359
mumkin emas, albatta. Til boʻyicha qoʻllanmalarning sifatli/sifatsizligi, samarali/samarasizligi
darror koʻzga tashlanavermaydi. Zero, til egalari ona tilini faqat ta'lim yoʻli bilangina
egallamaydi. Oila, jamiyat, radio-televideniye ham aslida “ona tili oʻqituvchilari”. Lekin
xorijliklar uchun aniq-tiniq natija beradigan mukammal manbalar kerak. Tilimizning
murakkablik boʻyicha bosqichlari ilmiy aniqlanib, shu asosda turli leksik-grammatik darajadagi,
ketma-ketlikka asoslangan qoʻllanmalar yaratish – dolzarb vazifa. Birinchi oʻrinda lingvistik
baza shakllantirilishi zarur. Bu tizimli, chuqur ilmiy tadqiqotlarni taqozo etadi. Ayni muammo
doirasida kamida 10ga yaqin lingvistik, metodik yoʻnalishdagi fundamental va innovasion
tadqiqot amalga oshirilishi lozim. Keyin qoʻllanmalar yaratishga oʻtiladi. Najot eshigi – amaliy
ahamiyatli, maqsadli ilmda.
Insoniyat tomonidan toʻplangan koʻp yillik tajriba va bilimlarni formal koʻrinishda
shakllantirish (modellashtirish) va shu orqali kompyuterda bilimlarni ifodalashning turli
usullarini ishlab chiqish, qolaversa, kompyuterning inson kabi “fikrlashi”, shu asosda undan turli
maqsadlar yoʻlida samarali foydalanishni tashkil etish bugun soha oldida turgan eng dolzarb
masalalardan. Endi rivojlanishga da’vogar har qanday til sun’iy intellekt tiliga aylanishi kerak.
Ona tilimizning dunyo miqyosidagi nufuzi faqat tashviqot-targʻibot bilan oshmaydi. Sun’iy
intellektga doxil boʻlmagan tilning taraqqiyoti haqida gap ochish ham toʻgʻri emas. Bu
muammolarni hal etish borasida olimlar tomonidan koʻplab ilmiy tadqiqot va amaliy ishlar
bajarilishi kerak. Buning natijasi oʻlaroq, oʻzbek sun’iy intellekti, oʻzbek intellektual sistemasi
yoki oʻzbek ekspert sistemasi kabi yangi ilmiy tushunchalar zamonaviy fanlarimiz doirasida
keng yoyilmogʻi lozim. Sun’iy intellekt deganda, bir tomondan, inson aqliy harakatlari modelini
oʻzida namoyon etuvchi intellektual mashinalarning umumiy nomi, ikkinchi tomondan esa, shu
intellektual mashinalarni yaratish qonuniyatlarini oʻrganuvchi fan tushuniladi. Shu nuqtayi
nazardan, sun’iy intellektga fan sifatida koʻplab ta’riflar berildi. Ularni umumlashtirib aytish
mumkinki, sun’iy intellekt kompyuter yordamida intellektual masalalalarni yechish metodlari
bilan shugʻullanuvchi ilmiy yoʻnalishlar majmuasidan iborat yaxlit soha. Sun’iy intellekt
metodlari asosida aniq bir predmet, til sohasiga tegishli intellektual masalalarni yechishga
moʻljallangan dasturiy yoki texnik sistemalar intellektual sistemalar deb yuritiladi. Muayyan
predmet sohasidagi masalalarni amaliy yechishga moʻljallangan intellektual sistemalar esa
ekspert sistemalardir. Xullas, bularni oʻzbek tili doirasida yaratish uchun miliy kompyuter
lingvistikasi sohasi jadal va keng qamrovli, tizimli va aniq maqsad-rejali rivojlanmogʻi lozim.
Korpus – til birliklarining xususiyatlarini aniqlash maqsadida qidiruv dasturiga
boʻysundirilgan matnlar majmui, tabiiy tildagi elektron shaklda saqlanadigan yozma yoki
ogʻzaki, kompyuterlashtirilgan qidiruv tizimiga dasturiy ta’minot asosida joylashtirilgan matnlar
jamlanmasi. Til korpuslari – til boʻyicha tadqiqot va amaliy topshiriqlar yechimi uchun inkor
etib boʻlmas ish quroli. Jahon tillarining juda koʻpchiligi mukammallik darajasi va matnni ilmiy
qayta ishlash imkoniyati bilan farq qiluvchi oʻz milliy korpuslariga ega. Milliy til va davlat tili
taraqqiyotida milliy korpuslar ahamiyati va oʻrnining qanchalik muhimligini davr koʻrsatmoqda.
Nafaqat dunyo tili sanalgan ingliz, ispan, xitoy, arab, fransuz, rus, nemis tillarining milliy
korpuslari yaratilgan, balki polyak, polyak-ukrain, chex, slovak, serb, xorvat, bosniya, bolgar,
bolgar-rus, makedon, shotland, niderland, niderland-fransuz, shved, dat, norveg, island, farer,
oʻrta asr fransuz tili, ispan, italiyan, portugal, rumin, litva, latish, grek, sharqiy arman, osetin,
alban, hind, xett, fin, ural tillari, eston, veps, venger, udmurt, gruzin, ingliz-gruzin, lazgin, turk,
tatar, tojik, boshqird, qrim-tatar, qalmiq, buryat, mongol, arab, ivrit, amxar, yapon, qadimiy
yapon, baman, esperanto tillarining ham korpuslari mavjud. Dunyo kompyuter lingvistikasida
Milliy til korpusining mavjudligiga tilning yashovchanlik va kompyuter tiliga aylanish mezoni
sifatida qaralmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: