Chigirtkalar. Chigirtkalar to’g’riqanotlilar (Orthoptera) turkumiga, chigirtka (Acrididae) oilasiga mansub bo’lib, turlari ko’p. O’rta Osiyoda zararli chigirtkalarning turi 200 dan oshadi. Ammo ekinlarga, jumladan g’alla va g’o’zaga to’shib xavf tug’diradigan turlari ko’p emas. Ular o’zlashtirilayotgan qo’riq yerlarda eng ko’p xavf tug’diradi, ularning inlari ham shunday yerlarda bo’ladi. O’zbekistonda chigirtkalarga qarshi yuqori samarali insektisidlar va samarali usullar ishlatilganidan keyin, chigirtkalarning asosiy manbalari kuchsizlantirilgan. Lekin bu hasharotlarning asosiy uyalari himoya o’tkazish uchun nobop qir va tog’oldi yerlarida hamda daryo va ko’l qirg’oqlarida bo’lgani uchun, chigirtkalarni uzil-kesil yo’qotish imkoniyati bo’lmaydi, zararkunanda uyalari saqlanib qoladi. Shuning uchun ham O’zbekistonda: oddiy yillari – 50-200 ming gektar yerga, kuchli rivojlangan yillari esa – 500 ming – 1 mln gektargacha yerga himoya ishlovlari beriladi.Zararkunanda manbalarini o’z vaqtida yo’qotishga qaratilgan tadbirlar tufayli, hozirgi vaqtda har xil ekinlar, jumladan g’o’za va donli ekinlarning hosili nobud bo’lishi juda kamaytirib yuborildi. Shunga qaramay ba’zi yillarda chigirtkalarning ayrim turlari dehqonchilikka putur yetkazishi mumkin. Chigirtkaga qarshi kurashda kimyoviy dorilash usulining yolg’iz o’zi kifoya qilmaydi. Chigirtkalarni urchishi, oziqlanishi, tuxum ko’zachalarini qo’yishi uchun qulay kelmaydigan sharoitlar yaratishga qaratilgan agrotexnika va meliorasiya tadbirlari ham amalga oshirilishi lozim.
Chertmakchilar.Bu hasharotlar qo’ng’izlar (Coleoptera) tukumining, chertmakchilar (Elateridae) oilasiga mansub. Dunyoda chertmakchi qo’ng’izlarning 500 dan ortiq turlari ma’lum. Shulardan O’zbekistonda 16 turi uchraydi. Ulardan: Turkiston chertmakchisi – Agriotes meticulosus Cond. va burtdor qo’ng’izsimon chertmakchi – Clon cerambycinus Sem. ko’proq o’rganilgan.Chertmakchilar dunyoda keng tarqalgan hasharotlardir. Misol uchun, Turkiston chertmakchisini O’rta Osiyodan tashqari Zakavkazye, Eron, Afg’oniston, Mongoliya va Xitoyda uchratish mumkin. Rossiyaning shimoliy tumanlarida qoramtir chertmakchi – Agriotes obscurus L. qora chertmakchi – Athous niger L. ekin chertmakchisi – Agriotes sputatar L., keng chertmakchi – Selatosomus latus F. va cho’l chertmakchisi – Agriotes gurgistanus Fald. keng tarqalgan.
Kurash choralari. Chertmakchi qurtlarga qarshi kurashish uchun ayniqsa og’ir mexanik tarkibga ega bo’lgan soz tuproqli yerlarga organik va mineral o’g’it solib, albatta kuzgi shudgor o’tkazish. Bunda, birinchidan chertmakchilarning tuxum va qurti ko’plab mexanik ravishda va yirtqich jujelisalar yordamida qirilib ketsa, ikkinchidan, lichinkalarni yumshoq yerda harakat qilishi qiyinlashadi, uchinchidan, baquvvat rivojlangan o’simlikni shikastga bardoshliligi oshadi. Chigit va sabzavot urug’ini ekishdan oldin gaucho, gaucho-M, dalucho, avalanche kabi mahsus insektisidlar bilan qabul qilingan tavsiyanomalar asosida upalash. Tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, ildiz kemiruvchi barcha zararkunandalarga qar-shi (shu jumladan simqurtlar) piretroid gruppaga oid insektisidlar (simbush, kinmiks, desis, fastak, karate) istiqbolli bo’lib hisoblanadi. Buning uchun kichik ekin maydonlarida, ushbu dorilar eritmalarini ko’chat ostiga quyib chiqish (100-200 ml) kifoya bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |