TO’LOV BALANSI
1.To’lov balansining mohiyati va tarkibi
To’lov balansi — ma’lum davr mobaynida mamlakat rezidentlari va tashqi
dunyo o’rtasida bo’ladigan bitimlar statistik qayd qilingan xujjatdir. U
mamlakatning iqtisodiy aloqalarini aniq-lo’nda ifodalab pul-kredit, valyuta,
byudjet-soliq, xalqaro savdo siyosatining hamda davlat qarzini boshqarish
yo’nalishlarini tanlash uchun indikator vazifasini bajaradi.
Mamlakatning ma’lum vaqtdagi barcha xalqaro iqtisodiy faoliyati, shu
jumladan, tashqi savdo, kapital va ishchi kuchi migratsiyasi ham to’lov balansida
o’z aksini topadi. Har qanday tashqi iqtisodiy bitim valyuta ayirboshlash va
valyuta operatsiyalari orqali amalga oshiriladi. Demak, mamlakatning jahon
bozoridagi faoliyati natijalari pirovardida xorijiy valyuta tushumlari va
xarajatlarida ifodalanadi. Shuning uchun ham to’lov balansini bir tomondan,
chetdan keladigan barcha tushumlar, ikkinchi tomondan esa, chetga chiqariladigan
barcha to’lovlar ko’rsatilgan hujjatdir deb qarash mumkin.
To’lov balansida barcha iqtisodiy bitimlar ikkita katta guruhga bo’linadi: joriy
operatsiyalar va kapital harakati bilan bog’liq operatsiyalar. Shunga ko’ra to’lov
balansi strukturasi ham ikki qismdan iborat:
1. Joriy operatsiyalar hisobi;
2. Kapital harakati hisobi.
Joriy operatsiyalar hisobida mahsulotlar va xizmatlar eksporti «qo’shish»,
import esa «ayirish» ishoralari bilan belgilanadi. Ya’ni, joriy operatsiyalar hisobida
ichki mahsulotlar eksporti kredit, aksincha mamlakatga mahsulotlar olib kelish -
import esa debet sifatida ko’rsatiladi. Chunki, mahsulotlar eksporti xorijiy valyuta
ishlab topib, mamlakat valyuta zaxirasini boyitsa, import esa mamlakatdan valyuta
chiqib ketishiga olib keladi. Bu esa o’z navbatida mamlakat valyuta zaxirasini
kamaytiradi.
2.Makroiqtisodiy modellarda to’lov balansining ahamiyati
Makroiqtisodiy modellarda joriy operatsiyalar balansi qoldig’i quyidagicha
beriladi:
X – M = Xn = Y-(S+I+G)
bu erda: X - eksport; M – import, Xn - sof eksport, S + I + G – absorbtsiya
Joriy operatsiyalar balansida kamomad bo’lgan sharoitda, mamlakatning
eksportdan olgan daromadlari importga qilgan xarajatlaridan kam bo’ladi va uni
tashqaridan qarz olish hisobiga yoki mavjud aktivlarning bir qismini xorijiy
investorlarga sotish orqali qoplashi mumkin. Bu operatsiyalar sof xorijiy
aktivlarning kamayishiga olib keladi.
Sof xorijiy aktivlar (CXA) – bu milliy rezidentlar tomonidan egallab turilgan
xorij aktivlari va xorijliklar egalik qilgan mamlakat aktivlari o’rtasidagi farqni
bildiradi.
Kapital xarajatlari hisobida aktivlar bo’yicha barcha xalqaro operatsiyalar
ko’rsatiladi.
Kapital xarakati balansi =Aktivlarni sotishdan tushadigan barcha tushumlar –
Xorijiy aktivlarni sotib olishga qilingan xarajatlar.
Xorijga aktivlarni sotish valyuta zaxirasini ko’paytirsa, sotib olish esa uni
kamaytiradi. Shuning uchun kapital harakati balansi barcha operatsiyalardan
keladigan sof valyuta tushumlarini ko’rsatadi. Kapital harakati hisobining ijobiy
qoldig’i mamlakatda kapital ko’payishini bildirsa, uning salbiy qoldig’i
mamlakatda kapital kamayishini bildiradi.
Shunday qilib, balansning bu ikki bo’limi bir-biri bilan tenglashib boradi.
To’lov balansi qoldig’i= Joriy operatsiyalar + Kapital harakati balansi
To’lov balansi muvozanatini ta’minlash
To’lov balansi muvozanatini ta’minlash uchun joriy hisoblar va kapital
harakati qoldiqlari bir-birini aynan qoplashi zarur bo’ladi. Markaziy Bank valyuta
interventsiyasini amalga oshirish chorasini ko’rmasa, va rasmiy valyuta zahiralari
miqdorini o’zgartirmasa to’lov balansi hisoblarini valyuta kursining erkin
tebranishi hisobiga o’zaro tartibga solish amalga oshiriladi.
Bunday sharoitda kapital oqib kelishi sababli milliy valyutaning
qimmatlashuvi, kapital chiqib ketishi sababli esa uning arzonlashuvi ro’y beradi.
Valyuta kursining erkin tebranishi to’lov balansining joriy va kapital hisoblarini avtomatik ravishda mutanosiblashtirish mexanizmi hisoblanadi.
Agar Markaziy Bank rasmiy valyuta zahiralari vositasida chet el valyutasini
sotib yoki sotib olib valyuta kursini erkin tebranishiga barham bersa valyuta
kursining erkin tebranishi vositasida to’lov balansini tartibga solish zarurati
yo’qoladi.
To’lov balansi inqirozini hal etishning yagona yo’li makroiqtisodiy tartibga solish hisoblanadi.
O’tish davri iqtisodiyotida xorijiy valyutaga spekulyativ talab oshishi
Markaziy Bankni qiyin ahvolga solib qo’yadi. Chunki rasmiy valyuta zaxiralari bir
vaqtning o’zida ham to’lov balansi taqchilligini ham ichki spekulyativ talabni
qondirish uchun etarli bo’lmasligi mumkin.
Valyuta almashinuv kursini tartibga solish bu vaziyatdan chiqishning yagona
yo’lidir.
Qisqa istiqbolda to’lov balansi qoldig’i jamg’arish va investitsiyalar
hajmlarini belgilovchi omillar (masalan byudjet soliq siyosati, foiz stavkalari)
ta’sirida o’zgarishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |