Til murakkab ijtimoiy hodisa. U orqali kishilar o`z nutqini atrofdagilarga yetkazib bera oladi, muloqotga kirishadi. Jamiyatda sodir bo`layotgan ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etadi. Til bor ekan nutq ham mavjud bo`ladi. Inson va uning nutqi muammolari esa ko`p yillardan buyon tilshunoslikning tahlil etilishi kerak bo`lgan masalalaridan biri bo`lib kelmoqda.
Dastlabki tilshunoslik nazariyalarida til nima, uning grammatikasi qanday ekanligi tushuntirilgan bo`lsa, keyingi davrlarga o`tib, tilning insonlar hayotida tutgan o`rni, inson nutqining ahamiyati kabi masalalar o`rtaga tashlandi, inson nutqining atrofdagilarga ta`siri qanday ekanligi xususida mulohazalar berila boshlandi. Antroposentrik nazariyaga muvofiq har qanday tadqiqot markazida inson turadigan bo`ldi. Inson va uning nutqi bilan bog`liq tadqiqot ishlari amalga oshirila boshlandi, o`rganish ob`ekti kishi nutqi bo`lgan yangi zamonaviy fan tarmoqlari rivojlana bordi.
Shunday yangi fan yo`nalishlaridan biri neyrolingvistikadir. Neyrolingvistika tilshunoslikning yosh sohalaridan bo`lib, u o`tgan asrning 50-60-yillarida tilshunoslik, nevrologiya va psixologiya fanlari kesishuvida yuzaga kelgan. Uning paydo bo`lishida esa bosh miyaning zararlanishi oqibatida nutq zonalarining ishdan chiqishi bilan og`rigan bemorlar bilan shug`ullanadigan tibbiyotning afaziologiya bo`limining amaliy talablari sabab bo`lgan. Ma`lumki, agar miya zararlanishi natijasida nutqda buzilish ro`y bersa, uni tibbiy jihatdan davolash barobarida bemorlarning nutqini o`stirishda tilshunoslar, pedagoglar, psixologlar harakati ham kerak bo`ladi. Shu jihatdan olganda neyrolingvistika fani paydo bo`lgan.
Miya nutq zonasining zararlanishi va buning natijasida nutiy faoliyatning buzilishi masalasi ilgari ham Ibn Sino, Beruniy asarlarida qayd etilgan va mazkur kasalni davolashga e`tibor bergan bo`lsalar-da, u alohida fan tarmog`i sifatida shakllana olmagan. XIX asrning ikkinchi yarmidan izchil o`rganila boshlangan bu sohani rivojlantirishda A.A.Leontyev, A.R.Luriya, E.S.Beyn, R.M.Boskis,Ye.N.Venarskaya, O.S.Vinogradova, N.A.Eysler singari olimlarning xizmati katta. Neyrolingvistika bo`yicha to`liq malumot beruvchi ilk mukammal kitob esa A.R.Luriya tomonidan taqdim etilgan.1
Bir so`z bilan neyrolingvistikaning o`rganish ob`ekti sifatida afaziyani olish mumkin. Miyaga tashqi ta`sirlar natijasida zarar yetganda, miyadagi nutq zonalari ishdan chiqadi. Bu esa bemorning harakatlanishi bilan bir qatorda nutqiga ham ta`sir etadi. Ya`ni, bemorlar so`zlash qobilyatini qisman yoki to`liq yo`qotishlari mumkin. Masalan, miyaga qon quyilishi natijasida insultga uchragan bemorlar agar chap miya yarimshari zararlansa, o`ng tomondagi qo`li, oyog`i o`z vazifasini yo`qotadi. Shu bilan birga, chap yarimsharning zararlanishi nutqqa ham o`z ta`sirini o`tkazadi. Mana shu miya jarohatlanishining nutqqa ta`siri afaziya va bu sohani o`rganadigan tilshunoslik bo`limi afaziologiyadir. Bu jihatdan olib qaraganda, mutahassislar ikki xil qarashda. Ulardan biri neyrolingvistikani rivojlantirgan Luriya izdoshlaridan iborat Moskva neyrolingvistika maktabi T.V.Axutina rahbarligida bo`lib, ular nutq hosil qilishda faqat chap miya yarimshari ishtrokini ta`kidlaydilar. Ikkinchisi esa Bolonov Deglin Sankt-Peterburg lingvistika maktabi. Uning hozirgi rahbari T.V.Chernikovskaya bo`lib ular miyaning har ikkala yarimshari nutq jarayoniga birdek ta`sir etadi, deb hisoblashadi. Umumiy qilib aytganda, neyrolingvistika til tizimi va miyaning nutqiy mehanizmlarini o`rganadi. Bosh miya bo`yicha tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, nutqiy apparatning funksiyalashuvi uchun miyaning chap yarimsharlarining ma`lum bir qismlari javob berar ekan:
-Brok zonasi insonning og`zaki nutqini boshqaradi;
-Vernike zonasi og`zaki nutqni anglash uchun xizmat qiladi;
-Ensa qismi mantiqiy-grammatik aloqalarni ta`minlaydi.
Zamonaviy neyropsixologiya tasavvurlariga mos ravishda neyrolingvistika nutqni tizimli funksiya, afaziyani esa birlamchi defekt va birlamchi defekt ta`sirida yuzaga keluvchi ikkilamchi buzilishlar sifatida o`rganadi. Yurtimiz lingvistikasida til jihatlari patologiyasiga I.A.Boduen de Kurtene, V.A.Bogorodskiy, L.V.Shcherba kabi tilshunos olimlar diqqat qilishgan. Neyrolingvistika bo`yicha tadqiqot olib borgan I.M.Sechenov fikrlarini davom ettirgan Boduen de Kurtenening qarashicha, psixik hodisalarni fiziologik substraktdan ajratib bo`lmaydi, demak, ularning barchasi miya tirik bo`lgandagina mavjud, u o`lganda esa ular ham yo`qoladi.2
Fanning afaziya bilan birgalikda, yana ko`plab yo`nalishlari bo`lib, ular qatoriga apraksiya, agnoziya, aleksiya, agrafiya va alaliya kabilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |