Eskirgan binolar, yodgorliklarmi yoki aktivlar? Toshkentdagi eskirgan binolarga qanday munosabatda bo‘lmoq kerak? Unga muammo sifatidagina qaraladimi yoki boshqacha yo‘l tutish ham mumkinmi? Ochiq osmon ostidagi muzey hisoblangan bir shahardan misol keltiraman. Londonning Sitisida (Londonning markaziy, eski qismi) ko‘plab binolar orasida 1567 yilda bunyod etilgan, shahardagi eng qadimiy imoratlardan biri va eng qadimiy magazin — juda diqqatga sazovor bir inshoot mavjud. U qadimiy do‘kon (Old Curiosity Shop) sifatida mashhur. Binoda uni taniqli ingliz yozuvchisi Charlz Dikkens “abadiylashtirgani” to‘g‘risidagi lavha o‘rnatilgan. Dikkensning “Qadimiy do‘kon” romani 1841 yili yozilgan, biroq, adabiyotshunoslarning ta’kidlashicha, u butunlay boshqa, hozir yo‘q bo‘lib ketgan binoni tasvirlagan. Xorijiy sayyohning Toshkentdagi bir kuni shahar iqtisodiyotiga mehmonxona, qahvaxona va restoranlar, transport, gidlar xizmati, esdalik buyumlar va boshqa harajatlar misolida +/- 100 $ni tashkil qiladi. Uni 2018 yilda olis xorijdan tashrif buyurgan 350 ming nafar sayyohga ko‘paytirsak, 350 mln $ kelib chiqadi. Agar turistlarni Toshkentda yana bir kun ko‘proq qolishga qiziqtirsak, shuncha daromad olish mumkin bo‘ladi. Bu $350 mlndan soliq shaklida 5% Toshkent byudjetiga tushadigan bo‘lsa ham bu $17,5 mlnni tashkil qiladi. Eski binolarni tartibga solish, ularning infratuzilmalarini modernizatsiyalash va atrof hududini obodonlashtirishga sarflash mumkin bo‘lgan mo‘may mablag‘ bu. Zarur bo‘lganda xatto tarixiy binolarni qayta profillashtirish va boshqa maqsadlar uchun aholini munosib uy-joylarga ko‘chirishga ham sarflash mumkin bo‘ladi. Toshkentning nodirligi shundaki, bu yerda turli davr va madaniyatlar aralashib ketgan. Shahar, binolar, ko‘chalar va boshqa ko‘plab inshootlar tarixi — bular byudjetga og‘irligi tushadigan eskirgan mulklar emas. Bular saqlash, ko‘paytirish va pulga aylantirish zarur bo‘lgan iqtisodiy aktivlardir. * * * Shunday qilib, yuqorida aytilganlardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak… Yuzaga kelgan vaziyat uchun oddiy va tezkor javoblar yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Xatto Toshkentning yangi bosh rejasi yoki shahar hokimligi bayonotiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida chet ellik mutaxassislar tayyorlab berishi lozim bo‘lgan uning konsepsiyasi qabul qilinishi ham bu yechimning faqat bir qismi xolos. Bosh reja Toshkentda nima, qanday qilib va nima uchun amalga oshirilishi haqida aniq tushunchani shakllantiruvchi qo‘shimcha hujjatlar majmuasiga muhtoj. Nafaqat uy-joy sektorida, balki jamoat transporti va avtomobil yo‘llari, kommunal infratuzilma, ijtimoiy joylarni rivojlantirish, shahardagi amaliy faollikni rag‘batlantirish, ijtimoiy muammolarni hal etish va boshqalarda ham shunday yordam kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |