er- to‘liqsiz fe’li
Hozirgi o‘zbek tilida e- to‘liqsiz fe’l bo‘lib, u edi, ekän, emiš, emäs, esä singari shakllarda amal qiladi. Bulardan emäs bo‘lishsiz fe’llar yasaydi, esä bog‘lovchidir.
To‘liqsiz fe’lning edi, ekän, emiš shakllari alohida qo‘llanilmaydi, lekin fe’llar bilan qo‘llanilganda harakat-holatning davomiyligini bildiradi. Otlar (ism guruhidagi so‘zlar) bilan qo‘llanilganda esa uni kesimga aylantiradi va b.
Hozirgi e- to‘liqsiz fe’li qadimgi turkiy tilda är-~er-, uning zamon, mayl shakllari esa ärdi~erdi, ärkän~erkän, ärmiš~ärmis / ermiš~ermis, ärmäz~ärmäs / ermäz~ermäs, ärsä~ersä shakllarida qo‘llanilgan.
Ma’lumki, är-~er- avval mustaqil bo‘lib, keyinchalik to‘liqsiz fe’lga aylangan. U yozma yodgorliklar tilida ikki xil ko‘rinishda uchraydi:
1) Hozirgi o‘zbek tilida bo‘lgani singari to‘liqsiz fe’l bo‘lib keladi: Türk bodun Tabğačqa körür ärti. – Turk xalqi Tabg‘achga qaram edi (Ton.1); Äki ülügi atlïğ ärti, bir ülügi yadağ ärti. – Ikki qismi otlig‘ edi, bir qismi yayov edi (Ton.4).
2) Mustaqil fe’l bo‘lib, “mavjudlik” ma’nosini bildiradi. Misollarga e’tibor bering: Näŋ näŋ sabïm ärsär, bäŋgü tašqa urtum. – Har qanday so‘zim bo‘lsa, mangu toshga yozdim (Ka.11); Anča qazğanmïs, itmis älimiz, törümiz ärti. – Shunday qozonilgan, tiklangan elimiz, hukumatimiz (bor) edi (K.12); Ol antağ osuğluğ čoğluğ yalïŋlïğ küčlüg küsünlüg elig xannïŋ uluğï xatunïnta toğmïš körgäli sewiglig, körklüg meŋizlig üč oğlanï erti. – O‘sha tadbirli-cho‘g‘li, shon-shavkatli elig xonning katta xotinidan tug‘ilgan ko‘rkli-suyukli, istarasi issiq uch o‘g‘loni bo‘lar edi (AYar.270); Et-öz ersär, beksiz meŋüsüz titir. – Et-o‘z mavjud bo‘lsa, beqaroru, o‘tkinchi turur (AYar.272).
Yodgorliklarda er- fe’li erdilär erdi, erdi ersä shakllarida ham uchraydi. Masalan, “O‘g‘uzxoqon” dostonida: Ošul oğulnuŋ öŋlügi čïrağï kök erdi, ağïzï ataš qïzïl erdi, közläri al, sačlarï, qašlarï qara erdilär erdi. – O‘sha o‘g‘ilning yuz-chiroyi ko‘rkli edi, lablari otash misol qizil edi, ko‘zlari xumor, sochlari, qoshlari qora edi (OD.1.5–7).
“Qutadg‘u bilig”da: Uδïr erdiŋ ersä, tur ač emdi köz. – Uxlayotgan ersang, tur, endi ko‘zingni och (QB.80).
Hozirgi kimsä so‘zi tarixan kishilikni bildiruvchi kim hamda “mavjudlik (сущeство)” ma’nosidagi ersä so‘zlarining birikuvidan yasalgan: kimsä. Yoki hozirgi närsä so‘zi “buyum, narsa” ma’nosidagi näŋ hamda ersä so‘zlarining birikuvidan hosil bo‘lgan: närsä. Yana qiyoslang: o‘zbek tili tarixida qo‘llangan nämärsä( so‘zi “narsa, buyum” ma’nosini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |