KIRISH Mavzuning dolzarbligi va zaruriyati. Jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlaridagi beqarorlikni oldini olish, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ta’sirini kamaytirishda boshqaruv hisobi, hisoboti va budjetlashtirish tizimini shakllantirish jarayonlarining samarali tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro amaliyot tahliliga ko‘ra, Yevropaning rivojlangan davlatlarida buxgalterning funktsiyasiga nafaqat hisob yuritish, balki segmentlar bo‘yicha daromad va xarajatlar smetasini tuzish, kalkulyatsiyalash, istiqbolni bashorat qilish kabi vazifalar ham yuklatilib, xalqaro tajribada firma va kompaniyalar buxgalteriya hisobi sohasidagi ish vaqtining 90 foizini boshqaruv hisobini tashkil etish va yuritishga sarflaydilar. Boshqaruv hisobida budjetlashtirish bilan eng yuqori malakali mutaxassislar shug‘ullanishi talab etiladi. Buyuk Britaniyaning boshqaruv hisobi bo‘yicha Qirollik universiteti (CIMA) ma’lumotlariga ko‘ra, «Budjetlashtirish iqtisodiy boshqaruvning keng tarqalgan vositasi va texnologiyasi hisoblanib, uning qo‘llanish doirasi 80 % dan ortiqni tashkil qiladi»1.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda buxgalteriya hisobi, xususan, boshqaruv hisobi sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buxgalteriya hisobining normativ-huquqiy bazasi mustahkamlandi, jumladan, «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri va boshqa hujjatlar qabul qilindi. Bu mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsion jozibadorlikni oshirish va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda mablag‘lardan samarali foydalanishda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda respublikamizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»ga muvofiq barcha tarmoq va sohalarda tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Jumladan, bu o‘zgarishlar agrar sohada faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklariga ham bevosita daxldor hisoblanadi. Shu bois, agrar sektorda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida fermer xo‘jaliklarida boshqaruv hisobi, hisoboti va budjetlashtirish tizimini shakllantirishdagi muammolar bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni taqozo qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevraldagi ПҚ-4611-sonli “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o’tish bo’yicha qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risida”gi Qarori, 2017 yil 7 fevraldagi
PF-4947-son «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi, 2019 yil 23 oktyabrdagi PF-5853-sonli «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» va 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmonlari, 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-son «O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori va mazkur sohaga tegishli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur magistrlik dissertatsiyasi tadqiqoti muayyan darajada xizmat qiladi.
Dastlab zarar ko’rib ishlaydigan, rentabelligi past va istiqbolsiz shirkat xo’jaliklarini tugatish negizida tashkil etilgan xususiy fermer xo’jaliklari bugungu kunda haqli ravishda qishloqda etakchi bo’g’inga-qishloq xo’jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi asosiy kuchga aylandi.
Hozirgi vaqtda fermer xo’jaliklari qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning eng samarali shakli ekanini hayotning o’zi tasdiqlab bermoqda. Yurtimizda fermer xo’jaliklarini moddiy-texnik ta’minlash va moliyalash bo’yicha bozor iqtisodiyoti tamoyillariga to’la javob beradigan ishonchli tizim va mexanizmlar shakllantirildi va muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatmoqda.
Har yili fermer xo’jaliklarini qo’llab-quvvatlash uchun katta miqdorda moddiy resurs va mablag’lar ajratilmoqda. Faqat o’tgan 2020 yilning o’zida qishloq xo’jalik mahsulotlarining eng muhim turlarini etishtirish uchun 575 mlrd 325 mln so’m, jumladan, paxta tayyorlashga 466 mlrd 696 mln so’m g’alla tayyorlashga 110 mlrd 629 mln so’m mablag’ avans tariqasida berildi. 2021 yilda ushbu maqsadlar uchun 968,7 mlrd so’m yo’naltirildi.
Davlatimiz tomonidan ko’rsatilayotgan ana shunday e’tibor va amaliy yordam tufayli 2020 yilda fermer xo’jaliklarining paxta etishtirishdagi ulushi
99,1 foizni, g’alla tayyorlashda esa 99,2 foizni tashkil qildi.