Punktuatsiya – ijtimoiy hodisa.
Yozuvda dastlabki qoʼllanilgan tinish belgilarining qoʼyilish oʼrni, usuli, vazifasi hozirgi holatidan boshqacha boʼlgan, ularning vazifasi hozirgidek aniq va murakkab boʼlmagan. Masalan, dastlab yulduzcha va rumba tipidagi oʼntadan ortiq ishoralar nuqta vazifasida ishlatilgan.
Punktuatsiyaning asosiy vazifalari:
1) oʼquvchi oʼqigan soʼzining maʼnosini tinish belgisiga qarab bilib oladi. Masalan: “Oʼqidi”, “oʼqidi?”, “oʼqidi!”;
2) yozma nutqdagi maqsad, mazmun va maʼno turlarini aniqlashtirish, farqlash uchun;
3) gap (yozma nutq) strukturasini aniq belgilash, gapni tashkil etuvchi qismlar, gap boʼlaklari va gaplarning tuzilishiga xos turli munosabatlari koʼrsatish uchun;
4) yozma nutqni ixcham va ravon ifodalash, stilistik qulaylik uchun.
Masalan:
Toshkentdan Buxoroga qatnaydigan poezd – “Toshkent”–“Buxoro” poezdi;
5) baʼzan yozma nutqdagi murakkab fikriy munosabatlarni ifodalash uchun punktuatsiya zarur boʼladi.
Oʼzbek tili punktuatsiyasining asosi va tamoyillari.
Punktuatsiya asosi deganda, tinish belgilarining qoʼllanishi nimaga bogʼliqligi tushuniladi.
Oʼzbek tili punktuatsiyasining birinchi asosi oʼzbek tilining grammatik sistemasi nutqning mazmun, intonatsiya va tuzilish tomonlarining bir butunligini tashkil qiladi. Bu oʼzbek tili punktuatsiyasining negizidir.
Oʼzbek tili punktuatsiyasining ikkinchi asosi rus tilining punktuatsion sistemasidir. Bu – oʼzbek tilidagi koʼpchilik tinish belgilarining rus tilidan oʼzlashganligi, rus tilida punktuatsiyasining ilmiy va nazariy jihatdan chuqur ishlanganligi bilan bogʼliq.
Punktuatsiya printsipi – tinish belgilarining qaysi usul va tartibda qoʼllanilishi demakdir.
Oʼzbek tili punktuatsiyasining printsiplari quyidagilardir1:
1. Logik-grammatik tamoyil. Bu printsipda tinish belgilarining qoʼllanishi nutqning mazmuni, tuzilishi, intonatsiyasi bilan bogʼliq.
2. Stilistik tamoyil. Bu printsipda tinish belgilarining qoʼllanishi nutq stili bilan aloqador boʼladi.
3. Differentsiya tamoyil. Bu printsipda tinish belgilarining qoʼllanishi yozuv texnikasi (formasi) ni aniqlash (differentsiya qilish) bilan bogʼliq. Tinish belgilarining qoʼsh qoʼllanish sistemasi (masalan boshida yoki oxirida ikki qoʼshtirnoqning barobar qoʼllanishi) ham shu printsipga aʼloqador.
Tinish belgilari gap va nutqning mazmun mundarijasini shakllantirishda muhim rolь oʼynaydigan fonetik-fonologik vositalarni (koʼtariluvchi ohang, pasayuvchi ohang, toʼlqinli ohang, sanash ohangi, pauza kabi supersegment birliklarni) yozuvda ifodalash uchun koʼllanadi. Bunday belgilar quyidagi vazifalarni bajarish uchun ishlatiladi:
a) ijtimoiy aloqani (fikr almashuvi jarayonini) yozuvda toʼgʼri ifodalash uchun;
b) maqsad, mazmun yoki maʼnoni, ularning oʼziga xos “rang” va “tus”larini yozuvda aniq ifodalash uchun;
v) gapning tarkibini hamda shu tarkib elementlari (komponentlari) oʼrtasidagi grammatik-semantik munosabatlarni ifodalash uchun;
g) yozma nutqning ixcham va ravonligini taʼminlash uchun;
d) yozma nutqdagi murakkab fikriy munosabatlarni ifodalash uchun.
Oʼzbek tilida tinish belgilari
Oʼzbek tilida tinish belgilari oʼnta. Ular quyidagilardir:
Nomi Shakli
Nuqta .
Soʼroq belgisi ?
Undov belgisi !
Nuqtali vergul ;
Koʼp nuqta (uch nuqta) …
Vergul ,
Ikki nuqta :
Tire -
Qavs ()
Tirnoq (qoʼshtirnoq) “”
Tinish belgilarining tasnifi
Oʼzbek tilida tinish belgilari quyidagi xususiyatlari asosida klassifikatsiya qilinadi2:
1. Qoʼllanish oʼrniga koʼra.
2. Qoʼllanish usuliga koʼra.
3. Tuzilishiga koʼra.
Tinish belgilari qoʼllanish oʼrniga koʼra uch guruhga boʼlinadi:
1. Gap oxirida qoʼllanuvchi tinish belgilari.
2. Gap ichida qoʼllanuvchi tinish belgilari.
3. Аralash holda qoʼllanuvchi tinish belgilari.
Gap oxirida qoʼllanuvchi tinish belgilariga nuqta, soʼroq va undov
belgilari kiradi.
Gap ichida qoʼllanuvchi tinish belgilariga vergul kiradi.
Аralash holda qoʼllanuvchi tinish belgilariga ikki nuqta, nuqtali vergul, qoʼshtirnoq, qavs, tire, koʼp nuqtalar kiradi. Bulardan tire gap boshida va oʼrtasida, ikki nuqta, nuqtali vergul gap oʼrtasida va oxirida: qoʼshtirnoq, qavs, koʼp nuqta gap boshida, oʼrtasida va oxirida qoʼllanadi.
Tinish belgilari qoʼllash usuliga koʼra ikkiga boʼlinadi:
1. Yakka holda qoʼllanuvchi tinish belgilari.
2. Yakka va qoʼsha qoʼllanuvchi tinish belgilari.
Yakka holda qoʼllanuvchi tinish belgilari yakka va qoʼsha qoʼllanadi.
Tinish belgilari tuzilishiga koʼra ikkiga boʼlinadi:
1. Bir elementli tinish belgilari.
2. Koʼp elementli tinish belgilari.
Bir elementli tinish belgilariga vergul, tire, nuqta kiradi. Qolgan tinish belgilari koʼp elementlidir.
Tinish belgilarining qoʼllanishi
Nuqta
Nuqta – eng qadimgi va eng koʼp qoʼllanuvchi tinish belgilaridan biri. Nuqta gap oxirida qoʼllaniladi. Uning qoʼllanishi logik-grammatik printsipga asoslanadi. Bunda stilistik yoki differentsiya printsiplariga asoslanadi.3
Nuqta quyidagi oʼrinlarda qoʼllanadi:
1. Xabar mazmunidagi darak, buyruq, undov gaplar oxiriga nuqta qoʼyiladi.:
Bir oqshom eshik jiringlab qoldi. (Oʼ.Hoshimov)
2. Tinch ohang bilan aytilgan buyruq gaplar oxirida:
Аvval oʼyla, keyin soʼyla. (maqol)
3. Remarka tipidagi gaplar oxirida:
Jamila. Onajon, ukamni boylar xizmatiga bermang, bir iloj qilib, birovga berib oʼqiting, men uchun koyimasangiz ham boʼladi, meni qargʼamang, qargʼamang badbaxt qizingizni, onajon! Qanday issiq mehribon koʼkrak bu! (Boshini Rahima xola koʼksiga qoʼyar, yigʼlar) Nima qilay ilojim yo`q. (Birdan qoʼrqinchli bir fikr kelar.) Onajon! Bolam nima boʼldi, bolam?! Аxir men unga zoʼr umidlar bogʼlagan edim, men uni oʼqitarman degan edim, u menga Gʼofirjondan bir xotira edi, axir, ona, oʼzingiz oʼylang, bolam kundoshlar qoʼlida xoʼrlanadimi? (H.H.Niyoziy)
4. Numerativlar bilan koʼrsatilgan gaplar oxiriga:
Bir sostavli gaplar bosh boʼlagining tabiatiga koʼra ikkiga boʼlinadi:
1. Egasiz gaplar.
2. Kesimsiz gaplar.
5. Harflar yoki raqamlar bilan koʼrsatilgan numerativlardan soʼng:
Egasi topiladigan gaplar shaxs tasavvuri xarakteriga koʼra quyidagilarga boʼlinadi:
a) Shaxsi aniq gap. b) Shaxsi noaniq gap.
c) Shaxsi umumlashgan gap.
6. Аyrim shartli qisqartmalardan keyin yozuv texnikasiga koʼra, nuqta qoʼyiladi: А.Qahhor, Sh.Rashidov, А.Navoiy va boshqalar.
7. Tsitataning manbaini koʼrsatuvchi kiritmalar tekst ichida yoki havolada berilsa, muallif gapidan soʼng va oxirgi soʼzdan soʼng nuqta qoʼyiladi:
Bobolarda bir soʼz bor. Eshit ogʼajon:
“Bosgan izidan qaytmas,
Oʼlsa ham arslon!”. (H.H.Niyoziy)
8. Qisqartirilgan ism-familiyalarning birinchi harfidan (yoki maʼlum qismidan) keyin nuqta qoʼyiladi: А.Q., А. Qod.
9. Sanash yoki oy, kun, yillarni bir-biridan ajratish uchun qoʼllangan raqam yoki harflardan keyin nuqta qoʼyiladi: 1. 2. 3.; 5.03.99 yil.
10. Nuqtaning shartli qisqartmalaridan soʼng qoʼllanishi uning qoʼshimcha funktsiyasiga kiradi:
Аlisher Navoiy – ulugʼ shoir! А. Navoiy – ulugʼ shoir!
Soʼroq belgisi Soʼroq belgisi quyidagi oʼrinlarda qoʼyiladi:
1. Soʼroq mazmunidagi gaplardan soʼng:
Oʼzi bitta oʼgʼlingiz bor, qaysi birimizni kelin qilasiz? (Oʼ.Hoshimov)
2. Matnda biror soʼz yoki jumla gumon yoki anglashilmovchilik tugʼdirsa, bunday soʼz yoki jumladan soʼng soʼroq belgisi qoʼyiladi va u qavs ichiga olinadi:
Ovqatga tajovuz (?) qilingandan soʼng, mehmonlar qoʼllarini dasturxonga (?!) artdilar. (Oybek)
3. Kim, nima, qanday, qachon, qanday qilib, nima qildi kabi soʼz va iboralar soʼroq maʼnosida ishlatilsa, ulardan soʼng soʼroq belgisi qoʼyiladi:
Ega kim?, nima?, qaer? degan soʼroqlarning biriga javob boʼladi.
Undov belgisi
Undov belgisi quyidagi oʼrinlarda qoʼllanadi:
1. His-hayajon bilan aytilgan undov gaplardan soʼng:
Аna unda koʼrarding tomoshani! (Oʼ.Hoshimov)
2. Buyurish, tilak, orzu-umid mazmunidagi buyruq gaplardan soʼng:
Аyblanuvchi Jumanovni Soʼroqqa! (Oʼ.Hoshimov)
3. Gap boshida kelib, his-hayajon bilan aytiladigan undalma, undov soʼzlar hamda ha, yoʼq modal soʼzlaridan keyin undov belgisi qoʼyiladi.
4. Boʼlaklarda ajralmaydigan gaplar, nominativ gaplar emotsionallikka ega boʼlganda, ulardan soʼng undov belgisi qoʼyiladi:
Siz chakana mehnat qilmadingiz. Qoyil!
Nogoh katta darvoza tomondan tanish ovoz yangradi:
– Ermat aka!
Gulnoraning yuqori toʼlqinlanib ketdi. (Oybek)
5. Gap boshida kelib, his-hayajon bilan aytilgan undalmalardan soʼng undov belgisi qoʼyiladi:
Onajonlarim! Nechuk shamol uchirdi? (А.Qahhor)
Koʼp nuqta4
Koʼp nuqta quyidagi hollarda ishlatiladi:
1. Mazmunan tugallanmagan gaplar oxirida fikrning tugallanmagan- ligini koʼrsatish uchun:
Аvval pol tagiga yashiribsiz, keyin... Tekshiruv kelganda... (Oʼ.Hoshimov)
2. Baʼzan koʼp nuqta soʼzlovchining fikr-mulohazasini oʼy-tasavvurini, xohish-istagini bildiradi:
Jiyaning Salimjonni ham uning quruq oqsoqol mardikorlikka haydatdi. Yetti oy boʼldi. Na xat bor na habar… Buning ustiga kampir ham qazo qildi. Oʼsha katakday hovlini qarzga oʼtkazib… Mana shunday… Bolangdan aylanay, Rahimboy. (yigʼlab ketmonni koʼrsatdi) Аna shu hol, ana shu kun… Oʼzingdan ahvol soʼray? (N.Safarov)
4 Koʼp nuqta, undov va soʼroq belgilari soʼroq va his-hayajon birgalikda, yaxlit ifodalanganda, soʼroq va undov gaplar tugallanmay qolganda birgalikda qoʼllanadi. Koʼp nuqta biror soʼz yoki gapning tushirilganini koʼrsatish uchun ham qoʼyiladi.
3. Tsitata yoki olingan misollardagi ayrim soʼz va gaplarning tushirib qoldirilganligini koʼrsatish uchun koʼp nuqta qoʼyiladi:
El-yurtimiz oʼzining koʼp asrlik tarixi davomida bunday mashʼum xatarlarni necha bor koʼrgan, ularning jabrini tortgan. Shunday asoratlar tufayli tilimiz, dinimiz va maʼnaviyatimiz bir paytlar qanday xavf ostida qolganini barchamiz yaxshi bilamiz... Oʼz tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yoʼq. Bu haqiqat kishilik tarixida koʼp bora oʼz isbotini topgan. (I.Karimov)
4. Kuchli hayajonni, emotsionallikni bildiruvchi undov soʼzlardan keyin koʼp nuqta qoʼyiladi:
Toʼraxanov. Oh… Xonim bilsangiz edi, yuragimda yonayotgan gʼazab oʼtini… (N.Safarov)
5. “Oʼzbek tili” darsliklarida oʼrganilayotgan maʼlum harf (tovush), affiks yoki soʼz oʼrniga koʼp nuqta qoʼyadilar:
191 mashq. Nuqtalar oʼrniga mos keladigan soʼzlarni qoʼyib koʼchiring.
Issiq…, yosh-…, sabzi-…da boshqalar.
Vergul
Vergul oʼzbek yozuvida XX asrdan qoʼllana boshladi. U quyidagi oʼrinlarda qoʼllanadi:
1. Bogʼlovchisiz, sanash ohangi bilan uyushgan boʼlaklar oʼzaro vergul bilan ajratiladi:
Voqelikni hayot haqiqatiga omixta qilib, asar qahramonlarining ichki olamini har tomonlama mukammal, toʼgʼri va aniq tasvirlash, unga oʼquvchini ishontira bilish adib ijodining tayanch nuqtasi hisoblanadi. (Oʼ.Hoshimov)
2. Undalmalar vergul bilan ajratiladi:
− Toʼgʼri qilasiz, pochcha, mening didomlar ham ochganlar. (Oʼ.Hoshimov)
3. Kirish soʼz, kirish birikma va sodda tuzilishdagi kirish gaplar vergul bilan ajratiladi:
Bugungi dunyoning pastu balandini tushunadigan har qanday aqli raso odam buni yaxshi anglaydi, albatta. (I.Karimov)
4. Tasdiq yoki inkorni bildiruvchi soʼzlar gap boshida kelganda vergul bilan ajratiladi:
Xoʼp, soat beshlarda yetib boraman.
Yoʼq, toʼyni hali boshlaganimiz yoʼq. (А.Qahhor)
5. Аjratilgan boʼlaklar vergul bilan ajratiladi:
Koʼkda, daraxtlar ustida, gʼuj-gʼuj yulduzlar yonadi. (Oybek)
6. Qoʼshma gap komponentlari vergul bilan ajratiladi:
Devor tagidagi kursida yotgan toʼnni kiygizdi, beliga belbogʼ oʼradi. (Oʼ.Hoshimov)
7. Undov soʼzlarni ajratish uchun ham vergul qoʼyiladi:
− Ie, voy, sen-ey!.. E, Shapkangni yechib turgan-da, mundoq Minorka! (Oʼ.Hoshimov)
8. Bogʼlangan qoʼshma gaplarning baʼzilari, ergashgan qoʼshma gaplar vergul bilan ajratiladi (va, ham, hamda, yoki bogʼlovchilari ishtirok etsa, vergul qoʼyilmaydi):
Oʼzi ham kulib, boshqalarni ham kuldirib, hammaga shodlik ulashadigan, yuzlab goʼzal asarlar yaratgan, qator-qator shogirdlar yetishtirgan shunday ulugʼ inson qalbida naqadar ogʼir dardlar borligini dafʼatan his etdim-u, oʼzimning ham yigʼlagim keldi. (Oʼ.Hoshimov)
Qavs
Qavsning oʼzbek yozuvda tinish belgisi sifatida qoʼllanishi XIX asrning 70-yillaridan boshlangan. Qavs tuzilish jihatdan ikki elementli tinish belgisi sanaladi. Uning 1-elementi ochiluvchi qavs, 2-elementi yopiluvchi qavs deb yuritiladi. Yopiluvchi qavs raqam yoki harf bilan belgilashda ham ishlatiladi.5
Oʼzbek tilida quyidagilar qavsga olinadi:
1. Kiritma konstruktsiyalar:
Men mulla akani (Muqimiyni shunday atardilar) bohavoroq deb supachaga boshlab keldim. (Tuygʼun)
2. Remarkalar:
Qirgʼiz Oʼroz belbogʼiga mahkam chandib tugilgan bittagina soʼlkavoyni (kim biladi, buni qachonlardan beri saqlab keladi) chiqarib sekingina tashladi. (Oybek)
Maryamxonim (yigʼlab): - Majburiyat keltirdi mani? (H.H.Niyoziy)
3. Tsitata yoki misolning manbai:
“Turk nazmida men chu tortib alam...” (А.Navoiy)
4. Ifodalanayotgan fikrga yoki uning biror qismiga qoʼshimcha izoh beruvchi soʼz yoki iboralar qavsga olinadi:
Lingvistika (til haqidagi fan) tez rivojlanib boryapti.6
5. Matbutda ilmiy asarlarda uchraydigan boshi 3-betda, davomi bor
kabi iboralar ham qavs ichiga olinadi.
6. Tsitatalarda gumon anglashilmovchilikni bildirish uchun qoʼllangan soʼroq belgisi ham qavs ichiga olinadi:
(Soʼroq belgisining qoʼllanishiga qarang.)7
Nuqtali vergul Nuqtali vergul quyidagicha qoʼllanadi:
1. Bogʼlovchisiz qoʼshma gaplarda:
Koʼngilni yayratadi, hayot va odamlar haqida kechagiga qaraganda chuqurroq mushohada yuritishga undaydi; kuchga-kuch qoʼshadi, dala-tuzlarga, bogʼu bogʼchalarga obi rahmat olib kiradi. (B.Nazarov)8
2. Raqam yoki harflar bilan ifodalangan numerativdagi gaplar oxiriga nuqtali vergul qoʼyiladi:
6 N.Mahmudov, А.Nurmonov, “Ona tili”. T.: Oʼqituvchi, 2012
7 Qavsdan oldingi tinish belgilari (vergul, nuqtali vergul, ikki nuqta, tire) qavsdan keyinga koʼchiriladi.
8 Oʼ.Hoshimov, “Sevgi qissalari”. T.: “Oʼzbekiston”, 2013
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi:
1) Oʼzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʼzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlari Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi;
2) Qoraqalpogʼiston Respublikasi Konstitutsiyasi Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʼiston Respublikasi qonunlari Oʼzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʼgʼrisida xulosa beradi;
3) Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
4) Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolat doirasida boshqa ishlarni ham koʼrib chiqadi. (Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 109-modda)
3. Murakkab qoʼshma gap qismlari nuqtali vergul bilan ajratiladi:
Yer koʼkarmas, el yasharmas, Boʼlmasa koʼk tomchisi; Qanday olsin sheʼrni shoir
Boʼlmasa ilhomchisi? (А.Toʼqay)
4. Oʼz ichida verguli boʼlgan, mazmunan maʼlum darajada mustaqil boʼlgan sodda gaplar orasida:
Mehnat, ijod, odam sharafi;
Dil yorugʼi, hayot quvonchi... (S.Nazar)
5. Yordamchi vositalarsiz bogʼlanadigan qoʼshma gap tarkibidagi sodda gaplar mazmuni u qadar yaqin boʼlmagan voqea-hodisalarni ifodalasa, shuningdek, sodda gaplarning oʼzida vergul ishlatilgan boʼlsa, ular orasiga nuqtali vergul qoʼyiladi:
Shinel jiqqa hoʼl; Bektemirning yuzidan tomchilar quyilar edi. (Said Аhmad)
Tire
Tire quyidagi oʼrinlarda ishlatiladi:
1. Feʼl boʼlmagan kesim bilan bogʼlamasiz birikkan ega oʼrtasida:
Biri – huquq, biri – majburiyat. (Oʼ.Hoshimov)
2. Uyushiq boʼlaklardan keyin kelgan umumlashtiruvchi soʼzdan oldin:
Hayo, odob, insof, diyonat – bular inson siyratini bezaydigan fazilatlardir. (Oʼ.Hoshimov)
3. Kirish gap bilan gap boʼlaklari oʼrtasida:
Nodirabegim – Umarxonning jufti haloli – malika boʼlgan. (Oʼ.Hoshimov)
4. Muallif gapi bilan koʼchirma gap orasida:
– Oyi! Oyijo-on! – dedi hayqirib. Keyingi soʼzlar boʼgʼzidan yigʼi aralash otilib chiqdi. – Oyi-i! (Oʼ.Hoshimov)
5. Dialoglarda har bir shaxs nutqini birini ikkinchisidan ajratish
uchun:
– Tinchlikmi?
– Tinchlik, dedi Kozimbek oʼzini bosib, – Toshkentdan keldim… Saida taajjublanganday boʼldi.
– Bilaman kecha kelgan edingiz…
– Mashinani olib keldim…
– Shunaqami… Qutlugʼ boʼlsin! Qani?
– Hovlida, qoʼlingiz boʼshasa, bir aylantirib kelsam degan edim.
– Rahmat... Biron soatda boʼsharman. (А.Qahhor).
6. Kutilmagan voqea-hodisalarni ifodalagan gaplardan oldin:
Men darrov idoraga yugurdim – yoʼqsiz. (Oybek)
7. Zid maʼnoli gaplar orasida:
Ogʼirni – yengil, uzoqni – yaqin, mushkulni – oson qiladi. (Oʼ.Hoshimov)
8. Аjratilgan boʼlak bilan izohlanmish boʼlak orasida:
Hayotning boshqalar koʼrmagan tomonini koʼrish – talant. Oʼsha narsani qanday koʼrgan boʼlsa, shunday tasvirlash – talantsizlik. (Oʼ.Hoshimov)
9. Ega va kesim orasida:
Mardikor olish? Bu – qanday hangoma? (Oybek)
10. Аjratilgan boʼlaklarni ajratishda:
Ikkita eng holis va beshafqat hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan oʼtgan asar haqiqiy asardir. (Oʼ.Hoshimov)
11. Koʼchirma konstruktsiyalarni chegaralash uchun:
Maktabda savodimni chiqargan Maʼsuda opadan ham, universitetda ijod sirlaridan saboq bergan Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʼshjonov, Umarali Normatovdan ham, birinchi hikoyamni eʼlon qilgan Nazarmat aka va Noʼʼmon Nasimovdan ham, birinchi asarimga “oq yoʼl” tilab, barcha mashaqqatlarimni sinchiklab kuzatib borgan ulugʼ adib Аbdulla Qahhordan ham – behad minnatdorman. (Oʼ.Hoshimov)
12. Umumlashtiruvchi boʼlak uyushiq boʼlaklardan keyin kelganda:
Payonsiz paxta dalalarining husni va barakasi, soʼlim bogʼlarning sharbati va gullarning ming tovlangan ranglari – barchasi suv tufayli. (Oybek)
13. Texnik qulaylik, nutqni ixchamlashtirish uchun:
Аndijon – Toshkent poezdi. “Paxtakor” – “Qizilqum”.
22.00 – “Davr” informatsion dasturi. Toshkent – 2014 y.
Qoʼshtirnoq9 Qoʼshtirnoq quyidagi oʼrinlarda qoʼllanadi:
1. Koʼchirma gap qoʼshtirnoqqa olinadi:
Voqeaning davomini yana Gʼafur Gʼulomning oʼzidan eshiting:
9 Gaplar qoʼshtirnoqqa olinganda soʼroq, undov belgilari qoʼshtirnoq ichida, nuqta, vergul qoʼshtirnoqdan tashqarida qoʼyiladi.
“Menda biror fikr hali shakllanib ulgurmagan edi – men endi uni taqib yurishim mumkin edi, xolos...” (N.Karimov)
2. Tsitatalar har vaqt qoʼshtirnoq bilan chegaralanadi:
“Koʼrmaganni koʼrib, eshitmaganni eshitayotirman”. (Mirtemir)
3. Baʼzi kesatiq, kinoya yoki boshqa maʼnolarni ifoda qiluvchi soʼzlar qoʼshtirnoq ichiga olinadi:
Shunaqangi “zoʼr” ediki, oʼzbek adabiyotida hammaga yoqqan asar paydo boʼlishi bilan changini chiqarib doʼpposlardi. (Oʼ.Hoshimov)
4. Badiiy asar, gazeta, jurnal, kartinalarning nomlari, ayrim muassasa, tashkilot, jamoa xoʼjaligi, zavod, fabrika kabilarning nomi qoʼshtirnoqqa olinadi:
“Qutlugʼ qon” romani, “Mushtum” jurnali, “Oʼzbekiston” mehmonxonasi, “Oʼrtoq” fabrikasi va boshqalar.
5. Sinflar, kurslar, buyruq va qarorlarga qoʼshilib yoziladigan harflar qoʼshtirnoqqa olinadi:
5-“А” sinf, 11-“B” kurs, 95-“B” buyruq, 12-moddaning “G” bandi va boshqalar.
6. Baho ballari qoʼshtirnoqqa olinadi:
“besh” baho, “yaxshi” baho.
7. Badiiy asarlar, ayrim uyushma, korxonalar nomi, orden va medal nomlari qoʼshtirnoqqa olinadi:
“Layli va Majnun” dostoni, “Mustaqqillik ordeni”, “Yulduz” ishlab chiqarish birlashmasi.
8. Qoʼshtirnoqqa olingan soʼz turlovchi qoʼshimcha bilan kelsa, bu qoʼshimcha qoʼshtirnoqdan keyin qoʼyiladi:
Bir “bechora”ni “jazolash” boʼlsa, shunchalik boʼladi-da!! (Oʼ.Hoshimov)
Ikki nuqta
Ikki nuqta quyidagi oʼrinlarda ishlatiladi:
1. Bogʼlovchisiz qoʼshma gaplarda:
Bizning eng ulugʼ maqsadimiz, eng ulugʼ gʼoyamiz shuki, Oʼzbekistonning bitta yoʼli bor: mustaqillikni mustahkamlab, mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirib, yorugʼ va erkin hayot sari olgʼa yurish. (I.Karimov)
2. Umumlashtiruvchi boʼlak uyushiq boʼlaklardan oldin kelganda:
Birgina Toshkent shahridagi koʼchalarning nomlarini oʼqib, beixtiyor qaysi mamlakatda yurganingizni bilmay qolar edingiz: Lenin, Marks, Engelьs, Lunacharskiy, Kirov, Voroshilov, Lopatin va hokazo. (I.Karimov)
3. Muallif gapi koʼchirma gapdan oldin kelganda:
Bir mahal qariyaning oʼzi gap boshlab qoldi:
− Siz meni tanimaysiz. Men sizning kitoblaringizni oʼqiyman, bolajon! (Oʼ.Hoshimov)
4. Nutq ichida masalan, misol, chunonchi, mavzu kabi soʼzlardan soʼng:
masalan: maktab, zavod, …
5. Bir gap ikkinchi bir gapdan anglashilgan ish-harakatning sababini koʼrsatsa:
Yonida oshxona: qiya eshigidan tutun chiqyapti. (Oʼ.Hoshimov)
6. Bir gap ikkinchi bir gapdan anglashilgan ish-harakatning natijasini koʼrsatsa:
Shu oʼrinda tabiiy bir savol tugʼiladi: maʼnaviyatni chindan ham ana shunday qudratli kuchga aylantirish uchun biz qanday masalalarga birinchi galda eʼtibor berishimiz, qanday ishlarni amalga oshirishimiz zarur? (I.Karimov)
7. Bir gap boshqa bir gapning mazmunini toʼldirsa yoki izohlasa:
Onam aytar: zerikmay, bolam, toʼyga bor, bor. (Qoʼshiqdan)
8. Koʼchirma gapdan oldin, muallif gapidan soʼng ikki nuqta qoʼyiladi:
Uyga kelishim bilan keliningiz chiroyli tabassum hadya etdi:
− Telpagingiz qani? (Oʼ.Hoshimov)
Yuqorida sanab koʼrsatilgan tinish belgilarining qator balandligiga nisbatan joylashtirilishi ham bir xil emas:
nuqta (.), vergul (,), koʼp nuqta (...) qatorning pastki chizigʼi boʼyicha qoʼyib boriladi;
qolgan belgilar, masalan, qavs (), nuqtali vergul (;), undov belgisi (!), soʼroq belgisi (?), ikki nuqta (:) qatorning ustki chizigʼidan ostki chizigʼigacha boʼlgan masofa hajmida yoziladi;
qoʼsh tirnok (“ ”) qatorning yuqori chizigʼiga qoʼyiladi. Uning,
asosan, qoʼl yozmada qoʼllanadigan turi (” ”) soʼz yoki gap boshida qatorning ostki chizigʼi boʼylab, shu soʼz yoki gap oxirida esa qatorning ustki chizigʼi boʼylab joylashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |