Yer turlarini joylashtirish.
Yer turlarini joylashtirishda koʼzda tutilgan asosiy maqsad massiv yerlaridan toʼla va samarali foydalanishni taʼminlash, tabiatni va yerni muhofaza qilish uchun sharoit yaratishdan iborat.
Yerlarni joylashtirishda hududning iqlimi, relьefi, tuproq va geografik sharoiti, massiv markazlari va ishlab chiqarish boʼlinmalarining joylashuvini hisobga olish kerak. Transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida koʼp yuk hosil boʼladigan yer turlarini massiv markazlariga yaqin joylashtirish kerak.
Yer turlarini joylashtirish daraxtzorlarni joylashtirishdan boshlanadi. Bunda birinchi navbatda bogʼlar va uzumzorlar joylashtiriladi.
Mevali daraxtlar va uzumzorlarning yaxshi rivojlanishi koʼp jihatdan ularga yer maydonlarini toʼgʼri ajratishga, nav va turlarni toʼgʼri tanlashga va ularni joylashtirishga, koʼchatlar sifatiga, ularni toʼgʼri oʼtqazishga va keyingi parvarishga bogʼliq. Koʼchatlarni oʼtkazishda yoʼl qoʼyilgan xatolarni keyinchalik tuzatish juda qiyin, ayrim hollarda esa umuman mumkin emas. Mevali daraxtlar tuproqqa, relьefga va mahalliy iqlimga juda talabgor. Shuning uchun ham ularga
shoʼrlanmagan tuproqli, relьefi baland, sizot suvlari past va suv bilan yaxshi taʼminlangan yer maydonlarini ajratish kerak
Bogʼlar va uzumzorlar uchun qiyaliklar va balandliklar koʼproq, pastliklar va tevaragi oʼralgan vodiylar kamroq toʼgʼri keladi. Bunday pastliklarda qish va bahorda sovuq xavo toʼplanib qoladi va daraxtlarga zarar keltiradi. Qiyaliklarning ham shimoliy va gʼarbiy tomonlari mevali daraxtlar uchun yaxshiroq, janubiy va sharqiy tomonlari esa noqulayroq hisoblanadi. Sharqiy qiyaliklarda joylashgan bogʼlar sharq tomondan esadigan kuchli quruq shamol taʼsiridan zararlanadi. Bu shamol yerni tezda quritib yuboradi, daraxtlarning gullash paytida changlanishini qiyinlashtiradi, yozda mevalari toʼkiladi va shoxlari sinadi. Janubiy qiyaliklarda bahorda yer tez qizib, daraxtlar erta uygʼonadi va bahorda tez-tez boʼlib turadigan sovuqlar ularni urib ketadi.
Bogʼlar uchun ajratilgan yerlarda sizot suvlari yer yuzasiga yaqin boʼlsa, daraxtlar ildizlari yer osti suvlariga yetgach ular quriy boshlaydi. Natijada daraxtning oʼsishi susayadi va qurib qoladi. Shu sababli bogʼlar uchun yer osti suvlari yer sathidan 1,5-2,0 m past joylashgan maydonlar ajratiladi.
Dehqonchilik bilan shugʼullanuvchi xoʼjaliklarda yangi bogʼlarni iloji boricha mavjud eski bogʼlar yoniga joylashtirishga harakat qilmoq kerak. Bundan koʼzlanadigan maqsad bogʼlar va uzumzorlar maydonlarini kengaytirib, ularni mexanizatsiyadan samarali foydalanishga moslashdir.
Transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida bogʼ va uzumzorlarni qishloqlarning yoniga joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Ular qishloqlarni xushmanzara qilib, xavosini tozalab, iqlimini yumshatib turadi.
Tutzorlarga ham bogʼlarga ajratilganidek relьefi baland, yer osti suvlari yer sathidan ancha past joylashgan, suv bilan yaxshi taʼminlangan yerlar ajratiladi. Ipak qurtlari massivning barcha qishloqlarida boqilganligi sababli tutzorlarni iloji boricha har bir qishloq yaqiniga joylashtirish kerak. Mavjud mayda tutzorlar dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarni tuzishga halaqit bersa, uni buzish yoki asosiy tutzorlar yoniga koʼchirib oʼtqaziladi.
Sunʼiy oʼrmonlar, terakzorlar iloji boricha qishloqlar yoniga joylashtirish kerak. Ular qishloqlarni xushmanzara qilib, xavosini tozalash, iqlimini yumshatib turish bilan bir qatorda, aholi uchun hordiq chiqariladigan joy vazifasini xam bajarishi mumkin. Terakzorlar yerdan foydalanishning samaradorligini oshirish maqsadida massivda foydalanilmay yotgan yoki foydalanish qulay boʼlgan yerlarda barpo qilinishi mumkin. Loyihalash jarayonida bir necha yechim kelib chiqsa, talaba ularni chuqur iqtisodiy tahlil qilib, eng samaralisini tanlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |