TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI ILMIY AXBOROTLARI
2020/2(23
)
katta ilohiy haqiqatlarni anglash yo‘lida kechinmalar kechirayotgan, ruhan poklanayotgan yoki o‘zini
anglashga harakat qilayotgan shaxsdir.
Adib dunyoqarashidagi eng xarakterli jihat G‘arb va Sharq falsafasi alal-oqibat bitta g‘oyada
birlashadi, degan xulosada namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham uning asarlarida Sharq-u G‘arb
qarashlari uyg‘unlashib, birikib ketadi. Adibning “Tun panjaralari” qissasi ham shu g‘oya bilan
sug‘orilgan. Yozuvchining “Maymun yetaklagan odam” kitobiga so‘z boshi yozgan Xurshid
Do‘stmuhammad “tun, xaroba, zulmat, tobut, o‘lik, og‘riq sifatlari umumlashib, N. Eshonqul badiiy
tafakkuri o‘q chizig‘ini tashkil etadi”, deb yozadi. Adabiyotshunos D.Xoldorov ham ayni fikrning
tasdig‘i sifatida adib uslubida rang bilan bog‘liq ramzlar muhim rol o‘ynashini, qora rang yozuvchi
asarlarining sarlavhalariga ham chiqqanini e’tirof etadi
1
.
“Tun panjaralari” qissasida aks etgan voqelik ham qora tun fonida metaforiklashtirilgan.
Filol.f.d. U.Jo‘raqulov keyingi yillar o‘zbek nasridagi metaforiklik haqida quyidagilarni yozadi:
“Bunday asarlarda yozuvchi tomonidan tanlangan biror mavzu hamda voqea bir butun istiora
tizimiga aylantiriladi. Syujet va obraz umumlashma (tipologik) mohiyat kasb etadi. Asar
kompozitsiyasi o‘rnini istiora qolipi (metaforik model) egallaydi. Natijada asar makon-zamon
qamrovi ulkanlashadi. Ma’no ko‘lami kengayadi”
2
.
Qissada yozuvchi voqelikni, aniqrog‘i “men”ning qalb kechinmalarini tun manzaralari orqali
ifoda etadi. Tun qahramonning faoliyat maydoni. Asarni shartli ravishda ikki qismga ajratish mumkin:
dastlab, qahramonning qoq tunda bitayotgan maktubi; ikkinchisi, ayni shu maktub bitish
jarayonidagi ruhiy holati.
Ayni chog‘da bu tipdagi asarlarda inson ruhiyatini turli xil badiiy detallar (nutqiy, xatti-
harakat, imo-ishora va h.k.), dialog va monologlar, kechinmalar va boshqa tasviriy vositalar orqali
aks ettirish samarali natija beradi. Insonning ichki, ya’ni botiniy olamini ko‘rsatishda, ziddiyatli
holatlarni tasvirlashda ichki monolog katta rol o‘ynaydi.
“Tun panjaralari” qissasida inson mohiyatining namoyon bo‘lishi “men”ning ongida
kechayotgan o‘y-fikrlar orqali epifaniya asosida, ya’ni muallif ishtirokisiz ochiladi. Ma’lumki, inson
ongida kechayotgan o‘y-fikrlar, xayollar betizgindir, shu boisdan, bu qissada aniq maqsadga
yo‘naltirilgan an’anaviy syujet yo‘nalishi yo‘q. Bu N.Eshonqul moderncha uslubiga xos
xususiyatlardan biri sanaladi.
Qissada ramziy ifodalar serob. Tadqiqotchi F.Radjapova mazkur qissa tahlili asosida
N.Eshonqul o‘z ijod manerasiga ko‘ra ramziylikka moyil adib ekanini ta’kidlaydi. O‘z tahlillarini: “Tun
panjaralari” qissasi ramzlar, poetik ko‘chimlar nisbatan keng qo‘llanilgan, hayotning turfa
manzaralari falsafiy-badiiy talqin etilgan asardir”
3
, degan xulosa bilan yakunlaydi.
“Men”ning fikriy faoliyati, asosan, tunda boshlanadi. Buning sababi nimada? Tun nimaning
ramzi? Qissani o‘qigan o‘quvchida haqli ravishda shunday savollar tug‘iladi.
Aslida tun – qorong‘ulik, zulmat, g‘aflat, shuningdek, sokinlik, osoyishtalik ramzi hamdir. Shu
sababdan asar qahramoni faqat sokin tundagina baxt-baxtiqarolik, poklik-tubanlik, vijdon-
vijdonsizlik, umid-tushkunlik, orzu va armon, g‘ussa va quvonch, yalqovlik va shijoat, xullas, odam
va uning taqdir bitigi to‘g‘risida o‘y suradi. Qahramon “men”i ongida kechayotgan fikriy
mushohadalar orqali yozuvchi inson ruhiy olamini, o‘ziga xosligi va murakkabligini tasvirlaydi. Inson
– murakkab bir tilsim ekanligi ushbu qissada o‘z aksini topgan.
Inson qalbi va umrining muayyan qismi hisoblangan “tun” metaforasi orqali asl mohiyat sari
qadam tashlaydi.
1
Холдоров Д. Ижод моҳияти – услуб хосияти. – Тошкент: Turon zamin ziyo, 2017. – Б. 60.
2
Жўрақулов У. Назарий поэтика масалалари: Муаллиф. Жанр. Хронотоп. – Тошкент: Ғ.Ғулом, 2015. – Б. 260.
3
Раджапова Ф. Истиқлол даври ўзбек қиссачилигида услуб ва поэтик тил: Филол. фанлари бўйича фалсафа доктори (Ph D) дисс.
автореферати – Т ., 2018. – Б. 17.
200
Do'stlaringiz bilan baham: |