2.1.2. Asbobiy xatoliklar
Bu xatolik turi qo’llaniladigan O’V (o’lchash vositalari) xususiyatlari bilan belgilanadi. O’V ni ishlab chiqarishda axboriy o’lchash signalini o’zgartirishlar ma’lum algoritm asosida olib boriladi. Masalan, bilvosita o’lchash usulida o’zgartirishning aniq funksiyasi asbobda har mahal ham amalga oshirilavermaydi va texnik qiyinchiliklar tufayli approksimatsiya usuli ishlatiladi, bu esa xatolikka olib keladi.
Undan tashqari, asbobni ishlab chiqish jarayonida texnologik xatoliklar mahsulotni komplektatsiya parametrlarining tarqoqligi tufayli approksimatsiya funksiyasi aniq amalga oshirilmaydi.
2.1.3. Sub’ektiv muntazam xatoliklar
Bu xatoliklar odamning individual xususiyatlarining natijasi bo’lib, organizm xususiyatlariga, noto’g’ri shakllangan malakalarga bog’liqdir. Amaliyot ko’rsatishicha, tajribali eksperimentatorda uning odatlari bilan bog’liq jiddiy sub’ektiv muntazam xatolik bo’lishi mumkin. Bu muntazam xatolik qayta o’lchashlarda natijalarning kichik tarqoqligida barqaror qaytariladi. Aksincha, kam malakali eksperimentatorda muntazam xatolik bo’lmasligi mumkin, ammo natijalar tarqoqligida tajribadan tajribaga o’tishda u jiddiy bo’lishi mumkin.
Sub’ektiv xatolik paydo bo’lishida olingan signalga reaktsiya tezligi katta rol o’ynaydi. Har qanday shaxsda u har xil, ammo uzoq vaqt davomida etarli darajada mustahkam bo’lib qoladi.
2.1.4. Muntazam xatoliklarni chiqarib tashlash va hisobga olish usullari
Muntazam xatoliklarni hisobga olish va chiqarib tashlash usullarini to’rtta guruhga bo’lish mumkin:
- o’lchash boshlanishidan oldin xatoliklarni bartaraf etish;
- o’lchash jarayonida o’rinni bosish, xatoliklarni ishorasi bo’yicha kompensatsiya qilish, qarama-qarshi, simmetrik kuzatish usullari yordamida xatoliklarni chiqarib tashlash;
- o’lchash natijasiga tuzatmalar kiritish;
- chiqarib tashlanmagan muntazam xatoliklarning chegarasini baholash.
O’lchash boshlanmasidan xatolik manbasini chiqarib tashlash – muntazam xatoliklarni chiqarib tashlashning eng ratsional usulidir. U tajriba olib boruvchini (eksperimentatorni) natijani hisoblaganda tuzatmani hisobga olishdan o’lchash jarayonida xatoliklarni bartaraf etishdan xalos etadi. Xatoliklar manbasini yo’qotish deganda, uni bevosita chiqarib tashlash (masalan, issiqlik manbasini chiqarib tashlash), O’V ni va o’lchash ob’ektini bu manbalar ta’siridan himoyalash tushuniladi. Asbobiy xatoliklar manbalari, O’V ning aniq nusxasiga xos bo’lib, u kalibrlash yoki ta’mirlash orqali chiqarib tashlanishi mumkin. O’V larning o’zaro noto’g’ri joylashishi bilan bog’liq bo’lgan xatoliklar manbasi, o’lchash olib borishdan oldin bartaraf etilishi mumkin. Xaroratning tebranishlarini va uning natijasida xarorat xatoliklarini bartaraf etishga xonalarni butunligicha va ayrim O’V ni yoki uning qismlarini termostatlash bilan erishish mumkin. Hozirgi vaqtda termostatlashni ko’p hollarda havoni konditsionirlash bilan almashtiriladi. Havoni konditsionirlashda nafaqat xarorat, balki namlik ham talab qilingan darajada ushlab turiladi. Ammo bu tadbirlar natijasi issiqlikni birtekis taqsimlanganda samarali natijani beradi, chunki O’V hajmi bo’yicha issiqlikning taqsimlanishi bir tekis bo’lmaganda xatoliklar yuzaga keladi. Korpusi ichida kuchli issiqlik manbasiga ega O’V ga e’tiborni qaratish kerak. Bunday qurilmalarni o’lchashdan oldin, odatda, ular ma’lum vaqt ichida qizdiriladi.
Magnit maydonlarining ta’sirini bartaraf etish ekranlashtirish usuli orqali amalga oshiriladi. Xatoliklarning manbalaridan biri – Yerning magnit maydonidir. Yer magnit maydonining kuchlanganligi katta emas, shuning uchun ta’sir etish xavfi faqat yuqori sezgirlikka ega asboblarni ishlatganda paydo bo’ladi. Asboblarning yagona muhofaza vositasi bo’lib magnit-yumshoq materialli yopiq ekranli qurilma hisoblanadi. Magnit kuch chiziqlari ekranlanayotgan fazoni aylanib o’tishi lozim. Hattoki permalondan yasalgan magnit ekranining ishlatilishi kutilmagan hodisalarni yuzaga keltirishi mumkin, chunki ekran ichidagi magnit maydon konfiguratsiyasining o’zgarishiga va O’V ning ko’rsatishiga ta’sir etishiga olib keladi.
Yuqori chastotali tashqi elektromagnit maydonlarni ekranlashtirish bir muncha oson amalga oshiriladi. Bu holatda katta elektr o’tkazuvchanlikka ega bo’lgan materiallarni qo’llash maqsadga muvofiq. Samaraga uyurmali toklar hisobiga va ular bilan yaratiladigan qarama-qarshi elektromagnit maydonlar hisobiga erishiladi.
Tebranish va silkinishlar ta’sirini bartaraf etish O’V ni amortizatsiya yo’li bilan amalga oshiriladi, buning uchun ko’p turli tebranishlar yutkichlari ishlatiladi. Yutkichlar turlari, prujinalar, elastik osmalar tebranishlar chastotasiga konkret O’V ga ta’siri sezgirligiga bog’lanib tanlanadi.
O’lchash jarayonida xatoliklarni chiqarib tashlash odatda qandaydir moslamalarni qo’llashga bog’liq emas. Odatda, muntazam xatoliklarni bartaraf qilish bu holatda u yoki bu o’lchash va usullarni qo’llashga bog’liq. Asbobiy xatoliklar ta’siri, o’zaro o’rnatish xatoliklari va tashqi ta’sir xatoliklarini shu yo’l bilan chiqarib tashlanadi.
Muntazam xatolikni chiqarib tashlashning keng tarqalgan usullaridan biri – almashtirish usulidir. U quyidagidan iborat: o’lchash ob’ekti u joylashgan sharoitda joylashgan ma’lum o’lchov bilan almashtiriladi.
Elektrik parametrlari – qarshiliklar, induktivliklar, sig’imlarni o’lchashda almashtirish usuli quyidagilardan iborat bo’ladi: elektr qarshiligi, induktivligi yoki sig’imini o’lchash zarur bo’lgan ob’ekt o’lchash zanjiriga ulanadi. Ko’p holatlarda o’lchashning nol usullari (ko’prik, kompensatsiyalash va boshqalar) qo’llaniladi. Bunda zanjir elektr muvozanatga keltiriladi. Muvozanatga keltirilgandan keyin o’lchash ob’ekti o’rniga sxemani o’zgartirmasdan ko’p qiymatli o’lchovni: qarshiliklar magazini, sig’im, induktivlik ulanadi. Ularning qiymatini o’zgartirib turib zanjir muvozanati tiklanadi. Almashtirish usullari ko’prikli zanjirlarning qoldiqli nomuvozanatliligini, zanjirga elektr va magnit maydonlarining ta’sirini, zanjirning alohida elementlarining o’zaro ta’sirini yo’qotish va boshqa halaqitli hodisalarni chiqarib tashlash imkonini beradi.
Xatolikni ishorasi bo’yicha kompensatsiya qilish quyidagilarni o’z ichiga oladi: o’lchashlar ikki marta olib boriladi, bunda tabiati ma’lum kattalik bo’yicha noma’lum xatolik o’lchash natijasiga teskari ishorasi bilan kiritilishiga harakat qilinadi. O’rtacha qiymatni hisoblaganda xatolik chiqarib tashlanadi. Algebraik shaklda buni quyidagicha ifodalash mumkin. Aytaylik, x1, x2 – ikkita o’lchash natijasi, ∆ – muntazam xatolik, uning tabiati ma’lum, ammo kattaligi noma’lum; x∆ – o’lchanayotgan kattalikning mazkur tashkil etuvchisiz qiymati. U holda O’rta qiymat quyidagi teng:
O’lchash natijasining aniqligini oshirish maqsadida ikkitadan ortiq o’lchashlar o’tkazish mumkin, ammo ularning soni juft bo’lishi shart. Bu holatda musbat ishorali hamma xatoliklar manfiy ishorali xatoliklar bilan kompensatsiyalangan. Mazkur usul yo’naltirilgan ta’sirga ega bo’lgan xatoliklarni chiqarib tashlashda keng ishlatiladi. Berilgan usul Yer magnit maydonining ta’siri bilan bog’liq xatoliklarni chiqarib tashlash uchun keng ishlatiladi. Birinchi o’lchashni O’V ixtiyoriy holatda joylashganda olib borish mumkin. Ikkinchi o’lchashni olib borishdan oldin O’V gorizontal tekislikda 180° ga buriladi. Agar birinchi holatda yerning magnit maydoni asbobning magnit maydoni bilan qo’shilib, musbat ishorali xatolikni yuzaga keltirsa, u holda 180° burilishda Yerning magnit maydoni teskari ta’sir ko’rsatadi va kattaligi bo’yicha teng, ammo ishorasi bo’yicha teskari xatolikni yuzaga keltiradi. Bunday usulning kelib chiqishi sun’iy magnit maydon ta’sirini kompensatsiya qilish uchun qo’llash chegaralangan, chunki bunday tipdagi magnit maydonlar odatda fazoda bir tekis emas.
Muntazam xatolikni ishorasi bo’yicha kompensatsiya usulidan foydalanib, magnit maydonlarda gisterezis vujudga keltirgan xatoliklarni chiqarib tashlash mumkin. Ma’lum tuzatmalarni kiritish hisoblash yo’li bilan natijani to’g’rilash imkonini beradi. Raqamli qiymat tuzatmasi muntazam xatolikka teng va belgisi bo’yicha teskari.
Boshqa holatlarda o’lchash natijasini tuzatma ko’paytuvchisiga ko’paytirish yo’li bilan xatolik chiqarib tashlanadi, bu ko’paytuvchi 1 dan bir qancha ko’p yoki kam bo’lishi mumkin.
Agar tuzatma o’lchash kattaligi bilan solishtirganda kichik bo’lsa yoki tuzatma ko’paytuvchisi birga yaqin bo’lganda, to’g’rilangan natijaning yuqori aniqligini mo’ljallash mumkin. Tuzatma ko’paytuvchilarini ishlatishda hisobotning bir qancha nozik jihatlari bor. Ta’kidlab o’tilganidek, tuzatma ko’paytuvchisi birga yaqin. 1,1 kattalik, shunga qaramay juda katta, chunki bir o’nlik belgisida 10% ni tashkil etadi va bunday xatoliklar juda katta hisoblanadi. Shuning uchun, odatda, gap 1,01; 1,02; 1,03 va h.k. tuzatma ko’paytuvchilar to’g’risida boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |