TIL VA TAFAKKUR
Til (yoki nutq) vositalardan tashkil topgan hamda o’zi ham, qaysidir ma’noda, vosita sanaladi.
Inson tafakkurida yuz beradigan ko’pgina jarayonlar ana shu vositalar orqali yuzaga chiqadi.
Til va tafakkur bog’liqligi masalasida gap borar ekan, bir tanganing ikki tomoniga o’xshash bu hodisalar bir-birini taqozo etib, to’ldirib boradi. Bunga sabab shuki, tildan maqsad aslida muloqot, fikr almashish, axborot yetkazish. Fikrning mavjudligi tilga ehtiyojni keltirib chiqaradi. Shunisi ham borki, tilning mavjudligi yoki tilga qobiliyatning mavjudligi insonni fikrlashga undaydi.
Demak, til yoki uning mahsuli bo’lmish nutq – shakl, tafakkur mahsuli bo’lmish fikr mohiyat sanaladi. Aytaylik, siz kimgadir nimanidir aytmoqchisiz. Ayni shu nimadir sizni aytishga undaydi. Shu nimadir mavjud bo’lmas ekan, aytishga hojat (yoki ehtiyoj) ham mavjud bo’lmaydi.
Bola nutqi ham o’z-o’zidan tafakkurdan tashqarida bo’lmaydi. U ham fikrlaydi, fikrlarini so’zlar bog’lanishi – gap yordamida tashqariga chiqaradi. Faqat unutmaslik kerakki, bolaning yoshi va dunyoqarashiga muvofiq tafakkurning sodda va tajribasizligi nutqda namoyon bo’ladi. Bola nutqi rivojlanganidek tafakkuri ham rivojlanishning turli bosqichlarini bosib o’tadi.
Bola nutqi kuzatilganda, shu narsa seziladiki, uning tasavvuri tafakkuriga hamohang ancha sodda bo’ladi. Shu sababli ham oddiygina voqeliklarga ba’zan ko’proq ahamiyat berib qo’yishi mumkin. Masalan, bolaga quyoshning yerdan ancha kattaligi haqida aytilsa, u ishonmaydi. Hali tafakkur va tasavvur darajasi yetmaydi.
Tilning paydo bo’lishi haqida gap ketganda aytish kerakki, ayni shu ehtiyoj insonni gapirishga undagan. Til qobiliyati mavjud, ammo til mavjud emas. Demak, shu tarzda til vositalari yuzaga kela boshlagan va nutqiy ehtiyojni qondirishga xizmat qilgan.
Bola tafakkuri, asosan, ikki manba hisobiga rivojlanib, boyib boradi. Avvalo, hayotning bevosita ishtirokchisi sifatida bola ko’p narsani o’z ko’zi bilan ko’radi va qabul qila boshlaydi. Ikkinchidan esa, boshqalarning nutqi uning ham nutqi uyg’onishiga turtki bo’ladi va u talaygina axborotlarni shu vosita orqali o’zida jamlay boshlaydi. Tafakkurning rivojlanib borishi ana shu tariqa amalga oshadi hamda bola til (yoki nutq) ko’nikmalariga ega bo’lib boradi. Ko’nikma yuksalgani sari bola ko’proq muloqotga intiladi. Muloqotning keng va erkin tarzda borishi esa nutqiy qobiliyatning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |