Mavzuning maqsadi: Tog’ mintaqasi florasidagi efir moyli o’simliklarni sistematik jihatdan tahlil qilish va o’simliklar qoplamidagi rolini o’rganish
Mavzuning vazifalari:
- tog’ mintaqsi florasidagi efir moyli o’simliklarni adabiyotlardan aniqlash
- efir moyli o’simliklarni sistematik tahlil qilish
- o’rganilayotgan o’simliklarni hayotiy shakllarini tahlil qilish
Efir moyli o‘simliklar. Yer yuzida tarqalgan barcha gulli o’simliklar 300 oilaga mansub bo’lib, shundan 87 oilaning 2500 turida efir moylari borligi aniqlangan. MDH mamlakatlari florasida esa 77 oilaga kiruvchi 1 100 dan ortiq tur efir moyli o’simliklardir. O’zbekistonda efir moyli o’simliklarning 607 turi ma’lum bo’lib, ular 261 turkumga va 56 oilaga kiradi.
Efir moylari o’simlikning turli organlari (bargi, poyasi, guli, mevasi, urug’I va ildizi) da hujayra va to’qimalarining maxsus joylarida(kanalchalarda) to’planadi. Bundan tashqari, hujayra shirasida va parenxema hujayralarida emulsiya holida uchraydi. O’simlikning o’sishi va rivojlanish sharoitiga qarab, undagi efir moylarining miqdori o’zgarib turadi. Efir moylari kimyoviy tarkibining juda murakkabligi, uchuvchanligi va xushbo’y bo’lishi bilan o’simlik moylaridan farq qiladi. Agar efir moylari qog’oz yoki materialga tegizilsa, unda hech qanday dog’ qoldirmaydi. O’simlik moylari esa dog’ qoldiradi. Shuningdek efir moylari ovqat sifatida iste’mol qilinmaydi, o’simlik moylari esa iste’mol qilinadi. Efir moylari ko’pchilik o’simliklarda erkin holda bo’lib, suv bug’I yordamida haydab yoki ekstraksiya yo’li bilan ajratib olinadi. Ba’zi o’simliklarda efir moylari glikozidlar va boshqa moddalar bilan birikkan holda bo’ladi. Ularni sof holda ajratib olish uchun fermentatsiya usulidan foydalaniladi. Efir moylari bir qancha moddalarning murakkab birikmasidan hosil bo’lgan ko’pincha genetik jihatdan o’zaro uzviy bog’langan turli xil organik birikmalardan iborat ularning komponentlari qatoriga uglevodorodlar, spirtlar, aldegidlar, ketonlar, fenollar, laktonlar, efirlar, xinonlar, kislotalar, azotli birikmalar va boshqa moddalar kiradi. Efir moylari tarkibidagi komponentlardan birining miqdori ko’p bo’lsa, u moyning hidini, ya’ni fizikaviy va kimyoviy xususiyatlarini belgilaydi. Urug‘li mahsulotlarning efir moylarida sirka aldegidi, amil spirti va kislotalarining murakkab efirlari: chumoli, sirka, kapron, kapril efirlari mavjud. Behining murakkab efirlarini enant va pelargon kislotalari hamda etil spirti hosil qilgan. Shaftolining murakkab efirlari tarkibiga chumoli, valerian, kapril kislotalari va linalool bir atomli spirti kiradi. Shuningdek, linalool apelsin, bazilik hamda koriandr kabi xushbo‘y ziravorlar tarkibida ham mavjud.
Sitrus mevalar, ukrop va selderey efir moylari tarkibi d- limonenga boн Meva va sabzavotlarning efir moylari tarkibida terpenlarning hosilasi: sitral (sitrus mevalarda), karvon (petrushkada), pinen (petrushka va koriandrda), metilxavikol yoki estragol (petrushka va bazilikda) mavjud. Piyoz va sarimsoqning efir moyida oltingugurtli birikmalar – S6N12S2, sarimsoq moyida esa bundan tashqari S6N10S2, S6N10S3 va boshqalar mavjud. Petrushkaning efir moyida apiol nomli fenol efiri mavjud.
Efir moylarining o‘simliklarda to‘planishi. Turli o‘simliklarda efir moyining ko‘p miqdorda to‘planishi turli vaqtlarga to‘g‘ri keladi. Odatda o‘simliklar gullash, ba’zilari g‘unchalash davrida yoki bundan ham ertaroq efir moylarini maksimal miqdorda to‘playdi. Efir moyining o‘simlik tarkibida ko‘p yoki kam miqdorda to‘planishi havo haroratiga va namligiga, tuproq namligiga hamda yerdagi mineral moddalarning ko‘p yoki ozligiga bog‘liq. Efir moylarining o‘simliklar hayotida tutgan o‘rni, ya’ni ahamiyati shu vaqtgacha to‘la aniqlanmagan. Ba’zi olimlar efir moylari va smolalar o‘simliklarni turli kasalliklardan, zararkunandalardan, chirishdan hamda zaharlanishdan saqlash vazifasini o‘taydi, degan fikrni bildiradilar. Ba’zi nazariyalarda esa efir moylari hasharotlarni jalb etadi va o‘simlik gullarining changlanishiga yordam beradi deyiladi. Bundan tashqari efir moylari o‘simlik chiqindisi yoki zahira ovqat moddasi bo‘lib xizmat qiladi, degan fikrlar ham bor.
Kiyiko‘t, yalpiz, limono‘t, oddiy tog‘jambil, tog‘rayhon, marmarakning yer ustki qismi, qora zira mevasi va moyi, evkalipt bargi va moyi, qayin va qarag‘ay kurtagi, archa (qubbasi), valeriana ildizpoyasi va ildiz, moychechak va darmana shuvoq guli, bo‘ymadoron yer ustki qismida ko‘p miqdorda efir moylari to‘planadi.
Efir moylarini ishlab chiqaruvchi va saqlovchi organlar, asosan ikki guruhga bo‘linadi:
1.Sirtqi — ekzogen organlar o‘simliklar sirtida bo‘lib, epidermal to‘qima ustiga joylashgan. Efir moylari ishlab chiqaruvchi ekzogen organlarga bezsimon dog‘lar, bezli tuklar va maxsus bezlar kiradi. Odatda bezsimon dog‘lar gulning tojbargida bo‘lib, ular ishlab chiqargan moylar epidermal to‘qimaning ustidagi kutikula qavati ostida to‘planadi. Natijada oz miqdorda efir moyi to‘planadigan va mikroskop ostidagina ko‘rish mumkin bo‘lgan dog‘lar vujudga keladi.Ba’zan o‘simliklarning barg, poya va gul qo‘rg‘onida uchraydigan tuklarning bezli boshchalari bo‘ladi. Bu boshchalar efir moyi ishlab chiqarishi mumkin. Shuning uchun bunday tuklar efir moyi ishlab chiqaruvchi bezli tuklar deb ataladi.
Efir moyi ishlab chiqaruvchi bezlar ekzogen organlarning eng murakkabi hisoblanadi. Odatda ular poya, barg va gul qo‘rg‘onning epidermal to‘qimasi ustiga oyoqchalari yordamida joylashgan bo‘ladi. Oyoqchalari bitta yoki bir nechta qisqa hujayralardan, boshchalari esa efir moyi ishlab chiqaruvchi 4—12 va undan ortiq hujayralardan tuzilgan. Efir moylari kutikula qavati ostiga to‘planganligi uchun bezlar ko‘pincha so‘rg‘ich shaklida bo‘ladi. Efir moyi ishlab chiqaradigan bezlar labguldoshlar va murakkabguldoshlar oilasiga kiradigan o‘simliklarda ayniqsa ko‘p. Bunday bezlarni mikroskop ostida yalpiz, marmarak barglarida, moychechak gulida ko‘rish mumkin.
2. Ichki — endogen organlar epidermal to‘qimalar ostida joylashgan. Efir moylari ajratib chiqaruvchi endogen organlarga moy to‘planadigan joylar, kanalchalar, moy yo‘llari hamda ildiz va ildizpoyaning epidermis yoki probka to‘qimalari ostida bir-ikki qator bo‘lib joylashgan hujayralar kiradi. Bunday hujayralar efir moyi ishlab chiqaradi va uni saqlaydi.
Efir moyi to‘planadigan joylar shar yoki cho‘ziq shaklda bo‘lib, o‘simliklar bargida va gulkosacha bargida, po‘stlog‘ida, yog‘och qismida hamda meva po‘stida uchraydi.
Efir moyi to‘planadigan joylar o‘simlik organlarida turli usullar bilan hosil bo‘ladi. O‘simlik to‘qimalari hujayralarining siqilishi natijasida bo‘shliq vujudga kelib, so‘ngra uning chetlarida efir moyi ishlab chiqaradigan hujayralar paydo bo‘ladi va ular moy yig‘iladigan joyni hosil qiladi. Bu usul sxizogen tipi deb ataladi. Ba’zan to‘qimalarda oldin ishlab chiqarilgan bir tomchi efir moyi o‘z atrofidagi hujayralarni eritib, bo‘shliq hosil qiladi. Natijada bu bo‘shliq tevaragida efir moyi ajratuvchi hujayralar paydo bo‘lib, ular moy yig‘iladigan joyni vujudga keltiradi. Bu usul lizogen tipi deb ataladi. Odatda o‘simlikdarda bu ikki usulning to‘qimalarda umumlashishidan sxizolizogen tipida hosil bo‘lgan efir moyi to‘planadigan joylarni ko‘proq uchratish mumkin. Bu holda hujayralarning siqilib hosil qilgan bo‘shlig‘ida paydo bo‘lgan efir moyi atrofidagi qolgan hujayralarni ham eritib, moy yig‘iladigan joyni vujudga keltiradi.
Odatda havo harorati ko‘tarila boshlagan sari o‘simlik tarkibida efir moylari ko‘proq sintezlanadi va aksincha, havo namligi ko‘payishi bilan bu birikmalar miqdori kamayib boradi. Tuproqdagi namlikning o‘rta darajadan ko‘p yoki kam bo‘lishi o‘simlik tarkibida efir moylarining kamayishiga olib keladi. Shuningdek qurg‘oqchilik ba’zi o‘simliklarda efir moylarining ko‘p to‘planishiga sabab bo‘ladi. Odatda janubiy tumanlarning florasi shimoliy tumanlarnikiga nisbatan efir moyi saqlovchi turlarga boy. Shu sharoitda o‘sadigan o‘simliklarning efir moylarining hidi ko‘proq xushbo‘y, tarkibiy qismi ham murakkabroq bo‘ladi.
Efir moylari komponentlaridan atir-upa sanoati uchun eng ahamiyatlisi kislorodli birikmalaridir. O’simliklardan ajratib olingan efir moylari ochiq havoda yorug’lik ta’sirida tez o’zgarish xususiyatiga egadir. Natijada ularning rangi, tarkibi hamda xuxusiyatlari o’zgarib ketadi. Yuqori haroratda qaynovchi polimerli birikmalar hosil qiladi. Bu hodisaning ro’y berishiga asosiy sabab kislorod va havo namligi ta’sirida efir moylari tarkibidagi komponentlar ba’zi birlari oksidlanishi ham uchuvchanlik holatini yo’qotishidir. Efir moylari tarkibida aldegidlar bo’lsa, bu vaqtda uning rangi qorayadi.
So’nggi paytlarda xalq xo’jaligining turli sohalarida efir moyli o’simliklardan olinayotgan xomashyo mahsulotlari ishlatilmoqda. Ayniqsa efir moylaridan parfyumeriya sanoatida atir-upalar, tish pastalari va poroshoklar pomodalar hamda sovunlar ishlab chiqarishda keng foydalaniladi. Farmasevtikada ba’zi bir efir moylari hamda ularning aralashmalaridan mentol, timol, anetol va boshqalardan davolashda, antiseptik xususiyatga ega bo’lganligi sababli turli xil tish og’rig’I, teri kasalliklari, sochlarga ishlov beradigan) dorilar tayyorlashda foydalaniladi. Mentolning spirtli eritmasi og’iz bo’shlig’i jarohatlanganda va nafas yo’llari yallig’langanda, oshqozon-ichak yo’llari infeksiyasiz kasallik bilan og’riganda davolash maqsadida ishlatiladi. Ko’pchilik efir moyli o’simliklar atirgullar gulsafsarlar, rayhon, piyozgullar o’z navbatida manzarali, lavanda, koriandr, marmarak, issoplar esa eng yaxshi asalchil o’simliklardir. Shunday qilib, efir moyli o’simliklar xalq xo’jaligining turli sohalarida ishlatilishi bilan bir qatorda xalqaro bozorda ularga bo’lgan talab kun sayin ortib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |