4.7-§. Aylanish sirtlari.
Aylanish sirtlariga qo’zg’almas o’q i atrofida to’g’ri chiziq kesmasi yoki biror egri chiziqning aylanishi natijasida hosil bo’lgan sirtlar kiradi. 4.7.1- chizma, a, b, c larda aylanish silindri, konus va sferaning hosil bo’lishi ko’rsatilgan.
4.7.1- chizma
Aylanish sirti aylanish o’qi i va yasovchi a egri chiziq bilan berilgan bo’lsin (4.7.2- chizma, a). Yasovchi chiziq aylanish o’qi i (il ill) atrofida aylanganda uning har bir nuqtasi (A, B, C, D, E) aylana chizadi. Aylanish tekisligi aylanish o’qiga perpendikulyar bo’ladi. Bu aylanalarni aylanish sirtining parallellari deyiladi, tekisliklarni esa harakat tekisliklari deyiladi. Aylanish o’qi asosan proyeksiyalar tekisliklardan biriga perpendikulyar olinadi. Aylanish o’qi qaysi proyeksiyalar tekisligiga perpendikulyar olinsa, sirt parallellari o’sha proyeksiyalar tekisligiga parallel bo’ladi. Aylanish o’qi orqali o’tuvchi tekisliklar meridian tekisliklar deyiladi. Har qanday meridian tekislik sirtni teng ikkiga kesib ajratadi. Meridian tekisligi bilan aylanish sirtining kesishish chizig’i meridian deyiladi. Meridian tekisliklardan biri frontal proyeksiyalar tekisligi V ga parallel bo’lsa, bu F (Fh) tekislik bosh yoki asosiy meridian tekislik deyiladi. F (Fh) tekislikning aylanish sirti bilan kesishganda bo’lgan kesishish chizig’i aylanish sirtining bosh yoki asosiy meridian chizig’i deyiladi.
4.7.2- chizma
Aylanish sirti parallellarining eng kattasi (Ev tekislikdagi) ekvator, eng kichigi
(Cv tekislikdagi) bo’yin chizig’i deyiladi. Bu chiziqlarni aniqlashda bosh meridian chiziqning eng katta paralleli bilan kesishgan nuqtasi orqali urinma tekislik o’tkaziladi. Shunda urinma tekislik aylanish o’qiga parallel bo’lsa, bunday eng katta parallel ekvator deyiladi, agar urinma tekislik aylana o’qiga parallel bo’lmasa, bunday eng katta parallel dumaloq qirra deb ataladi.
Bosh meridian bilan eng kichik parallelning kesishish nuqtasi orqali o’tuvchi urinma tekislik o’tkazilganda, bu tekislik aylanish o’qiga parallel bo’lsa, bunday eng kichik parallel bo’yin chizig’i parallel bo’lmasa bel chizig’i deyiladi.
Aylanish sirti asoslari tekis bo’lib, ularning bosh meridian bilan kesishgan nuqtalari orqali bosh meridianga urinma qilib o’tkazilgan tekisliklar aylanish o’qiga parallel emas, shuning uchun asoslarini ifodalovchi aylanalar eng katta parallelga teng bo’lsa dumaloq qirra, eng kichik parallelga teng bo’lsa bel chizig’i hisoblanadi (4.7.2- chizma, b).
Aylanish o’qi H tekislikka perpendikulyar olinsa aylanish sirtining frontal konturini uning bosh meridiani aniqlaydi, gorizontal konturini esa uning ekvatori ifodalaydi.
4.7.3- chizma, a, b larda aylanish sirtlarida ularning parallellarini o’tkazish ko’rsatilgan. Bu ikkala aylanish sirtlarining V dagi konturlari ularning bosh meridianlari orqali tasvirlanagn. H dagi konturlari birinchisida ekvatori, ikkinchisida dumaloq qirrasi orqali ifodalangan. Har ikkalasida ham eng kichik parallellari 0 ga barobar.
4.7.3- chizma
Aylanish sirti (sfera) ning ekvatoridan ikki tomonlama bir xil masofada olingan parallellari H da ustma-ust tasvirlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |