4.13-§. Sirtlarning o’zaro kesishishi chizig’ini yasash
Mashina detallari, har xil muhandislik qurilishlarning qismlari geometrik sirtlar yig’indisidan iborat bo’lib, ular o’zaro egri yoki siniq chiziqlarda kesishishi mumkin. Ularni chizmalarda tasvirlashda geometrik sirtlarning chiziqlarini yasashga to’g’ri keladi.
Sirtlarning o’zaro kesishish chizig’i har ikkala sirtga tegishli bo’lib, uni yasash uchun bu kesishish chizig’ining bir nechta nuqtalarning geometrik o’rinlari aniqlanadi. Bu nuqtalar ikkala sirtni kesib o’tuvchi yordamchi sirt (tekislik) yordamida topiladi.
Yordamchi kesuvchi sirt sifatida tekislik, sfera, silindr, konus va shunga o’xshashlar olinishi mumkin. Yordamchi kesuvchi sirtlardan shunday foydalanish kerakki, ular sirtlarning eng qulay chiziq (yasovchi, parallel) larini kesib o’tsin. Sirtlarning turi va ularning o’zaro joylashishiga qarab, yordamchi kesib o’tuvchi tekislik yoki sirtlarni o’tkazish usuli tanlanadi.
Sirtlarning turi va ularning o’zaro joylashishiga qarab, yordamchi kesuvchi tekisliklar yoki qo’shimcha sirtlarni qanday o’tkazish lozimligi ko’rib chiqiladi:
Ikkita silindr (prizma) berilgan bo’lsa, kesuvchi tekislik ikkalasining ham yasovchilari orqali kesib o’tsin.
Sirtlarning biri konus (piramida), ikkinchisi silindr (prizma) bo’lsa, kesuvchi tekislik konus va silindrning yasovchilari orqali yoki konus parallellari va silindr yasovchilari orqali kesib o’tsin.
Ikkala sirt konus (piramida) bo’lsa, kesuvchi tekislik ularning uchlari orqali yasovchilarini yoki ikkalasining parallellari orqali kesib o’tsin.
Aylanish sirtlari berilgan bo’lsa, kesuvchi tekislik ikkalasining parallellari orqali kesib o’tsin.
Xususiy holda aylanish sirtlarining o’qlari o’zaro bosh meridian tekisligida kesishsa, yordamchi kesuvchi sirt katta va kichik sferalardan foydalaniladi.
Ikki sirt bir-biri bilan kesishganda quyidagi hollar bo’lishi mumkin:
Sirtlar o’zaro qisman kesishadi. Kesishish chizig’i bir butun fazoviy chiziq bo’lib, bu holni “O’yilish (yoki o’pirilish hodisasi)” deyiladi (4.13.1- chizma, a).
4.13.1- chizma
Bu yerda sirtlarning bir qancha yasovchilari kesishishda qatnashmaydi.
Kesishish chizig’i aniq ko’rinishi uchun ikkinchi sirt (silindr) ingichka chiziqda tasvirlandi.
Sirtlar o’zaro to’liq kesishadi. Kesishish chizig’i ikkita mustaqil egri chiziqlar bo’lib, biri “kirish”, ikkinchisi “chiqish” chiziqlari deyiladi. Bu yerda bir sirt ikkinchisini teshib o’tadi. Shuning uchun birining yasovchilari to’liq qatnashsa, ikkinchisining yasovchilari qisman qatnashadi (4.13.1-chizma, b).
Sirtlar o’zaro bir tomonlama urinib kesishadi. Ikkala sirtning o’zaro kesishish chizig’i sakkiz raqamiga o’xshaydi va bitta nuqta orqali kesishib, ikkita mustaqil egri chiziqqa ajraladi. Bu yerda “kirish” va “chiqish” egri chizig’i bitta umumiy kesishish nuqtasiga ega bo’ladi (4.13.1- chizma, c).
Sirtlar o’zaro ikki tomonlama urinib kesishadi. Ikkala sirtning o’zaro kesishish chizig’i ikkita nuqtada kesishib, ikkita mustaqil egri chiziqqa ajraladi. Bu yerda “kirish” va “chiqish” kesishish chizig’i ikkita umumiy uchrashish nuqtalariga ega bo’ladi (4.13.1- cizma, d).
Endi, bevosita sirtlarning o’zaro kesishish chizig’ini aniqlashga o’tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |