REJA:
Oshqozon-ichak tizimining anatomo-fiziologik xususiyatlari.
Oshqozon-ichak tizimining shikastlanish semiotikasi.
Oshqozon-ichak tizimining funktsional buzilishlari.
Oqsil-energetik tanqislik.
Ovqat yetishmovchiligi.
Semizlik.
Ovqat hazm qilish organlarining shakllanishi embrional davrning 3-4 haftasida boshlanadi, embrional plastinkadan birlamchi ichak hosil bo’ladi. 4-haftaligidan og’iz teshigi hosil bo’ladi, keyinroq qarama-qarshi tomonida anal teshig paydo bo’ladi. Ichagi tezda uzunlashadi, embrional davrning 5-haftasidan boshlab, ichak nayi ikki qismga chegaralanadi, ingichka va yo’g’on ichak shaklllanishiga asos bo’ladi. Bu davrda birlamchi ichakning kengayishidan oshqozon ajrala boshlaydi. Bir vaqtning o’zida shilliq, mushak va seroz oshqozon ichak trakti qavatlari hosil bo’ladi, unda qon va limfa tomirlari shakllana boshlaydi, nerv tutamlari, endokrin hujayra shakllanadi.
Chaqaloqlar og’iz bo’shlig’i kichkina o’lchamda bo’ladi. Og’iz oldi og’iz bo’shlig’idan alveolyar o’simta bilan emas milk qirrasi orqali chegaralangan.
Lablari qalin, shilliq qavati so’rg’ichlar bilan qoplangan, labning ichki yuzasida ko’ndalang valiklar bo’ladi. Oraliq qismi (o’tish zonasi) bor, og’iz aylana mushagi yaxshi rivojlangan.
Yassi qattiq tanglay tomoq gumbazi tengligida, yumshoq tanglay qisqa, gorizontal joylashgan. Tanglay ilgichi tomoq orqa devori bilan birlashmaydi, emgan vaqtda erkin nafas olishgacha yetadi.
Qattiq tanglay shilliq qavati kuchsiz rivojlangan ko’ndalang burmalardan tuzilgan va bezlarga boy emas. Chaqaloqlarning tili keng, kalta, qalin, kam harakatli. U og’iz bo’shlig’ini to’liq egallaydi. Og’iz bo’shlig’i yopiq bo’lganda til milk qirrasidan chiqadi va lunjgacha yetadi. Oldindan til pastki va yuqori jag’lar o’rtasidan chiqib turadi. Til so’rg’ichlari rivojlangan, til bodomchasi kuchsiz rivojlangan. Sut tishlari paydo bo’lishi bilan birinchi bolalik davrida yuqori jag’da alveolyar o’simta o’lchami kattalashadi, pastki jag’ va og’iz bo’shlig’i alveolyar qismi o’lchami kattalashadi. Qattiq tanglay gumbazi ko’tariladi. Chaqaloqlarda tanglay bodomchasi unchalik katta o’lchamda (7 mm gacha) bo’lmaydi, og’iz bo’shlig’i ochilganda yaxshi ko’rinadi, oldingi yoyi bilan kuchsiz qoplangan. Bola hayotining birinchi yilida bodomchalar tez o’sishi natijasida bodomcha chuqurchasidan medial tomonga chiqib turadi. Bolalarda bodomcha bezlar nisbatan katta o’lchamda bo’ladi. 16 yoshda bodomcha bezlar maksimal o’lchamga (28 mm) ega bo’ladi.
Chaqaloqlarda so’lak bezlari kam rivojlangan. 4 oydan keyin 2 yoshgacha ular intensiv rivojlanadi. Keyinchalik bezlar bo’yiga kattalashadi, uning yo’llari shoxchalardan iborat bo’ladi. Quloq oldi so’lak bezi yo’li pastga qaragan yoysimon ko’rinishda va past joylashgan, birinchi ildiz tishiga yaqin ochiladi. Bolalarning lunjlari bo’rtib turadi, bu teri va yaxshi rivojlangan lunj muskullari orasida aylanasimon yog’ tanasi borligi natijasida yuz beradi. Yosh o’tishi bilan yog’ tanachalari yassi bo’ladi va orqaga so’riladi, chaynash mushagi orqasida bo’ladi.
Chaqaloqlar tomog’i chuqurcha shaklida bo’lib, yuqori qismi baland va keng, pastki qismi esa kalta, tor bo’ladi. Tomoq pastki qirrasi chaqaloqlarda umurtqa oraliq diski tengligida bo’ladi, II bolalik davrida ( 11-12 yosh) III va IV bo’yin umurtqalar tanasi o’rtasida, balog’at yoshida esa V-VII bo’yin umurtqasiga teng bo’ladi. Tomoqning burun qismi qisqa, gumbazi yassiroq, chaqaloqlarda tomoq uzunligi 3 sm atrofida, ko’ndalang o’lchami 2,1 dan 2,5 smgacha, old-orqasi 1,8 sm ga teng. Tomoqning burun qismi o’lchami 2 yoshga kelib 2 marotaba kattalashadi. Chaqaloqlarda eshituv nayi tomoq teshigi qattiq tanglay tengligida, tanglay ilgichiga yaqin tirqish ko’rinishida yorig’i bor. 2-4 yoshdan keyin teshik yuqori va orqaga joylashadi, 12-14 yoshda tirqishsimon shaklda yoki oval ko’rinishida bo’ladi. 2 yoshgacha bodomcha bezlari kuchli rivojlanadi, keyinchalik sekinlashadi. Chaqaloqlarda tomoq bodomchalari tomoqning yuqori-orqa devori, shilliq qavati qalinligida joylashgan va oldinga chiqib turadi. Bola hayotining birinchi yilida bodomchalar o’lchami kattalashadi. 12-14 yoshda sekinlashadi, keyin qisman qayta rivojlanish davri boshlanadi. 20-22 yoshdan keyin tomoq bodomchalario’lchami ham o’zgaradi. Chaqaloqlarda nay bodomchasi eshituv nayi tirqishsimon teshigidan orqada va pastda joylashgan va ba’zida orqa tomondan tomoq bodomchasi bilan birikadi, past va oldindan-tanglay bilan birikadi.
Chaqaloqlar qizilo’ngachi naysimon shaklda, uzunligi 10-12 sm va diametri 0,4 dan 0,9 smgacha (2 oyligida) kam rivojlangan anatomik siqilishlar bilan. Qizilo’ngachning yuqori qismi (tomoq torayish) yaqqol ko’rinadi. Ikkinchi bolalik davri oxirida (11-12 yosh) qizilo’ngach uzunligi ikki barobarga oshadi (20-22 sm). Chaqaloqlarda tishdan oshqozonning kardial qismigacha bo’lgan masofa 16,6 sm, 2 yoshda - 22,5 sm, 5 yoshda – 26 - 27,9 sm, 12 yoshli bolada - 28,0 - 34,2 smga teng. Qizilo’ngach yorig’i 2-6 oylik bolada 0,85-1,2 sm, 6 yoshdan katta bolalarda 1,3-1,8 smga teng. Chaqaloqlarda qizilo’ngach boshlang’ich qismi umurtqalararo disk barobarida, III-IV bo’yin umurtqa pog’onasi tanasi o’rtasida, keyin tomoqning patslashishi bilan qizilo’ngach yuqori chegarasi ham pastga tushadi (2 yoshda IV-V, 10-12 yoshda V-VI, 18 yoshda -VI-VII bo’yin umurtqa qismiga teng). Keksa odamlarda u I ko’krak umurtqa pog’onasi tengligida bo’ladi.
Chaqaloqlarda qizilo’ngachning mushak qavati kuchsiz rivojlangan, 12-15 yoshgacha u intensiv o’sadi, keyinchalik kam o’zgaradi. Bir yoshgacha bolalarda shilliq qavatda bezlar kam, ko’ndalang burmalar 2 - 2,5 yoshda yuzaga keladi.
Chaqaloqlar oshqozoni tsilindr yoki buqa shoxi shaklida bo’ladi.
Kardial qismi, tubi va pilorik qismi kuchsiz rivojlangan, qorin bo’yni qismi keng. Oshqozon xajmi 50 kub sm, uzunligi 5 sm, kengligi - 3 sm. Bola hayotining birinchi yilida oshqozon uzayadi, 7 yoshdan 11 yoshgacha kattalarnikidek bo’ladi. Ikkinchi bolalik davri boshida (8 yosh) kardial qismi shakllanadi. Birinchi yilning oxirida oshqozon uzunligi 9 smga yetadi, kengligi 7 sm, hajmi 250-300 kub sm.ga kattalashadi, 2 yoshda oshqozon hajmi 490-590 kub sm, 3 yoshda 580-680 kub sm, 4 yoshda 750 kub sm. Ikkinchi bolalik davri oxirida (12 yosh) hajmi 1300-1500 kub sm ga kattalashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |