506
Odilqoriyev X.T.
Davlat va huquq nazariyasi
alohida davlatlar huquqiy davlat marrasiga yetganidan so‘ng, ularda keyinchalik
totalitar va avtoritar tuzumlar qaror topishi mumkin va hokazo. Biroq, shun-
day bo‘lsa-da, umumiy taraqqiyot muqarrardir.
Darhaqiqat, huquqiy davlatning nazariy manbalari o‘z ildizlari bilan
o‘tmishga borib taqalganini ta’kidlash joiz. Qadim zamonlarda yashab o‘tgan
buyuk allomalar (Platon, Аrastu) davlat huquqining ulkan ijobiy ahamiyati-
ni hisobga olmagan holda mustahkam, barqaror va ishonchli bo‘la olmasligi
haqida fikr bildirganlar. Huquq davlat hukmdorlarining zo‘ravonligiga qarshi
posangi sifatida baholangan. Ya’ni, qonun hech kimning hukmronligi ostida
bo‘lmasligi kerak, zero, barcha organlar, mansabdor shaxslar va fuqarolarning
harakatlarini yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Dastlab tarqoq bo‘lgan, ba’zida esa, alohida farazlar sifatida namoyon
bo‘lgan g‘oyalar zamirida keyinchalik huquqiy davlatning izchil va yaxlit kon-
sepsiyasi vujudga keldi. Uning asoschilari Dj. Lokk, I. Kant, V. Gumbold,
G. Еllinek, K. Shmidt hisoblanadi. Mazkur allomalarning qarashlarida ayrim
tafovutlar bo‘lsa-da, umuman olganda, ular bir narsada haqlar, u ham bo‘lsa,
davlatning o‘zi huquqiy qonun-qoidalarga amal qilishi va buni ijtimoiy mu-
nosabatlarning boshqa ishtirokchilaridan talab qilishi kerakligidan iborat.
Huquqiy davlat nazariy konsepsiyasi qoidalarining bir qator davlatlarning
amaliy faoliyatiga tatbiq etilishi konservativ kuchlarning qarshiligiga uchragan
va uni yenggan holda davlat va jamoat faoliyatining barcha jabhalarida chuqur
o‘zgarishlar bilan iz qoldirgan. Chunonchi, butun davlat tizimini barpo etish va
amal qilish prinsiplari demokratlashtirilgan, shaxs maqomi real mazmun bilan
to‘ldirilgan, huquqiy qadriyatlar birlamchi ahamiyatga ega bo‘la boshlagan,
mansabdor shaxslar zo‘ravonligiga barham berilgan, ularning faoliyati asta-
sekin tartibga solingan va yo‘lga qo‘yilgan.
Huquqiy davlatlar «oilasi»ning paydo bo‘lishi va ortib borishi jamiyat-
ning siyosiy taraqqiyotida yuzaga keladigan yangi bosqichni qayd etadi. Dav-
lat-huquqiy nazariyasi va amaliyotining ushbu mislsiz yutug‘i hozirgi zamon
sivilizatsiyasining ulkan muvaffaqiyatga erishganidan dalolat beradi. Huquqiy
davlatlarning mavjudligi hayotning barcha tarmoqlarida erishayotgan kundalik
yutuqlari, boshqa mamlakatlar uchun mayoq vazifasini o‘taydi hamda ularga
adolatli insonparvar davlat qurish yo‘llarini ko‘rsatadi.
Huquqiy davlat etatik davlatdan qat’iy ravishda ajralib turadi. Mazkur ta-
fovut davlat hokimiyatini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha taraflari,
shuningdek oldida turgan vazifalarni hal etish shakl va usullari, jamiyat, millat
va elatlar, ijtimoiy guruhlar va alohida fuqarolar, siyosiy partiyalar va jamoat
birlashmalari kabi tarmoqlarni qamrab oladi. Ulardan eng muhimlari haqida
to‘xtalamiz: