Soliqlarni rejalashtirish nimalardan tashkil topadi?
Korxonada soliklarni rejalashtirish strategik va taktik (joriy) rejalashtirishdan tashkil topadi. Xo‘sh, ularning farqi nimada?
1. Soliqlarni strategik rejalashtirishda korxonaning tashkiliy huquqiy shakli, uning joylashgan joyi, tadbirkorlik faoliyati turlari va ixtisoslashuvi hamda soliqqa tortishning amaldagi rejimlari tanlanadi. Ushbu bosqichda qarorlar nafaqat soliqqa tortishning eng qulay imtiyozli rejimi nuqtai nazaridan, balki ikkiyoqlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik va h.k. maqsadida ham qabul qilinadi. Mazkur bosqich doirasida kapitalni joylashtirish, investitsiya siyosati, moliyalashtirish strategiyalari belgilanadi;
2. Taktik (joriy) rejalashtirishda amaldagi qonunchilik doirasida soliqlarning miqdorini optimallashtirish va minimallashtirish uchun nazarda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalangan holda navbatdagi hisobot davriga barcha soliqlar turlari bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Soliqlarni rejalashtirish obyektlari
Nafaqat soliq solish ob'yektlari, balki soliq solish bazasini shakllantirishga ta'sir ko‘rsatadigan boshqaruv faoliyati jarayonlari ham soliqlarni rejalashtirish ob'yektidir. Soliqlarni rejalashtirish zarurati amaldagi soliq qonunchiligidan kelib chiqadi, unda turli xil soliq rejimlari, soliq solish bazasini hisoblash usullari va soliq imtiyozlari nazarda tutilgan. Nazariy nuqtai nazardan soliqlarni rejalashtirish ob'yektlarini quyidagi tarzda guruhlash mumkin:
• mulkiy yoki nomulkiy huquqlar. Masalan, o‘z mol-mulkiga ega bo‘lish yoki boshqalarning mulkidan foydalanish;
• sub'yektning xatti-harakatlari. Masalan, tovarlarni sotishni amalga oshirish yoki ularni olib kirish;
• xo‘jalik faoliyati natijalari. Masalan, korxonaning foyda yoki daromad olishi.
Soliq va bojxona majburiyatlarini minimallashtirish
Avvalambor, maqsad birorta soliqni shunchaki kamaytirish emas, balki soliq solingandan keyin korxona foydasini oshirish bo‘lishi kerak. Soliq va bojxona majburiyatlarini minimallashtirishga quyidagi qonuniy choralar hisobiga erishish mumkin:
• amaldagi qonunchilik doirasida soliq solish bazasini kamaytirish yoki soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish (soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash yo‘li bilan);
• pastroq soliq stavkalaridan foydalanish;
• maqbul tashkiliy-huquqiy shakldan foydalanish, bu, masalan, soliq solishning soddalashtirilgan tizimini qo‘llash va umumbelgilangan soliqlarni to‘lamaslik imkonini beradi;
• korxona ustav kapitalini shakllantirishda norezidentlarni jalb qilish (hukumat qarori bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi bilan xorijiy investorlarga beriladigan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish maqsadida).
Yuqorida aytilganlarni hisobga olish va ularga qat'iy rioya etish korxonalarda soliqlarni samarali rejalashtirishning negizini hamda ularning barqaror ishlashi uchun shart-sharoitlarni yaratadi, bu esa ularga raqobat afzalliklarini beradi.
• birinchidan, soliq qonunchiligiga soliqlarni rejalashtirish doirasida kiritiladigan o‘zgarishlarga tezkor ta'sir ko‘rsatadigan korxonalar yuqori raqobatbardoshlikka ega;
• ikkinchidan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan soliq majburiyatlari va iqtisodiy sanksiyalar kamaytirilishi mumkin;
• uchinchidan, soliqlarni rejalashtirish ham o‘z mablag‘ining, ham qarz mablag‘larining tejalishiga olib keladi;
• to‘rtinchidan, soliq to‘lovlarini minimallashtirish natijasida erishilgan tejamkorlik korxonada samarali investitsiyaviy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda qo‘llanilishi mumkin.
Soliq to‘lovlarini kamaytirishda eng muhimi - amaldagi qonunchilikka qat'iy rioya etish, bu esa buxgalteriya hisob va hisobotini to‘g‘ri va bekamu-ko‘st yuritish, soliq solish va buxgalteriya hisobi bo‘yicha barcha me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini bajarish bilan bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |