Konsignatsiya usulida tovarni sotib oluvchilar hech qanday majburiyatsiz sotib oladilar, ya’ni tovarlar sotilganidan keyin puli to’lanadi, agar u sotilmay qolsa egasiga qaytarib beriladi.
Xorijiy mamlakatlarda tijorat kreditidan keng foydalaniladi. MDH mamlakatlari amaliyotida tijorat kreditidan kam foydalaniladi. Umuman jahon amaliyotida ham tijorat kreditining ochiq schot, konsignatsiya, chegirma berish usullaridan kengroq foydalaniladi.
Tijorat krediti bank kreditidan quyidagilar bilan farq qiladi:
Kreditor (qarz beruvchi) sifatida maxsus moliya – kredit tashkiloti emas, balki tovar va xizmatlarini ishlab chiqarish hamda sotish bilan shug’ullanuvchi turli tashkilotlar ishtirok etadi.
Tijorat krediti faqat tovar shaklida beriladi
Berilgan vaqt oralig’ida tijorat kreditining o’rtacha qiymati bank foizining o’rtacha stavkasidan past bo’ladi
Qarz beruvchi va qarz oluvchi o’rtasidagi shartnoma rasmiylashtirilganda tijorat krediti bo’yicha foiz stavkasi alohida aniqlanmaydi. Bunda foiz to’lovi tovar bahosiga bir yo’la qo’shilgan bo’ladi.
Tijorat kreditining salbiy tomoni bo’lib tovarlarni kreditga bergan tashkilot unga pul tushgunga qadar mablag’ga muhtoj bo’lishi, uni o’zi kreditga murojaat qilishga majbur bo’lishi mumkin. Shuning uchun ham korxonalarni tijorat kreditidan foydalanishi bank kreditidan foydalanishni inkor etmaydi.
Yuqorida ko’rsatilgan kamchiliklarni hisobga olmagan holda tijorat krediti tovarlar sotish jarayonini tezlashtirishda va korxonalarning aylanma mablag’larini xo’jalik faoliyatidan tezroq bo’shashini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Lizing va xalqaro kredit Lizing inglizcha ijara ma’nosini bildiradi. Eramizdan oldingi to’rtinchi asrda yashagan grek faylasufi Aristotel – “Boylik mulkka egalik qilishda emas, balki undan samarali foydalanishdadir”, - degan shu fikr bilan olim lizing g’oyasiga asos solgan.
Mulk tushunchasida mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqi tushunchalari mavjud. Keyingi vaqtlarda mulkdan foydalanishning yangi shakli ijara munosabatlari, keyinchalik esa uni takomillashgan maxsus turi moliyaviy ijara – lizing vujudga keldi.
Tarix ma’lumotlariga ko’ra lizing eramizdan oldingi 2000 yillarda Shumer davlatida mavjud bo’lgan, Venetsiyada rivojlangan.
Uni rivojlangan bosqichi XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning dastlabki yillariga to’g’ri keladi. Avstraliyalik olim V.Xayor 1877 yilda o’zining “Yevropada qanday qilib biznes qilish kerak” nomli kitobida “Bell” telefon kompaniyasida o’zi ishlab chiqargan telefon apparatlarini ijaraga berganligi va shu orqali katta foyda ko’rganligi to’g’risida gap yuritadi.
Bunda iste’molchilar nafaqat telefon apparatidan foydalanish huquqini, balki kelishilgan to’lovlarni bajarganlaridan keyin uning egasi bo’lish huquqini ham qo’lga kiritishgan.
Buyuk Britaniya XX asr boshlarida konchilar temir yo’l vagonlarini avval ijaraga olib keyin sotib olishgan.
Bugungi zamonaviy lizing (moliyaviy ijara) XX asrni 50 yillarida AQSH da shakllanib takomillashdi. Vositachi sifatidagi birinchi lizing kompaniyasi 1952 yilda San-Frantsisko shahrida ishbilarmon Genri Shonfeld tomonidan asoslangan “United States leazing corporation” dunyoga keldi.
AQSH dagi lizing bo’yivha shov-shuvlar Germaniya, Italiya va Fransiyada davom etdi. Jahon banki tarkibida xalqaro lizing munosabatlarini tartibga solish bo’yicha Xalqaro Moliya korporatsiyasi (XMK) ish boshladi.
Dastlabki davrda XMK 50 mamlakatning 96 lizng kompaniyalari faoliyatini moliyalashtirgan. 40 mamlakatning 120 dan ortiq lizing sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda texnik yordam ko’rsatgan hamda 25 mamlakatdagi lizing kompaniyalarining muassisi bo’lib hisoblanadi.
1995 yilda O’zbekistonda tashkil etilgan dastlabki “O’zbeklizing interneyshnl AJ” ning ta’sischilaridan biri ham XMK hisoblanadi.
O’zbekistonda birinchi xalqaro lizing operatsiyasi 1993 yilda Tashqi Iqtisodiy Faoliyat banki tomonidan “O’zbekiston havo yo’llari”ga chet el kompaniyalaridan samolyotlar xarid qilingan.
Respublikamizda lizing operatsiyalarining rivojlanishi 1999 yilni 14 aprelida qabul qilingan va 2002 yil 13 dekabrida tegishli o’zgartirishlar kiritilgan “Lizing to’g’risida”gi qonunni qabul qilishi bilan bo’g’liq.
Yuqoridagilarga asosan lizing – bu mulkiy munosabatlar majmui bo’lib bunda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa bir tarafning (lizing oluvchining) topshirig’iga binoan uchinchi taraf (mol yetkazib beruvchi) dan lizing shartnomasiga muvofiq lizing obyekti bo’lgan mulkni o’z mulki qilib sotib olib uni to’lash asosida lizing shartnomasida belgilangan shartlar bilan vaqtinchalik foydalanish va egalik qilish uchun lizing oluvchiga beradi.
Lizing munosabatlarining asosiy hujjati bo’lib shartnoma hisoblanib u qishloq xo’jaligi texnikalari bo’yicha quyidagi qismlardan iborat.
Shartnomaning mohiyati va maqsadi
Texnikani olib ketish tartibi
Texnikaning qiymati
U bo’yicha to’lovlar
To’lovlar tartibi
Texnikani yetkazib berish
Bo’nak to’lovlarini to’lash
Lizing to’lovlarini to’lash
Tomonlarning huquq va majburiyatlari
Foydalanish shartlari
Tomonlarning javobgarligi
Nizolarni hal qilish
Amal qilish muddati
Boshqa shartlar
Tomonlarning rekvizitlari
Lizing obyekti bo’lib iste’mol qilinmaydigan va qonunchilik bilan taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyatida qo’llaniladigan har qanday buyumlar, barcha mulk majmualari, shu jumladan yer uchastkalari va boshqa tabiat obyektlari, binolar, inshoatlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa ko’char va ko’chmas mulklar hisoblanadi.
Moliyaviy lizingning mohiyati mulk qiymatini bo’lib-bo’lib to’lash asosida sotib olishni ifodalaydi va tovar krediti shakliga ega bo’ladi. Bunga lizing muddati davomida lizing beruvchining barcha xarajatlarini to’liq qoplashga yetarli bo’lgan va unga foyda keltirishni ta’minlaydigan lizing to’lovlari yig’indisini ko’zda tutiladi.
Lizing to’lovi lizing obyekti qiymatini, mulkni sug’urtalash xarajatlarini va kredit uchun lizing (foiz) stavkasini o’z ichiga olgan summani tashkil etadi.
Respublikamiz qishloq xo’jaligida lizing munosabatlarining rivojlanishida 1999 yil 30 oktyabrda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Qishloq xo’jalikmashlizing aksiyadorlik lizing kompaniyasini tashkil etish to’g’risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 2 noyabrdagi “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo’jalik texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorlari va O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2002 yil 28 avgustdagi “Lizing tizimi taraqqiyotini yanada rivojlantirish choralari to’g’risida”gi farmoni muhim ahamiyatga ega.
Ushbu farmonga ko’ra iqtisodiyot tarmoqlari, ayniqsa kichik va o’rta biznes subyektlarini zamonaviy texnologik uskunalar bilan ta’minlash maqsadida 2002 yilning 1 sentabridan boshlab:
1. Lizing to’lovlari qo’shilgan qiymat solig’idan ozod etilgan. Chetdan lizinga berish uchun respublika hududida keltiriladigan texnologik uskunalar bojxona to’lovi va qo’shilgan qiymat solig’idan ozod etilgan.
2. Lizing oluvchi – xo’jalik subyektlari lizinga berilgan mulk bo’yicha lizing shartnomasi davrida mulk solig’idan ozod etiladi. Lizinga beruvchining yalpi daromadidan lizinga berish uchun olingan mulk bo’yicha, kredit to’lovi bo’yicha foizlar va boshqa to’lovlar chiqariladi.
Umuman yuqoridagi farmon va qarorlar lizingdan foydalanuvchilarni tegishli mulkka ega bo’lish bo’yicha katta imkoniyat va imtiyozlarni beradi. Buni keyingi yillarda lizing muomilalarini yanada rivojlanib borayotgani ham isbotlaydi.
Jumladan, 2013 yilda lizing muomilalarini mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi salmog’i 0.7 foizni tashkil etgan bo’lsa uni salmog’i 2016 yilga 4.88 foizni tashkil etgan.
2013 yilda lizing muomilalarida lizing kompaniyalarining salmo’gi 71 foizni (2016 yilda 64.8 foiz), banklarni salmog’i 29 foizga (2016 yilda 35.2 foiz)ga teng. Lizing kompaniyalari ichida “Qishloq xo’jalikmashlizing kompaniya”sining banklar ichida yuqori salmoqga Ipoteka bank, Asaka bank, Qishloq Qurilish bank, Mikrokredit bank, Sanoat-Qurilish bank va boshqalar ega.
Lizingga bo’lgan talablar ichida qishloq xo’jalik texnikasi, avtotransport, ko’chmas mulk, texnologik uskunalarning salmog’i yuqori.
Xalqaro munosabatlarning ma’lum qismi xalqaro kredit munosabatlariga to’g’ri keladi. Jumladan, 2016 yilga mamlakatimizda amalga oshirilgan investitsiyalar hajmida (16.6 mlrd. AQSH dollari) chet el investitsiyalarining miqdori 3.7 mlrd. AQSH dollarini yoki umumiy investitsiyalarning 21.9 foizini tashkil etgan.
Bu bo’yicha mavzuning 1 – savolida ta’kidlanganidek Respublikamiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev – “Biz avvalo chetdan kredit va sarmoyalar olib kelish bo’yicha samarali tizim yaratishimiz, har bir kreditni aniq ishlatishni o’rganishimiz lozim. Bu masalada yetti o’lchab, bir marta kesadigan, oqibatini puxta o’ylab ish olib boradigan davr keldi” – deb xalqaro kredit munosabatlariga yuqori baho berdi. Jahon amaliyotida xalqaro kredit XIV-XV asrlarda xalqaro savdo munosabatlarida paydo bo’lgan.
Xalqaro kredit quyidagi xususiyatlarga ega:
Qarz oluvchi va qarz beruvchi sifatida davlat, tashkilot va muassasalar, huquqiy shaxslar (banklar, kompaniyalar), xalqaro valyuta kredit tashkilotlari qatnashadi.
Qarzga olingan mablag’lar qarz oluvchi mamlakat tomonidan daromad keltiruvchi kapital sifatida ishlatiladi.
Qarz beruvchi mamlakatga to’lanadigan kredit foizining manbasi qarz oluvchi mamlakat aholisi tomonidan yaratilgan milliy daromad hisoblanadi.
Xalqaro kredit davlat va xalqaro institutlar ishtirok etgan munosabatlarda pul (valyuta) shaklida, tashqi savdo faoliyatida esa tovar shaklida bo’lishi mumkin.
Xalqaro kredit xalqaro iqtisodiy munosabatlar doirasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Mamlakatlar o’rtasida kapitalning qayta taqsimlanishi ta’minlaydi.
Kapitalning markazlashuviga sharoit yaratadi va bu jarayonni tezlashtiradi.
Har xil valyutalarda xalqaro hisob-kitoblarni olib borishda muomila xarajatlarini qisqartiradi.
Xalqaro kredit quyidagi belgilari bo’yicha guruhlanadi:
1. Xarakteriga ko’ra: davlatlararo, xususiy, firma kreditlari
2. Shakliga ko’ra: davlat, bank, tijorat
3. Ko’rinishiga ko’ra: tovar shaklida (eksporterdan importerga), valyuta (bankdan) shaklida.
4. Valyuta turiga ko’ra: qarzdor mamlakat valyutasida, kreditor mamlakat valyutasida, uchinchi mamlakat valyutasida va ma’lum hisob birliklarida (EKYU, SDR, YEVRO va boshqalar).
5. Muddatiga ko’ra: qisqa– 1 yilgacha, o’rta – 1-5 yilgacha va uzoq muddatli – 5 yildan ortiq.
6. Ta’minlanganligiga ko’ra: ta’minlangan (Tovar-moddiy qiymatliklar bilan ko’chmas mulk va boshqalar), hujjatlar bilan (tovar hujjatlari, veksel va boshqa qimmatli qog’ozlar bilan).
7. Tashqi savdodagi o’rni bo’yicha: eksportni kreditlash, importni kreditlash.