2. PUL OQIMLARINIG TAHLILI
2.1. Pul oqimlari tahlilining maqsadi, vazifalari va axborot manbalari
9-sonli “Pul oqimi to‘g‘risidagi hisobot” nomli buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS)ga muvofiq pul mablag‘lari – bu kassadagi naqd pul va talab qilib olinadigan depozitlar, shuningdek, bankning hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlaridagi mablag‘lardir.
Bozor munosabatlari sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning asosiy muammolaridan biri bu zarur miqdordagi pul mablag‘lariga ega emasligi va pul oqimlarini tahlil qilib o‘rganmasligi hamda boshqara olmasligidir. Buning natijasida xo‘jalik yurituvchi subyekt sotib olingan mahsulot (ish, xizmat)lar uchun ularni yetkazib beruvchilar (xizmat ko‘rsatuvchilar) bilan, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha davlat budjeti bilan, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha xodimlar bilan va boshqa hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshira olmaydi. Bularning barchasi kreditorlik qarzlarining ko‘payishiga, penyalar hisoblanishi va turli moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga olib keladi. Bu esa, xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvoli yomonlashishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy holati ko‘p jihatdan pul mablag‘larining mavjudligi va ularning harakatiga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois, xo‘jalik yurituvchi subyektlar pul mablag‘lari manbalarini izlab topishi, mablag‘lardan samarali foydalanishi, pul mablag‘lari harakatini kuzatib borishi va umuman ularning harakatini to‘g‘ri boshqarishlari uchun pul oqimlarini tahlil qilib o‘rganishlari lozim.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt pul mablag‘lari harakatiga to‘g‘ri, aniq va xolisona baho berish orqali uning sof pul oqimlarida ijobiy saldoni ko‘paytirish imkoniyatlarini aniqlash asosida moliyaviy holatini yaxshilash pul oqimlari tahlilining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Ushbu maqsaddan kelib chiqqan holda pul oqimlari tahlilining asosiy vazifalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
– xo‘jalik subyektining pul mablag‘larining harakatiga to‘g‘ri, aniq va xolisona baho berish;
– operatsion faoliyatdagi pul mablag‘larining harakatiga baho berish;
– xo‘jalik yurituvchi subyektning investitsiya, moliyaviy va soliqqa tortish faoliyatlari bo‘yicha pul mablag‘larining sof kirimini va chiqimini aniqlash hamda baho berish;
– pul mablag‘lari kirimi bo‘yicha manbalarini, chiqimi bo‘yicha harakatlarining tarkibini chuqur o‘rganish;
– xo‘jalik yurituvchi subyektning valyuta mablag‘lari harakatini o‘rganish va unga ta’sir etuvchi omillarga baho berish;
– xo‘jalik subyektini sof pul oqimlarida ijobiy saldoni ko‘paytirish imkoniyatlarini aniqlash.
Pul oqimlari tahlilining asosiy axborot manbalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
– “Buxgalteriya balansi” ma’lumotlari;
– “Pul oqimi to‘g‘risidagi hisobot” ma’lumotlari;
– pul mablag‘larini hisobga oluvchi tegishli schyot ma’lumotlari.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliyaviy-xo‘jalik faoliyati samaradorligi va moliyaviy holatining barqarorligi ko‘p jihatdan real pul aylanmasiga bog‘liq. Shu sababli, har bir xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbariyati pul mablag‘lari oqimini bilish uchun asosiy axborot manbai hisoblangan “Pul oqimi to‘g‘risidagi hisobot”da keltirilgan ma’lumotlarni o‘qiy olishi, pul tushadigan manbalarni belgilay olishi hamda ulardan samarali foydalanish tartibini bilishi lozim.
«Pul oqimlari to‘g‘risida hisobot»da korxona moliyaviy resurslaridagi barcha o‘zgarishlar pul mablag‘lari nuqtayi-nazaridan aks ettiriladi:
• xo‘jalik faoliyatida olingan pullar harakati;
• olingan hamda to‘langan foizlar va dividendlar;
• to‘langan soliqlar;
• olingan va qo‘yilgan investitsiyalar;
• aksiyalar va zayomlar, shuningdek, ijara majburiyatlari bo‘yicha tushumlar va to‘lovlar.
Kundalik xo‘jalik faoliyati jarayonida sodir bo‘lgan pul mablag‘- laridagi barcha o‘zgarishlar shunday tartibda aks ettiriladiki, u pul mablag‘lari qoldig‘i bilan ularga ekvivalent bo‘lganlar o‘rtasida, ya’ni qisqa muddatli yuqori likvid investitsiyalar, erkin ayirboshlanadigan pul mablag‘lari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash imkonini beradi.
4-son shaklga «Valuta mablag‘larining harakati to‘g‘risida ma’lumotnoma» ilova qilinib, unda davr boshi va oxiriga bo‘lgan qoldiqlar, valuta mablag‘lari tushumi va xarajati to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi.
1-jadval
“Sharq” fermer xo‘jaligi pul oqimining tahlili
Do'stlaringiz bilan baham: |