MT23_XIX ASR OXIRI – XX ASR BOSHLARIDA MILLIY-OZODLIK HARAKATI GEOGRAFIYASI. REJA: Turkiston o’lkasining milliy ozodlik harakatlari markaziga aylanishi.
Xalq qo’zg’alonlarining boshlanishi.
“Turkiston o`lkasini idora qilish to`g`risidagi Nizom”.
XIX asr oxirida Turkiston o`lkasi Rossiya imperiyasidagi milliy-ozodlik harakati markazlaridan biriga aylanib bordi. U g`alayonlar o`lkasi bo`lib qoldi va podsho hokimiyati bu milliyozodlik harakatini bostira olmadi.
1872-yiliyoq Toshkent uyezdining Qorasuv daryosi bo`yida dastlabki g`alayonlar bo`lib o`tdi, mustamlakachi amaldorlarning hokimiyatni suiiste’mol qilishi bunga sabab bo`ldi. 1885-yilda Andijon va Marg`ilon uyezdlarida, 1893yilda Qo`qon va Namangan uyezdlarida dehqonlar g`alayonlari bo`lib o`tdi. Toshkentda 1892-yil mayda boshlangan va 2 mingdan ziyod kishining umriga zomin bo`lgan vabo epidemiyasiga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar eng yirik xalq qo`zg`alonlaridan biriga sabab bo`ldi.
Toshkent shahrida vabo birinchi marta 1872-yilda tarqalgan edi. o`shanda ham 2 mingdan ortiq odam bu dahshatli yuqumli kasallikdan vafot etgan edi. 1892-yil vabo Qobul va Hirotda paydo bo`ldi. 1-iyunga kelib vabo Samarqand viloyatining Jizzax uyezdiga tarqaldi. 7-iyunda Toshkentda dastlabki kasallanish qayd etildi, 14-iyunda esa vabo butun shaharga tarqaldi. Ma’muriyat epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar ko`ra boshladi. Shahar shifoxonasi vabo kasalxonasiga aylantirildi. Shaharga kirish cheklab qo`yildi. Vafot etganlarni faqat tibbiyot xodimi ko`zdan kechirgandan so`ng maxsus vabodan o`lganlar qabristoniga ko`mish to`g`risida buyruq chiqarildi. Shifokor-feldsherlar yetishmasligi sababli tekshiruv ko`pincha uchinchi yo to`rtinchi kuni o`tkazilar edi. Va’da qilingan to`rtta qabristondan faqatgina bittasi ochildi, u ham shaharning bir chekkasida edi. Shahar bo`ylab podsho hokimiyati ma’murlari suvni, rus shifokorlari bemorlarni qasddan zaharlayotgani, murdalar qabrlardan chiqarib tashlanayotgani to`g`risida mish-mishlar tarqaladi. Garchi uning asosiy sababi mehnatkash ommaning og`ir ahvoli, hunarmand kosiblar va mardikorlarni ayovsiz ezib ishlatilishi, narxlarning to`xtovsiz o`sib borishi, shahar amaldorlari hokimiyatni suiiste’mol qilishi, turli darajadagi amaldorlarning tovlamachiligi va hokazolar bo`lsa-da, biroq yuqoridagi "mish-mish"lar qo`zg`alonga sabab bo`ldi.
Qo`zg`alon 1892-yil 24-iyunda boshlandi. Dastlab u mahalliy aholining boy-badavlat zodagonlarga qarshi, hokimiyatni suiiste’mol qilish bilan tanilgan shahar bosh oqsoqoliga qarshi qaratilgan edi. Qo`zg`alonchilar asosan mardikorlar va hunarmand kosiblardan iborat edi. Bu voqeani o`z ko`zi bilan ko`rgan zamondoshlaridan biri shunday yozadi: "Olomon umuman isyon ko`tarishni yoki ruslarga qarshi qandaydir zo`ravonlik qilishni istamasdi. Uning maqsadi bu kamsitishlarni bas qilishga erishish edi. Olomon shaharning ruslar yashaydigan qismiga, shahar boshlig`i Putintsevga chora ko`rish to`g`risida iltimos bilan yo`lga tushdi. Olomonda o`qotar yoki boshqacha qurol ham yo`q bo`lib, ular chamasi 400 kishi edi". Qo`zg`alon ruslarga qarshi qaratilmagan bo`lib, birorta rus idorasi, rus do`koniga bostirib kirilmadi va bironta ham rus kishi aziyat chekmadi. Ammo shahar boshlig`i polkovnik Putintsevning kuch ishlatish to`g`risidagi buyrug`idan keyin qo`zg`alonchilar uning devonini tor-mor etishdi va o`zini kaltaklashdi, Toshkent oqsoqolining uyiga o`t qo`yishdi. Qo`zg`alonni bostirish uchun kazaklar polki va bir rota askar chaqirildi. Ular qurolsiz olomonga qarata o`q uzishni boshlashdi. 60 kishi tergov qilinib qamaldi. Ulardan 8 tasi o`limga, qolganlari esa turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Qo`zg`alon ishtirokchilarini jazolash chor ma’muriyatining mustamlakaga aylangan hududda ommaviy harakatlarni shafqatsiz va ayovsiz usullar bilan bostirishdagi qat`iyatini namoyish etdi. Qo`zg`alon sabablari yo`qotilmadi, bu esa yanada keng ko`lamli qo`zg`alonlarga olib keldi.
Tarixga Andijon qo`zg`aloni nomi bilan kirgan 1898-yilgi qo`zg`alonni bostirishda ham Rossiya imperiyasi ma’murlari xuddi shunday qatiyatni namoyish etdilar. Farg`ona vodiysida boshlangan qo`zg`alonga asosiy sabab, 1886-yilgi "Turkiston o`lkasini idora qilish to`g`risidagi Nizom" e’lon qilinganidan keyin mustamlaka zulmi kuchayishi edi. Ana shu "Nizom"ga ko`ra o`lkada mustamlaka siyosati va mustamlaka rejimi qonun hujjatlari asosida mustahkamlab qo`yildi. Ushbu "Nizom" asosida podsho hukumati ma’murlari mahalliy xalqqa tegishli yerlarning katta miqdorini tortib olishdi va Rossiyadan ko`chib kelganlar uchun yer fondi tashqil etishdi. Dehqonlarning yalpi daromadidan 10 foiz miqdorida yer solig`i va umumiy soliqlarning 35 foizi miqdorida zemstvo yig`imi joriy etildi. Farg`ona vodiysida asosan paxta yetishtirish joriy etilishi sababli g`alla, oziqovqat ekinlari maydoni va yayloylarning qisqarib ketishiga sabab bo`ldi. Buning oqibatida oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxi keskin ortib ketdi.
1886-yildan keyin "Nizom"da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun urf-odatlari bilan mahalliy aholining milliy tuyg`ularini qattiq tahqirlagan amaldorlarning katta miqdori Turkiston o`lkasiga jo`natilgan edi.
Masalan, 1891-yilda Farg`ona viloyatiga ko`plab rossiyaliklar ko`chirib keltirildi. Ularning joylashtirilishi busiz ham aholisi zich bo`lgan vodiyning ahvolini yanada yomonlashtirib yubordi. Shubhasiz, podsho hukumati ma’muriyatining bunday harakatlari mahalliy aholi noroziligining ortib borishiga sabab bo`ldi. Bundan tashqari, podsho hukumati Turkiston o`lkasida islom va din arboblarining kuchini hamda ta’sirini e’tiborga olmagan edi. Masalan, K.Kaufman hukmronlik qilgan yillarda bosh qozi lavozimini bekor qilgan edi, 1876-yilda esa Qo`qon xonligi shayxulislomi va bosh qozisini Vologda oblastiga surgun qilish to`g`risida farmoyish berdi. Vaqf yerlari tugatilib, davlat mulkiga aylantirilishi va har bir musulmonning besh farzidan biri bo`lmish zakotning bekor qilinishi ham dindorlarning qattiq noroziligini keltirib chiqardi. Qo`zg`alonga Dukchi eshon (Muhammadali eshon) rahbarlik qildi. Qur’oni karimni mufassal o`rganganidan so`ng Muhammadali zohidona kun kechira boshladi va Makkaga hajga borib kelganidan keyin o`zini eshon deb e’lon qildi, atrofiga ko`plab muridlarni to`pladi. Muhammadali eshon qoshiga maslahat olish va taskin topish maqsadida kishilar kela boshladilar. Butun Marg`ilon uyezdida Muhammadali eshonning nufuzi va ta’siri nihoyatda ortib bordi.1 1898-yil 17-mayda Muhammadali eshon qilichlar, xanjarlar, pichoqlar va nayzalar bilan qurollangan 1500 kishi bilan birga Mingtepa qishlog`idan chiqib, Andijon shahriga qarab yurish boshladi. Yo`lda ularga tevarak-atrofdagi qishloqlarning aholisi ham qo`shildi. 18-mayda isyonchilar podsho armiyasi qo`shinlari kazarmasiga hujum qilishdi, ammo qo`shinlar bu hujumni qaytarishga muvaffaq bo`ldi. Isyonchilar bo`lib tashlandi, ko`p o`tmay Muhammadali eshon ham qo`lga tushdi. Qo`zg’alon rejasi tavakkalga asoslangan bo`lib, qatnashchilarning asosini haqiqiy jang mahoratiga ega bo`lmagan oddiy xalq vakillari tashqil etib, qurollari esa o`ta ibtidoiy edi. Andijon qo`zg`aloni podsho hukumati amaldorlari orasida jiddiy tashvish tug`dirdi. Qo`zg`alonning barcha qatnashchilarini qamoqqa olish to`g`risida buyruq berildi. Muhammadali eshon ishi bo`yicha 500 dan ortiq kishi qamoqqa olinib, ulardan 18 kishi osib o`ldirildi, qolganlari esa turli muddatga qamoq jazosiga mahkum etildi.2