FIZIKAVIY TEKSHIRISH USULLARI
Bemor subyektiv tekshirilgandan, ya'ni shikoyatlari, kasallikning rivojlanish tarixi, hayot tarixi aniqlagandan keyin obyektiv tekshirish usuliga o'tiladi (STATUS. PRAESENS).
Ular asosiy klinik tekshirish usullari bo'lib, bemorni umumiy ko'zdan kechirish, paypaslash, tukillatish (perkussiya), auskultatsiya (eshitish) hamda qo'shimcha asbobiy va laborator tekshiruvlardan iborat. Obyektiv tekshirishning birinchi usuli - bemorni ko'zdan kechirish (ko'rish) hisoblanadi. Odatda ko'zdan kechirish so'rab-surishtirish bilan bir vaqtda boshlanadi. Masalan: Ambulatoriya sharoitida bemor vrach qabulxonasiga kirib kelishidan boshlab ko'zdan kechirish boshlanadi (yurishi, yuz ko'rinishi va h.k.). Ko'zdan kechirish anamnez yig'ish davrida ham davom etadi. Shuni ham aytish kerakki, shifokordagi bemorni birinchi marta ko'rishda hosil bo'lgan taassurot muhim ahamiyatga ega. Masalan: Bemorning qadam tashlashi, gavda bichimi, mimikasi, o'zini tutishi, imo ishorasi va h.k. Ko'zdan kechirish eng qadimgi tekshirish usullaridan bo'lib, oddiy va tabiiy aniqlikka ega. Ko'zdan kechirishni doimo mashq qilib turish kerak, shundagina u kasallikni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko'zdan-kechirishni diqqat bilan, vaqtni ayamasdan bajarish kerak. Ilgari mashhur klinitsistlar ko'zdan kechirishni asosiy usul sifatida qo'llaganlar. Shifokor juda ziyrak bo'lishi kerak. Bemorni ko'rishda kichik belgiga ham ahamiyat berish kerak. Ko'zdan kechirishni aniq, batafsil o'tkazish uchun ma'lum shart-sharoitlarga rioya qilinishi lozim:
1. Ko'zdan kechirish iloji boricha kunduzgi tabiiy yorug'likda o'tkazilishi kerak. Bemorni to'g'ridan va yon tomondan ko'rish tavsiya etiladi. To'g'ridan ko'rganda tananing shakli, teri rangi, toshmalar va h.k, yondan ko'rganda esa ichki a'zolarning tebranishi aniqlanadi.
2. Ko'rish o'tkazilayotgan xona yetarli darajada iliq bo'lishi kerak, chunki past va yuqori haroratda terida ma'lum O'zgarishlar paydo bo'ladi (oqarish, qizarish, terlash, ko'karish va h.k.).
Bemorni ko'zdan kechirishda bo'y-basti, bichimi, ovqatlanishi, umumiy holati, vaziyati es-hushi to'g'risida ma'lum fikrga kelinadi. Bemorning umumiy holati qoniqarli, o'rtacha og'irlikda. og'ir, o'ta og'ir, agonal (o'lim talvasasida) bo'lishi mumkin.
Es-hushining noaniqligidagi buzilishning bir necha darajasi farq qilinadi:
Es-xushi qorong'ilashgan, bemor o'ziga befarq, savolga kechikib javob qaytaradi, lekin to'g'ri aql-idrok bilan.
Bemorning serrayib qotib qolishi - stupor. Chuqur uyquga ketgandek, lekin uni bu holatdan chiqarish mumkin - u holda savollarga idroksiz, noto'g'ri javob qaytarishi va yana uyquga ketishi mumkin.
3) Butunlay uquvsiz holat - sopor, savollarga javob bermaydi, lekin sezuvchanlik va reflekslar saqlanib qoladi.
4) Koma - chuqur uyquga ketadi, es-hushi, sezishi va harakat reflekslari yo'qoladi.
Koma ko'p kasalliklarda uchrashi mumkin. Masalan: qandli diabet, anemiya, uremiya, jigar kasalliklari, bosh miya kasalliklarida, har xil zaharlanishlarda va h.k. Koma holatidagi bemorga tezlik bilan intensiv yordam ko'rsatish kerak.
Bemorda qo'zg'aluvchanlik oshganligi holatini ham uchratish mumkin. Masalan: alahsirash, gallyutsinatsiya (yo'q narsalarning ko'zga bor bo'lib ko'rinishi), ruhiy hayajon va h.k.
Ko'zdan kechirish bemorning ruhiy qiyofasini ma'lum darajada aniqlashga imkon beradi (tushkunlikka tushish, hayajonlanish, qo'rqinch, apatiya, va h.k.).
Bemorning vaziyati aktiv (faol), sust (passiv) va noiloj (majburiy) bo'lishi mumkin.
Passiv vaziyat kasalning og'irligidan dalolat beradi. Noilojlik vaziyati ko'pincha og'riq va harsillash (havo yetishmaslik) natijasida kelib chiqadi. Bunday vaziyatga juda ko'p kasalliklar olib kelishi mumkin.
Bemorning qaddi-qomati to'g'ri va qiyshiq bo'lishi mumkin. Tananing qiyshiq bo'lishi umurtka pog'onasining, qovurg'alarning, oyoq-qo'llarning deformatsiyasiga bog'liq bo'ladi.
Ko'zdan kechirishda bemor konstitutsiyasini aniqlash ham ma'lum ahamiyatga ega. Konstitutsiya – funksional va morfologik belgilar yig'indisi bo'lib, tug'ma yoki orttirilgan tabiatga ega. Odam konstitutsiyasi bo'yicha M.V. Chernorutskiy tomonidan taklif qilingan tasnif qabul qilingan. Unga ko'ra uch xil konstitutsiya tipi farq qilinadi: Normostenik, astenik va giperstenik. Konstitutsiyani bilish ichki kasalliklar aniqlanishida yordam beradi. Masalan: gipersteniklarda modda almashinuvi pasaygan bo'lib, ko'pincha ularda semirish, o't-tosh, buyrak-tosh, gipertoniya, ateroskleroz kasalliklari rivojlanadi. Asteniklarda esa modda almashinuvi kuchaygan bo'lib, ularda ko'pincha o'pka kasalliklari, ichki a'zolar tushishi (splanxptoz) kuzatiladi. Lekin kasalliklar ma'lum noqulay tashki omil tasirida rivojlanadi.
Shuning uchun reja asosida sog'lomlashtirish-profilaktika chora-tadbirlarini ko'rish. katta axamiyatga ega (mehnatni, dam olishni, ovqatlanishni to'g'ri tashkil qilish, badan tarbiya va sport bilan shug'ullanish va h.k.)
Bemorning semizligi yoki ozginligini, teri osti yog' qatlami rivojlanishi ko'zdan kechirilib va paypaslash orqali aniqlanadi. Teri osti yog' qavati qorin sohasida, qovurg'a pastida me'yorda taxminan 2sm ga teng.
Terini ko'zdan kechirish katta diagnostik ahamiyatga ega. Unda rangli toshmalar bo'lishi, qon quyilishi, yaralar, chandiqlar, soch qoplamasining buzilishi hamda tirnoqlar patologiyasiga ahamiyat beriladi. Bundan tashqari, paypaslash orqali terining kurukligi, namligi, cho'ziluvchanlik darajalarini aniqlanadi. Uning rangi pigment miqdoriga, qalinligiga va qon bilan to'lishiga bog'liq. Teri rangining quyidagi o'zgarishlari farq qilinadi: oqarishi (bo'zarishi), qizarishi, ko'karishi, sarg'ayishi, yer rangida bo'lishi.
Terining oqarishi vaqtinchalik funksional (kuchli og'riq, hayajon, qo'rqish va x.k.tufayli) yoki doimiy bo'lishi mumkin (kamqonlik, buyrak kasalligi, aorta nuqsoni va h.k.tufayli).
Qizarish ham fiziologik (uyalganda, g'azablanganda, tashqi harorat ta'sirida) va patologik (Vakez kasalligi, gipertoniya, is gazi bilan, atropin, amilnitrit, afyun zaharlanishlar va h.k.da) bo'ladi.
Ko'karish doimo patologik holat bo'lib, u gaz almashinuvi buzilishi bilan kechadigan o'pka kasalliklarida, yurak-qon tomirlari kasalliklarida (qonning dimlanishi hisobiga), zaharlashanda vujudga keladi. Ko'karish ko'pincha do'ng joylar (burun uchi, quloq suprasi, labda) periferiya (barmoqlarda, tirnoqlar)da (akrotsianoz) ko'rinadi. Sarg'ayish har xil tusda ko'rinishi mumkin: och sariqlikdan (subikterik), to to'q sariqlikkacha. Sariqlik ko'p davom etganda yashilroq tusga kiradi. Sariqlik ko'zning oqida va tanglayning shilliq qavatida kuchliroq namoyon bo'ladi. Qonda karotin pigmenti ko'payib ketganda (tomat, sabzi ko'p istemol qiliiganda) yoki ayrim dorilarni ichganda qo'l kafti, oyoq panjalari, teri sarg'ayib ketadi. U haqikiy sariqlikdan farq qilib, unda ko'zning oq qavati va tanglayning shilliq qavati sargaymaydi, buyrak usti bezi yetishmovchiligi terida bronza rangiga o'xshash doglar paydo bo'lishi tarzida yuzaga chiqadi, pigment kamayishi yoki yo'qolishk natijasida terida oq dog'lar (pes) paydo bo'ladi. Ular har xil kattalikka ega va ko'pincha simmetrik bo'lib, organizmda hyech qanday funksional buzilishlarga olib kelmaydi.
Toshmaning asosiy elementlari bo'lib sariq dog' (makula), tuguncha (papula), pufakcha (vesikula), qavariq (urtika), eritema (erythem), qon quyilishi (petechia) va h.k. hisoblanadi. Qator yuqumli kasalliklar (kizamiq, qizilcha, suvchechak, ichterlama va h k.) toshma bilan kechadi. Ichki kasalliklarda uchuq toshishi (krupoz pnevmoniya, gripp), allergiyalarda har xil toshmalar bo'lishi mumkin. Teridagi chandiqlar (chechakdan keyingi chandiq, zaxmdagi chandiq, Itsengo - Kushing sindromidagi chandiqlar, operatsiyadan keyingi chandiqlar va h.k.) ham ma'lum diagnostik ahamiyatga ega. Terining quruqligi yoki namligiga ham e'tibor beriladi. Terining quruqligi (organizm suvsizlanganda, ichburug'da, qusishda, miksedemada, qandli diabetda, surunkali nefritda) kuzatiladi. Teri namligining ortishi va terlash isitma bilan kechadigan yuqumli kasalliklarga (gripp, qora oqsoq kasalligi, sil, sepsis) hamda revmatizm, Bazedov kasalligiga ko'proq xos bo'ladi.
Sochni ko'zdan kechirishda uning o'sishiga, tabiatiga, holatiga ahamiyat beramiz. U ichki sekretsiya bezlari kasalliklari diagnostikasida asosiy belgilardan biri bo'lib hisoblanadi.
Barmoqlarning va tirnoqlarning o'ziga xos o'zgarishi (nog'ora cho'pisimon barmoq, soat oynasisimon tirnoq) uzoq davom etgan yiringli kasalliklarda kuzatiladi. Bundan tashqari, ko'rishda shishlarga ahamiyat beramiz, ular mahalliy yoki butun tana bo'ylab (anasarka) tarqalgan bo'lishi mumkin. Shishlar paydo bo'lganda to'qima va a'zolarning hajmlari kattalashadi, ularning tashqi ko'rinishi o'zgaradi, Limfa tugunlarini ko'zdan kechirishda ularning katgalashganligini ko'rishimiz mumkin.
PAYPASLASH (PALPATIO) - PALPATSIYA
Paypaslash fizikaviy klinik tekshirish usullaridan biri bo'lib, u qo'limiz terisining va tekshiriluvchi a'zoning sezuvchanlignga asoslangan. Paypaslash tarixi Gippokrat (Buqrot) davriga borib takaladi. Paypaslashni Buqrot asarlarida uchratishimiz mumkin. Lekin u vaqtda faqat yuzaki a'zolar (teri, suyak, bo'g'im, o'smalar) o'rganilgan hamda tomir urishi (puls) paypaslangan. Boshka fiziologik va funksional o'zgarishlarni paypaslash XIX asrdan o'rganila boshlandi. Masalan: tovush titrashi va yurak uchi turtkisi R.Laennek, P.Piorri va I.Shkoda tomonidan o'rganilgan va klinik usulga kiritilgan. XIX asrning oxirlarida esa qorin bo'shlig'i a'zolarini sistematik paypaslash yuzaga keldi (S. P. Botkin, F.Glenar, V.P.Obrazsov va N.D.Strajesko). Paypaslash klinik qiymatga ega bo'lishi uchun yaxshi yo'lga qo'yilgan umumiy paypaslash usuli va har bir a'zoning paypaslash usuli bo'lishi kerak.
Tanani ayrim sohalar bo'yicha ko'rgan vaqtimizda, Dastavval, boshga ahamiyat beramiz. Ayrim kasalliklarda bosh Haddan tashqari katta (makrotsefaliya yoki gidrotsefaliya) va kichik (mikrotsefaliya) bo'lishi mumkin. Parkinson kasalligida bosh oldinga va orqaga chaykaladi. Aorta nuqsonida boshda Myusse -simptomi kuzatiladi.
«Yuz ko'rinishi dil oynasi». ya'ni yuz ko'rinishi bemorning ichki his-tuyg'ularini, kechinmshtarini aks ettiradi. (Yuz - Facies - lotin so'zi bo'lib, fare - so'zlamoq ma'nosini rildiradi). Patologik jarayonga sababchi bo'lgan belgilar, ko'pincha bemorlarning yuzida ifodalanadi. Yuz ko'rinishidan kasallikni aniqlab olishimiz mumkin bo'lgan rang-barang belgilarni kuzatishimiz mumkin, Masalan: «istimali yuz» «fasies febrica» qurib qolgan va yorilgan lablar terisining qizarishi hamda yuzning hayajonlangan holati ko'rinishi bilan ifodalanadi, «pnevmonik yuz» (o'pkaning krupoz yallig'lanishi), yuzning bir tomonlama qizarishi, burun va lablar atrofida uchuq toshishi, burun qanotlari nafas olishda kengayishi bilan kuzatiladi. Buyrak kasalligida (glomerulonefrit) yuz oqargan, ko'zning pastki va ustki qovoqlari shishgan (fasies nefritica) holatda bo'ladi. Yurakning ikki tavaqali klapani nuqsonida (dekompensatsiya davrida) yanoqlar ko'kimtir-qizg'ish, burun uchi va lablar ko'kimtir tusli bo'lib, xuddi kapalak qanotlarini eslatadi. Bazedov yuzi (fasies Basedovica)da yuz mimik harakatlari tezlashgan, ko'zlar chakchaygan, yaltiroq, yuz qo'rqqan ko'rinish holatida bo'ladi. Miksedema kasalligida yuz shishganrok, oqargan, terisi dag'al, ko'zlar qisilgan, yuz ko'rinishi ma'nosiz, befarq qarash holatida bo'ladi. Akromegaliya kasalligida burun, lablar, qosh usti qovog'i kattalashadi, tish oralig'i kengayadi, pastki jag' oldinga bo'rtib chiqadi. Itsengo-Kushing sindromida yuz oysimon ko'rinishda bo'lib, terisi rangi to'q-qizil, ayollarda soqol-mo'ylov o'sib chiqadi. Gippokrat yuzi - ko'zlar ichiga botgan, burun qirrasi o'tkirlashgan, teri rangi ko'kimtir - oq tusda, peshonasi sovuq ter tomchilari bilan qoplangan bo'lib, bu peritonitda, ya'ni qorin pardasining tarkalgan yallig'lanishida kuzatiladi va yomon belgi hisoblanadi.
Insult o'tkazgan bemorlarda nossimetrik yuz kuzatiladi. Ko'zlarda bir qancha sinamalar bajarishimiz mumkin. Masalan, Bazedov kasalligida Grefe, Shtelvag, Mebius, Gerner va boshqalar. Zaharlanishlarda, ko'z qovoqlari shishganligi, qovoqlar tushishi (ptoz), koma xolatida ko'z qorachigining kengayishi (midrias) yoki (myosis) kuzatiladi. Burun shaklining «o'pirilgan egarsimon» yangi zahm kasalligida, kattalashishi okromegaliyada ko'zga tashlanadi.
Batologik holatlarda lab oqarishi, ko'karishi, quruqligi, yorilishi, og'iz burchaklari bichilishi aniqlanadi. Og'izning ochiq turishi burun orqali nafas olish qiyinlashganligidan dalolat beradi. Og'iz shilliq qavati, milk qonashini, kulrang dog'larni, yallig'langan va kattalashgan bodom bezlarini aniqlashimiz mumkin. Tish va tildagi o'zgarishlarga ham ahamiyat berishimiz kerak. Bo'yin sohasini ko'rganda qalqonsimon bezning kattalashganligiga, arterial qon tomir tebranishiga, bo'yinturuq venasini bo'rtib chiqqanligiga ahamiyat berishimiz kerak.
Bemorning nafasidan yoki terisidan tarqalayotgan hidlar ham ma'lum diagnostik qimmatga ega. Masalan, zaharlanishda alkogol hidi, sirka essensiyasi, nasha va boshqalar yoki uremik, diabetik va jigar komalarida siydikchil, atseton yoki chirigan olma hidi aniqlanadi.
Kasallikka tashxis qo'yish uchun paypaslash usuli juda keng qo'llaniladi. Lekin u ma'lum reja asosida olib borilishi kerak, aks holda noaniq natijalar berishi mumkin.
Paypaslash nafas sistemasi, yurak-kon tomirlari kasalliklarida ahamiyatga ega. Lekin u qorin bo'shlig'i a'zolari patalogiyasida juda katta rol o'ynaydi. Paypaslash usullari bo'limlarning tegishli joylarida keltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |