Qiyoslash metodi. Noma’lum chastotani qiyoslash metodi bilan o’lchash uchun namunali chastota signali generatori hamda o’lchanayotgan va namunali chastotalarning tengligi yoki ularning karraliligini aniqlashga yordam beradigan indikatorga ega bo’lish lozim. Agar indikator sifatida ostsillografdan foydalaniladigan bo’lsa, o’lchash usulini ostsillografik usul, chastotalarning ustma-ust tushishini qayd qiladigan telefon, magnitoelektrik mikroampermetr yoki elektron-optik indikatordan foydalaniladigan bo’lsa, nolinchi tepkilar usuli yoki geterodinli usul deb ataladi.
Qiyoslash usuli past va yuqori chastotalarni o’lchash uchun yaroqlidir. U sodda va ancha aniqdir.
Chastotani o’lchashning ostsillografik usulini chiziqli, sinusoidal va doiraviy yoyishlarda qo’llash mumkin. Chiziqli yoyishda namunali chastota sifatida mazkur ostsillograf yoyish generatori chastotasidan foydalaniladi. Noma’lum chastota kuchlanishi ostsillografning vertikal og’dirish kanali kirishiga beriladi, yoyish generatori chastotasini esa (sinxronlash kuchlanishining chiqarilgan dastasi yordamida), toki ekranda bitta davr tasviri hosil bo’lmagunigacha o’zgartiriladi. Bunda o’lchanayotgan chastota o’rnatilgan yoyish chastotasiga teng. Ko’pchilik ostsillograflarda yoyish chastotasi kalibrlangan va o’lchash xatoligi kalibrlash xatoligiga mos bo’ladi. Ostsillograf ekranida bir necha davrlarning tasvirini hosil qilish mumkin, bunda noma’lum chastota yoyish chastotasidan n marta katta bo’ladi, bu yerda n – davrlar soni. Amalda n 5...6 dan oshmasligi kerak.
Sinusoidal yoyishda noma’lum chastota vertikal og’dirish kirishiga, namunali chastota kuchlanishi esa gorizontal og’dirish kirishiga beriladi. Ostsillografning yoyish generatori uzib qo’yiladi. Namunali chastotani o’zgartira borib, qo’zg’almas yoki sekin harakatlanayotgan Lissaju shakllarini hosil qilamiz. Agar u to’g’ri chiziq, ellips yoki aylana shaklida bo’lsa, u holda chastotalar teng: fx = fo. Agar qo’zg’almas ostsillogramma murakkabroq shaklli bo’lib chiqsa, bu noma’lum va namunali chastotalarning karrali ekanligi haqida guvohlik beradi, uni bunday usul bilan aniqlash lozim.
Hosil bo’lgan shaklni fikran vertikal va gorizontal chiziqlar bilan kesish (7.1-rasm) hamda ularning shakl tarmoqlarini vertikal bo’yicha kesib o’tishlari soni nv ni va gorizontal bo’yicha kesib o’tishlari soni ng ni sanash kerak. Bu sonlarning nisbati namunali va o’lchanayotgan chastotalar nisbatiga teng: nv/ng = fn/fx, bu yerdan
(7.1)
Chastotani o’lchashda o’lchanayotgan signalni X kanal kirishiga berish ham mumkin. U holda namunali chastotani Y kanal kirishiga berish lozim bo’ladi. Bunda o’lchash natijasini aniqlaydigan (7.1) formulada namunali chastotani teskari nisbat nv/ng ga ko’paytirish lozim bo’ladi.
Sinusoidal yoyishdan 10 dan kichik karrali chastotalarga qo’llaniladi, chunki ko’p sondagi kesishishlarni sanash qiyin bo’ladi. O’lchanayotgan chastotaning yuqori chegarasi ostsillograf kanallaridagi kuchaytirgichlarning o’tkazish polosasi bilan aniqlanadi. O’lchanayotgan chastotalarning kuchlanishlari 10V va undan yuqori bo’lganda, kuchaytirgichlarni chetlab o’tib, bevosita ENT plastinalariga uzatish mumkin. Bunda chastota o’lchashning yuqori chegarasi 100 MGs ga etadi.
O’lchash xatoligi namunali chastotani o’rnatish xatoligi va shkala chastotasining nostabilligi bilan aniqlanadi. Ulardan istalgan birining nostabilligi qancha katta bo’lsa, Lissaju shakli shunchalik tezroq aylanadi va chastotalar karraligini sanash qiyinlashadi.
Doiraviy yoyishda namunali chastotani faza maydalagich orqali, ostsillografning ikkala kirishiga beriladi. Ostsillograf ekranida yoyish liniyasi aylana shaklida paydo bo’ladi va u namunali chastotaga teng chastota bilan aylanadi, ya’ni bitta aylanish vaqti davr davomiyligiga teng. Noma’lum chastotali signal kuchlanishini ENT modulyatoriga beriladi va yoyish chizig’i yorqinligini o’lchanayotgan chastota davri davomida 1 marta o’zgartiradi.
Agar fx = fn bo’lsa, u holda aylananing yarmi yorqin (yorug’), yarmi esa qora bo’ladi. Agarda fx > fn bo’lsa, u holda aylana shtrixlardan tashkil topib (7.2-rasm), ularning (yorqin va qora shtrixlar) soni n noma’lum va namunali chastotalar karraligiga teng: n = fx/fn, bu yerdan fx = nfn. Agar chastotalar karrali bo’lmasa, u holda ostsillogramma aylanadi va o’lchash qiyinlashadi. Doiraviy yoyish karraligi sinusoidal yoyishdagidan ancha katta bo’lgan chastotalarni o’lchashga imkon beradi, chunki shtrixlarni sanash kesishmalarni sanashdan qulayroqdir. Bunda namunali chastotadan past chastotani ham o’lchash mumkin, buning uchun o’lchanayotgan chastotani fazatilgich orqali ostsillografning ikkala kirishiga beriladi va yoyilma chizig’ini aylana ko’rinishida hosil qilinadi, namunali chastota kuchlanishini esa trubkaning modulyatoriga beriladi. Ostsillogramma qo’zg’almas bo’lganida fx = fn/n. O’lchash xatoligi va o’lchanadigan chastotalar chegaralari sinusoidal yoyishdagi kabi aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |