holati) o‘tmishdagi va hozirgi
vaqtdagi qilmishlariga bog‘liqligi to‘g‘risidagi ta’limotga asoslangan. Buddaviylikning avval
davlat, so‘ngra esa jahon dinlaridan biriga aylanishiga, bu ta’limotning, asosan, ikkita qoidasi
yordam bergan. Birinchidan, ijtimoiy mavqe va boylik «avvalgi hayotlarida» to‘plangan
fazilatlar ko‘pligidan dalolat beradi degan fikr davlatlar hukmdorlariga o‘zlarini benuqson
odamlar deb e’lon qilish imkoniyatini bergan. Bu ularning hokimiyati cheklanmagan xususiyat
kasb etishiga olib borgan. Keyinchalik mazkur g‘oya buddaviylikning bekami-ko‘st hukmdor –
Do'stlaringiz bilan baham: |