Zohid ishqin desaki, qilg‘ay fosh,
Yig‘lamsinuru ko‘ziga kelmas yosh.
Istamas davr ahlidin ishqingni pinhon aylamak,
Kechalari gah ingramakdur odatim, gah singramak.
Ikki tilni qiyoslar ekan, ot yasovchi -chi, -vul; fe’l yasovchi -sh,-t,-l affikslari haqidagi fikrlari diqqatga sazovordir. O‘zbek tilini yangi so‘z yasash imkoniyati va usularini misollar asosida izohlaydi. Masalan, o‘zbek tilida shin (sh) harfi bilan chopishmoq, topishmoq kabi so‘zlar, -chi vositasida qurchi, suvchi, kuchli kabi so‘zlar, lom (l) qo‘shish bilan yasol, qabol kabi so‘zlar vujudga keladi, deydi.
Alisher Navoiy o‘zbek va fors-tojik tillarini chog‘ishtirish jarayonida o‘zbek tili tarixiy stilistikasiga xos xususiyatlarni ham bayon etadi. U tilshunoslikka doir fikr-mulohazalarini adabiyot faktlari bilan yoritadi. SHoirning har bir asarini ko‘zdan kechirsak, unda so‘zlardan ustalik bilan foydalanganligi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Masalan, uning quyidagi ruboiysini o‘qisak, unda may, mayxona, soqiy, paymona so‘zlari bor. Ularni ruboiyda istiora sifatida qo‘llanganini ko‘ramiz:
Zohid senga huru menga jonona kerak,
Jannat senga bo‘lsin, menga mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha bo‘lsa to‘la yona kerak.
Bu ruboiyni o‘qiganda Navoiy ichkilik tarafdori ekan, degan xulosaga kelish noo‘rin. Navoiy «ma’no ahli ma’noga, suvrat ahli suvratga boqar», deydi. «Mayxona» deganda ichkilikxonani emas, haqiqat oshiqlarining vaslgohini nazarda tutgan. Ma’rifat hosil bo‘ladigan erni tushunib va uni jannatdan afzal ko‘radi. Bunda «jonona» so‘zi «hur» so‘ziga qarama-qarshi qo‘yilgan. «Hur» «havro» so‘zining ko‘pligi. Havro -sochi, qoshi, kiprigi qop-qora, ko‘zi ham tim qora va katta bo‘lgan oppoq qiz. Diniy e’tiqodga ko‘ra jannat qizlari «havro» ko‘rinishida. Jonon, jonona jonga tegishli muayyan vujud yoki shaxs degani. Bu ma’no mazkur sifatni jonga o‘xshatib, uni borliqning joni deb tasavvur qilish yoki tushuntirish natijasida vujudga keladi. Paymona- qadah, may piyolasi.
Xullas, Alisher Navoiy o‘zbek va fors-tojik tillarini qiyoslash bilan qiyosiy tilshunoslikka munosib hissa qo‘shgandir.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma»sida tilshunoslikka yangi nazariyani– uch oilaga kiruvchi bir necha tillarni qiyoslab o‘rganish nazariyasini yaratuvchi sifatida ko‘zga tashlanadi (4:26).
«Boburnoma»da uch oilaga kiruvchi bir necha tilni solishtirib o‘rganishning ajoyib namunasini ko‘rsatib, dunyo tilshunosligida yangi nazariyaning asoschisi sifatida maydonga keldi. CHunonchi, Hind-Evropa tillari oilasiga mansub bo‘lgan hind, fors va afg‘on, xom-som tillari oilasiga mansub arab tillarini turkiy tillar oilasiga kiruvchi o‘zbek tili bilan qiyoslab o‘rgandi.
Bobur fors-tojik tiliga xos bo‘lgan pos so‘zini izohlar ekan, sutkaning sakkizdan bir qismini, ya’ni uch soatni bildirishini, posbon so‘zi esa posdan xabar beruvchilar ekanligini izohlaydi. Darhaqiqat, -bon (-von) qo‘shimchasi asos so‘zidan anglashilgan predmet yoki ob’ektga ega shaxs nomini yasaydi. Bu qo‘shimcha asl turkiy so‘zlar tarkibida kamdan-kam uchraydi: «Hind eli kecha-kunduzni bir giri deb turlar, yana kechani to‘rt va kunduzni to‘rt qismat qilibturlar. Har qaysisi bir paxr deb turlarkim, forsida pos bo‘lgan. Ul viloyatlarda pos va posbon eshitilur edi. Bu xususiyat bila ma’lum emas edi».
Xullas, Bobur tilshunoslikda yangi nazariya yaratgan etuk tilshunos olim bo‘lgan. Bu uning tovushlar tahlili, grammatik vositalar, lahja va adabiy til munosabati, uslubiyat va so‘z ma’nolari haqidagi fikrlarida o‘z ifodasini topgan.
Qiyosiy usul haqidagi ma’lumotni italyan savdogari Filippo Sosseti Yevropaga birinchi bo‘lib xabar bergan. U Hindistonda besh yil (1583-1588) bo‘lib, o‘zining bir xatida bir necha sanskrit so‘zlarini keltiradi va ularning italyancha muqobilini ko‘rsatadi.
Gollandiyalik tilshunoslar Iosif YUstus Skaliger, Lambert ten Kate YAkov Grimmgacha 100 yil avval tillarni bir-biriga qiyoslab, tillarni 11 guruhga ajratadi. Bunda ular got, nemis, golland, anglo-sakson va island tillarini qiyoslaydi.
Boltiqbo‘yi mamlakatlarining tilshunoslaridan Mixaylo Lituanus, Kelx, F. Ruhig kabilar ham qiyosiy usulga murojaat qilganlar. Litvalik tilshunos Mixaylo Lituanus (1615) o‘z asarida 100 ta litva so‘zini keltirib, ularning lotin tili so‘zlariga o‘xshashligini ko‘rsatadi. Tarixchi Kelx o‘zining «Liflandiya tarixi» (1695) asarida fin, eston, litvaliklarni bir avloddan tarqalgan, degan fikrni bayon etadi.
F.Ruhig o‘zining «Litva–nemis va nemis-litva lug‘ati» (1747)da litva, latish va prus tillarining qarindoshligini ko‘rsatadi.
Fransiyada qiyosiy tilshunoslikka murojaat qilish dindor Kerdu tomonidan ilgari surilgan. U o‘zining fransuz Akademiyasiga yozgan ma’ruzasi (1767) da Hind–Evropa tillari oilasiga kiruvchi lotin tili va sanskrit tillari bir-biri bilan qarindoshligini ko‘rsatadi. Lekin bu ma’ruza e’tiborsiz qoldirilib, faqat 1808 yildagina e’lon qilindi.
Rus tilshunosligida M.V.Lomonosov o‘zining «Rus grammatikasidan materiallar» (1755) nomli asarida evropadagi hind-evropa tillaridan 5 tasi (rus, latish, grek, lotin, nemis) ning bir-biriga qarindoshligi to‘g‘risida fikr bildiradi. Ular qadimgi tilning parchalanishi natijasida paydo bo‘lgan, deydi M.Lomonosov.
Qadimgi hind tili bilan batafsil tanishish angliyalik olim Vilyam Jons (1746-1794) ga tegishlidir. U 1784 yili hind xalqlari tili va madaniyatini o‘rganish Osiyo jamiyatini tuzdi. Jons hindlarning Kalidasiga tegishli «SHakuntalu» (1789), Manu qonunlari to‘plami «Gito padeshu» (1794) asarlarini ingliz tiliga tarjima qildi. U hind-evropa tillari qiyosiy grammatikasi asoslarini bayon etib, shu asosda sanskrit tilining grek, lotin va qadimgi fors tili bilan qarindoshligini bayon qildi.
Slavyan tillarini qiyosiy o‘rganish nazariyasini CHexiyada boshlab bergan olim Iosif Dobrovskiy sanaladi.
Nemis tilshunosi Fridrix SHlegel o‘zining «Hindlarning tili va tafakkuri haqida» (1808) asarida lotin, grek, german, fors tillarining faqat leksik tarkibini emas, balki grammatik birliklarini ham qiyoslab o‘rganishni tavsiya etadi. SHlegel birinchi marta tilshunoslikka qiyosiy grammatika terminini olib kirdi.
Xullas, tillarni qiyosiy usul asosida o‘rganish jarayonida jonli tillarning o‘tmishini o‘rganishga ahamiyat berdilar. Sanskrit tiliga e’tiborni kuchaytirdilar, qadimgi hindlarning tili bilan qiziqdilar. Umuman, jahon tilshunosligi XIX asrdagi qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning rivojiga zamin tayyorladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |