Mavzuning o‘rganilganlik darajasi. O‘tgan asrning 60 yillarida adabiyot olamiga kirib kelgan To‘ra Sulaymonning ijoddagi ilk qadamlari adabiyotshunoslar nazaridan chetda qolmadi. Shoirning ilk asarlari to‘g‘risida adabiyotshunos N.Karimov1 hamda M.G‘afforovlar tanqidchilikdagi dastlabki fikrlarni bildirdilar. Shoir ijodining folklor bilan aloqasi borasida ilk tadqiqni folklorshunos M.G‘afforov amalga oshirdi. Uning tadqiqotida To‘ra Sulaymon dostonlari g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari haqida fikr yuritiladi. Folklorshunos L.Sharipova2 XX asrning 70-80 yillari adabiyotida folklorizm masalasini o‘rganar ekan, ayrim o‘rinlarda shoir ijodidan misollar havola etadi. Adabiyotshunos Q.Yo‘ldoshev3 shoir ijodi to‘g‘risida o‘z mulohazalarini maqola hajmidagi tadqiqotida bildiradi.
Tadqiqot obyekti va predmeti. Ishda To‘ra Sulaymonning 1962-2003 yillarda nashr etilgan to‘plamlariga manba sifatida tayanildi. Ushbu to‘plamlardagi she’rlar, dostonlar, baxshiyona termalar, hajviy asarlar, badiiy-publitsistik maqolalar, shoirning shaxsiy arxividagi yozishmalaridan ishda obyekt sifatida foydalanildi.
Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijalaridan Xalq og‘zaki ijodi fanidan maxsus kurs va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazishda, XX asr oxiri – XXI asr boshi o‘zbek adabiyoti bo‘yicha kurs ishlari yozishda foydalanish mumkin.
Ishning tuzilishi va hajmi. Bitiruv malakaviy ishning kirish, asosiy qism va uni tashkil qiluvchi ikki bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB. To‘ra Sulaymon she’riyatining g’oyaviy badiiy xususiyatlari
1.1. Xalq poetik ijodi va shoir she’riyati
Adabiyotda xalqchillik masalasi doimo adabiyotshunoslarning diqqat markazida bo‘lib kelgan. Xalqonalik asarga ba’zida jo‘nlik olib kelsa, uni san’atkorona qo‘llash asarning ulug‘vor bo‘lishini ta’minlaydi.
Shoir asarlarida dastlab folklordan ta’sirlanish tarzida kuzatilgan xalq og‘zaki ijodi bilan aloqa keyinchalik To‘ra Sulaymon folklorizmi shakllanishiga zamin bo‘ldi.
O‘zbek adabiyotshunosligida folklor hamda yozma adabiyot aloqalari masalasi chuqur o‘rganilgan. Xususan, folklorizm tushunchasi tadqiqiga doir B.Sarimsoqov1 , I.Yormatov2 , O.Sobirov kabi olimlarning tadqiqotlarida bu masala atroflicha tahlil etilgan. Folklorshunos G‘.Mo‘minov , D.Xoliqovalar XX asr 70-80- yillari o‘zbek adabiyotida folklorizm hodisasini o‘rgangan bo‘lsalar-da, ularda bu yillar o‘zbek she’riyatidagi folklorizmlar tabiatini o‘rganishga yetarlicha ahamiyat berilmaganligi ko‘zga tashlanadi. Bu yo‘nalishda eng so‘nggi tadqiqotlardan biri folklorshunos L.Sharipovaning “XX asrning 70-80- yillari o‘zbek she’riyatida folklorizm” nomli ishi davr folklorizmi tabiati borasida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etadi.
O‘tgan asrning 80-yillarida B.Sarimsoqov tomonidan tasniflangan folklorizmlarning tuzilishi hamda badiiy asar syujetidagi o‘rniga ko‘ra turlari bugunga qadar o‘zbek adabiyotida folklorizm masalasi yuzasidan tadqiqotlar uchun asos bo‘lib kelmoqda. Olim folklorizmlar tabiatini tahlil etar ekan, ularni ikki guruhga ajratadi:
Oddiy folklorizmlar;
Murakkab folklorizmlar .
Oddiy folklorizmlar folklorning kichik hajmli janrlari bo‘lgan maqol hamda matallardan yozma adabiyotda foydalanishni o‘zida aks ettiradi.
To‘ra Sulaymon ijodida maqol so‘zi uchramaydi. Sababi, shoir maqollarni xalqning kundalik ishlatadigan donishmandona so‘zlari sifatida baholaydi hamda ularni o‘z asarlarida ishlatar ekan, “degan gap bor”, “deganlariday”, “degani shu”, “deydilar”, “deguvchi edilar” kabilardan birortasini qo‘llaydi va ushbu jumlani xalqning donishmand vakillari o‘z hayotlari misolida tajribadan o‘tkazganliklariga ishora qiladi.
Badiiy asarda “maqol yoki matal aynan qo‘llansa, asl oddiy folklorizmni yuzaga keltiradi. Maqol yoki matal qaysidir jihatdan o‘zgartirib qo‘llansa, qayta ishlangan folklorizmlar hosil bo‘ladi” .
Asl oddiy folklorizmlar To‘ra Sulaymoning epik hamda liroepik janrdagi asarlari uchun xosdir. Muallif baxshiyona termalari, dostonlari hamda hajviyalarida xalq maqollarini asl holicha qo‘llaydi. “Jahongashta” dostonida qahramon Odil polvonning qishloqdan bosh olib ketishi oldidan do‘st-birodarlarini yig‘ib, kengashga chog‘langani haqidagi quyidagi tasvirni keltiramiz:
“Odil polvonning men ketarman bu yerlardan bosh olib” degan gapi og‘aynilariga og‘ir botib, bir xillari ko‘ziga yosh olib, biri bilimdonsirab, biri donosirab deyayotir:
Bosh yorilsa bo‘rk ichida, qo‘l sinsa yeng ichida. Sirtlon sirini bermas, bo‘ri ko‘zining qirini.
Arab yiqilsa oldinga, eron yiqilsa enishga. Mard Xudodan ko‘radi, nomard yo‘ldoshdan. Sening bu ishing nomardlikka yotadi...
Har kim o‘zi ekkan daraxti ostida o‘zi soyalasin. Hovli-joying ham, chorbog‘ing ham, otadan qolgan arzimas mulking ham o‘zingga buyursin. Burgaga achchiq qilib ko‘rpaga o‘t qo‘yma...”
Do‘stlarining achchiq gaplari suyagidan o‘tgan Odil polvon ularga shunday javob qiladi: “Otadan oltov bo‘lsang vataningga yolg‘izsan. Hali birovga og‘irligimiz tushib, o‘ligimizni ortganimizcha yo‘q, shukur. Yaxshi otdan yiqilsa, yomon ta’nachi. Sizlarning gaplaringiz “Sig‘sa ham besh tanga, sig‘masa ham ber besh tanga” deganga o‘xshayapti... Tup degan tuprik, qaytib yutsang makruh. Ko‘chaman dedim, ko‘chaman. Er o‘lmay risqisi kamimas. Kunimiz to‘laroq o‘tmasa, silaroq o‘tar. Yaqinda o‘tirib tishlashgandan ko‘ra, uzoqda o‘tirib kishnashgan ma’qul. Qaytam izzatli, e’tiborli bo‘lasan kishi” .
Bu parcha o‘quvchiga maqol aytish musobaqasini eslatadi. To‘ra Sulaymon qahramonlari shunchaki suhbatlashmaydilar. Ular maqollar orqali o‘z fikrlarini izhor etadilar. Ushbu kichik dialogning o‘zidayoq muallif 13 ta maqol ishlatib xalqona tafakkur quvvatini ko‘z-ko‘z qiladi.
Yuqoridagi dostonida muallif yuzdan ortiq xalq maqollarini qo‘llangan. Demak, To‘ra Sulaymon dostonlari hamda baxshiyona termalari tarkibida Samarqand hamda Sirdaryo vohalari hududida keng qo‘llanuvchi xalq maqollarini jamlagani bilan ham qimmatlidir.
Qayta ishlangan oddiy folklorizmlar maqol yoki naqllarning asar badiiyati talabiga ko‘ra o‘zgarishga uchrashi natijasida yuzaga keladi. Biz To‘ra Sulaymon ijodi misolida qayta ishlangan oddiy folklorizmlarni quyidagi uch guruhga ajratdik:
maqolning biroror qismi tushirib qoldirilishi;
maqol mazmunini qarama-qarshi qo‘yish;
maqol aynan keltirilmasa-da, unga ishora qilish.
Birinchi guruh oddiy folklorizmlarda maqol tarkibidagi biror so‘z yoki ko‘pincha maqolning bir qismi tushirib qoldiriladi. Masalan, To‘ra Sulaymonning “Osmon o‘rtasinda o‘rtanadir Oy” she’rida “Oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i” maqoli vazn talabiga ko‘ra quyidagicha o‘zgarishga uchraydi:
Nega beshim yorug‘, beshim qora deb,
Birlar to‘kis, birlar jigarpora deb,
Yetolmasdan Haqqa haq ovvora deb,
Osmon o‘rtasinda to‘xtab qolar Oy .
Bo‘g‘inlar soniga muvofiqlik yuzasidan shoir satrlarida oyning “o‘n beshi” “besh”ga aylantiriladi. Ammo she’rning umumiy mazmunidan ushbu maqolni anglash mumkin.
Ikkinchi guruh oddiy folklorizmlar tabiatini folklorshunos L.Sharipova shunday ta’riflaydi: “70-80- yillar o‘zbek she’riyatida yuzaga kelgan oddiy folklorizmlarning ayricha jihatlaridan biri shuki, u ruju’ san’ati bilan yonma-yon keltirilib, go‘yo maqol ma’nosi inkor qilinadi va shu orqali ifodalanayotgan mazmun yanada boyitiladi” . To‘ra Sulaymon “Qismat” she’rida yozadi:
Oyning o‘n beshimas bari qorong‘u,
Ko‘lankasiz, tiniq kunlarim kamdir .
Yuqoridagi misralarda yana o‘sha “Oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘u” maqolining mazmunini qarshilantirish orqali shoir lirik qahramon holatidagi qora bo‘yoqlarni yanada quyuqlashtiradi.
Uchinchi guruh oddiy folklorizmlar asar matnida aynan keltirilmay, faqatgina ularga ishora qilinadi.
To bashar bor ekan, bor ekan quyosh
Birlashgan elga yov otolmagay tosh .
Xalqning birligi, hamdard-hamnafasligini orzulagan muallif “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” maqolining birinchi qismini o‘z asarida mazmunan qo‘llaydi. Bu bilan shoir birlashgan xalqning doimo olg‘a borishi, bu xalqqa birovning tosh otishga haddi sig‘masligini ta’kidlaydi. Birlik mavzusidagi yana bir maqol “Bahor, ketma mening bog‘imdan” she’rida quyidagicha qo‘llanadi:
Qilmishi qing‘ir zotga davr qayda, davron qayda?
Vatangado kimsaga beminnat makon qayda?
Yolg‘iz otga olamda nom qayda, nishon qayda?
Bahor, sensiz sahroyu tog‘u toshga jon qayda?
Ketma, Bahor, mening bog‘imdan .
“Yolg‘iz otga olamda nom qayda, nishon qayda?” satrida “Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas” maqoliga ishora qilinmoqda.
Shoir yana bir she’rida umrning o‘tkinchiligi haqida so‘z yuritadi:
Esiz, bolalikni qoldirib ortda,
Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.
Qoldirib-qoldirmay iz bu hayotda,
Umr o‘tmoqdadir daryo misoli .
Kishi hayotining shiddatini ta’kidlovchi “Umr – oqar daryo” maqolida umr hamda daryo so‘zlarini birlashtiruvchi harakat “oqmoq” bo‘lsa, To‘ra Sulaymon satrlarida ularni “o‘tmoq” fe’li birlashtiradi. Umrning “oqishi”dan farqli holda umrning “o‘tishi” shoir satrlariga biroz sokinlik baxsh etadi. Shoir umrning shiddatidan emas, beg‘ubor bolalikning ortda qolgani hamda bu hayotdan biror iz qoldirmay o‘tib borayotganligidan o‘kinadi.
To‘ra Sulaymon ijodida nafaqat o‘zbek xalq maqollari, balki qardosh xalqlar donishmandligi mahsuli bo‘lgan maqollar ham uchraydi:
“Qozoqiyada, poyabzal ayog‘ingni qisib turganidan so‘ng dunyoning kengligining sheshesini... degan gapni bir vaqtlar o‘zingizdan eshitgan edim” .
“Poyabzaling tor kelganda, dunyoning kengligini netasan?” mazmunidagi qozoq xalq maqoli orqali muallif sobiq tuzum tutumlarining kishilar ahvolini qanchalar tang qilganini obrazli ifoda etadi.
“Ustivor” deb nomlanuvchi baxshiyonasida To‘ra Sulaymon o‘zbek xalq maqolini arab xalq maqoli bilan yonma-yon ishlatadi: “Uningsiz ham, kim qilmagay – kim topmagay, yo bo‘lmasa, al qasosul minal haq, degan gaplar ham bor” .
Adabiyotshunos Q.Yo‘ldoshev shoirga bag‘ishlangan “Xalqona ruhiyat musavviri” maqolasida uning ijodiga baho berar ekan, “Sutsiz sigir suzag‘on kelar”, “Toqatliga tog‘lar egar boshini”, “Quvib o‘lgan – mangulik, qochib o‘lgan - ko‘mgulik” singari qator maqolu hikmatlar yaratgan”ligini ta’kidlaydi . Biroq olim xalq maqollari uchun anonimlik xususiyati xos ekanini nazardan chetda qoldiradi. To‘ra Sulaymon ijodida yana bir qancha xalq maqollarining variantlari uchraydiki, bir qarashda ularni muallif tomonidan to‘ldirilgan, davom ettirilgan degan fikrga kelish mumkin.
“Yaxshining yomoni bo‘ladi, har narsaning o‘z kushandasi – beomoni bo‘ladi” (Har yaxshining bir yomoni bor);
“Qumrining bolasi – qumri, Umrining bolasi – Umri. SHerning bolasi ham sher, boyqushning bolasi qora jer” (SHerning bolasi ham sher);
“O‘g‘ilniki – o‘yin bilan,
Qizniki – qiyin bilan,
Odamzodning husni – lafz,
Tarozi – shayin bilan”
(O‘g‘ilniki o‘yin bilan,
Qizniki qiyin bilan);
“Baliq sasir boshidan,
Moxov ma’lum – qoshidan”
(Baliq boshidan sasiydi)
kabi maqollarni Mirzacho‘l vohasi ahli ishlatadigan xalq maqollarining to‘ldirilgan variantlari sifatida baholash mumkin. Shoirning topqirligi, ushbu maqolni to‘liq holida va o‘rinli tarzda asariga olib kirganidadir.
Shoir ijodida xalq maqollariga juda yaqin turuvchi aforizmlar ham uchraydi:
O‘qqa uchgan – qabrli, gapga uchgan – jabrli;
Qo‘shiqni yozgan birov, aytgan birov, kuygan birov...
Qalbi qora bilan yotding nima-yu, qabrda yotding nima?
To‘ra Sulaymon aforizmlarini xalq maqollari bilan adashtirib yubormaslik mushkul. Ular ham shakliy qurilmasi, ham mazmun-mohiyati bilan paremiyalarga o‘xshab ketadi. Biroq ular To‘ra Sulaymon umri davomida ega bo‘lgan saboqlardir.
To‘ra Sulaymon asarlarida qo‘llangan oddiy folklorizm namunalari o‘ziga xos, originalligi bilan alohida ahamiyatga ega. Ularni to‘plab Sirdaryo vohasi xalqi uchun xos bo‘lgan xalqona donishmandlik namunalari sifatida e’lon qilish mumkin. Shoir yaratgan asarlar badiiyati jihatidan yozma adabiyotga daxldor bo‘lsa, To‘ra Sulaymon folklorizmining o‘ziga xosligi, ijodkor asarlarida xalq hayoti va tutumlari ifodalangani bilan folklorshunoslik, madaniyatshunoslik sohalari uchun ham muhim ma’lumotlarni taqdim eta oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |