O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT
TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI
MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI
TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI
Kafedra: Menejment va marketing
Fan : Mikroiqtisodiyot
Mustaqil ish
Mavzu: Talab
Guruh: 122-19
Bajardi: Bahriyev Shohzod
Tekshirdi: Bababekova Nargiza
Toshkent -2021
Talab
Reja:
Ⅰ.Kirish.Iqtisodiyot nazariyasi va mikroiqtisodiyot haqida.
ⅠⅠ.Asosiy qism.
1.Talab haqida tushuncha va u haqida olimlarning fikri.
2.Talab va uning turlari.
3.Talabning hamda talab hajmining o’zgarishi.
ⅠⅠⅠ.Xulosa.
«Iqtisodiy ta‘limotlar tarixi» fani «Iqisodiy nazariya» fani bilan chambarchas bog’liq, lekin undan katta farq qiladi. «Iqtisodiy nazariya» fanida eng muhim iqtisodiy kategoriyalarning so’nggi davr uchun tahlili beriladi, ammo bu nazariyalar har doim ham turg’un bo’lmaydi va vaqt davomida, ayniqsa, keskin o’zgarishlar davrida evolyutsiyada bo’ladi. «Iqtisodiy ta‘limotlar tarixi» fanida ayrim olimlar, davlat arboblari tomonidan ilgari surilgan g’oya, qarash, nazariya, qonun, ta‘limot, konsepsiyalar insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlaridagi ijtimoiy qatlamlar, sinflar va boshqa guruhlarning manfaatlari nuqtai nazaridan tarixiy rivojlanishi tadqiq etiladi.Iqtisodiy tafakkur tarixi fani amaliy xo’jalik obyekti bilan chambarchas bog’liqligini namoyon etadi. «Eskirgan nazariyalarni ular faqat inkor etilganligi sababli tamoyilda ilmiy emas deyish mumkin emas», deb yozadi taniqli iqtisodchi T.Kun. Chunki keyingi, nisbatan yangi qarashlar avvalgilar asosida, ularni qabul qilish, rivojlantirish yoki inkor etish natijasida paydo bo’lgan. Ba’zi mutaxassislar faqat yangi nazariyalarnigina o’rganishni taklif etishadi, ammo bu so’nggi nazariya avvalgi ko’p yillik ilmiy, amaliy tadqiqotlarning yakuniy xulosasi sifatida namoyon bo’ladi yoki bugun biz «yangi», degan fikr ma’lum vaqtdan keyin o’zgarishi mumkin. Bu fan boshqa iqtisodiy va tarixiy, ayniqsa, iqtisodiyot nazariyasi fani bilan bevosita bog’liq. Iqtisodiy ta’limotlar tarixi ancha keng davrni qamrab olgan va mustaqil xususiyatga ega. Bu fanni o’rganish orqali ekonomiks, xalq xo’jaligi tarixi, iqtisodiy tarix va iqtisodiy konsepsiyalar hamda aniq iqtisodiy predmetlarni o’zlashtirish osonlashadi, u yoki bu iqtisodiy o’zgarishning shart-sharoitlari va oqibatlarini tahlil etishga katta ko’mak beradi.
Iqtisodiy fan tarixida ilmiy davrlash, maktablar va yo’nalishlar tushunchasi.
Quldorlik va feodalizm davrida g’oyalarning tarqalishi (migratsiyasi) juda qiyin bo’lgan. Shuning uchun bu davrlardagi iqtisodiy fikrlarni mamlakatlar miqyosida alohida-alohida o’rganishmoqda. Taniqli iqtisodchi olim J.K.Gelbreyt: «Amalda iqtisodiy g’oyalar o’z davri va vujudga kelish joyining mahsuli bo’lib, ular bilan chambarchas bog’langandir; bu g’oyalarni ular tushuntirib berayotgan dunyodan mustaqil ravishda ajratib qarash mumkin emas; bu dunyo esa doimo o’zgarishda bo’ladi, agar bu g’oyalar o’z maqsadlariga to’la javob berishni ko’zlasalar, doimo shunga mos ravishda o’zgarib turishlari kerak», deb yozgan edi. Kapitalizm davrida xo’jalik va ijtimoiy hayotda baynal-milallik (internatsionalizm) kuchayganligi tufayli, iqtisodiy fikrning rivojlanishi ham yagona jahon jarayoniga aylana boshladi. Oqibatda, klassik iqtisodiy maktab asoschilari A.Smit va D.Rikardoning qarashlari qisqa vaqt ichida butun jahonga ma’lum bo’ldi, vaholanki, undan avvalgi ko’pgina nazariyalar ayrim mamlakatlarda ko’pchilikka ma’lum bo’lmasdan «o’lik mol» sifatida yotgan.
Qadimgi sharq davlatlari iqtisodiy taraqiyotining muommolari.
Qadimgi Sharqda ancha rivojlangan davlatlardan biri Vaviloniya bo’lgan. Unda xususiy mulkchilik va tovar-pul munosabatlari nisbatan tez rivojlana boshladi. Jamiyatdagi kishilar borgan sari ko’proq tovar ayirboshlashga jalb qilinardi. Ularning ba‘zilari sudxo’rlar to’riga ilinib, xonavayron bo’ldi va qullarga aylandi. Jamiyatdagi erkin kishilarni sudxo’rlardan himoya qilish maqsadida (ularning mulkini himoya qilish, savdo, ijara va boshqa shartlarini qonuniy ravishda rasmiylashtirish) xususiy, huquqiy munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish zarurati kuchaydi. Chunki erkin fuqarodan soliq to’lash, sipohlikka olishda foydalanish mumkin edi. Qulllarning bunga haqlari yo’q edi. Bu borada iqtisodiy fikrlar nuqtai nazaridan Eshnunn podshohi qonunlari (m.o. XX asr) va Hammurapi qonunlari (m.o. XVIII asr) ancha diqqatga sazovor. Eshnunn qonunlari matni asosiy mahsulotlarga qat‘iy baho o’rnatishdan boshlanadi. Bunda arpa, yog’, teri, tuz, mis va boshqa mahsulotlarning kumushdagi narxi o’rnatildi. Qat‘iy narxning o’rnatilishi qonun tuzuvchilarga yollanma va ijara haqi darajasini, jarima miqdorini, foiz normasini aniqlash imkonini berdi. Podsho qonunlari tovar-pul munosabatlarining rivojlanishida ijobiy rol o’ynadi. Qadimgi Vaviloniyada (Bobilda) Hammurapi (m.o. 1792-1750y., 18 asr) podsholik qilgan davrda tayyorlangan qonunlar to’plami (jami 282ta) ancha obro’ qozongan. Bu to’plam Fransiya poytaxti Parijdagi mashhur muzey – Luvrda saqlanyapti. Nusxasini BMT binosidagi muzeyda ham ko’rish mumkin. Toshga o’yib yozilgan muhim va qadimiy, tarixiy hujjatni tahlil qilish shuni ko’rsatadiki, mavjud davlat sinfiy va sotsial jihatdan ancha mukammal ajralgan. Qonun moddalarida Vavilon fuqarolarning mulkini himoya qilish, ijara, sudxo’rlik va ishga yollash masalalari ko’rib chiqilgan. Hammurapi qonunlarida fuqarolarning ulushi (yerlari) sotilishi man etiladi. «Sipoh yoki daromad to’lovchiga tegishli bo’lgan dala, uy, bog’, - deyiladi qonunda, - kumushga sotilishi mumkin emas». Sudxo’rlik faoliyati cheklangan, uning miqdori pulda 20, mahsulotda 33% dan ortiq bo’lmasligi kerak. Sudxo’rlikning keng rivojlanishiga to’sqinlik qiluvchi asosiy omillaridan biri qarzdorlik uchun qullik muhlatining 3 yil bilan cheklanishidir. ( 4-yildan unga erkinlik berilishi lozim bo’lgan). Biroq sudxo’rlikka qarshi qonunchilikda izchillik bo’lmagan. Xususan, qarzdorni ozod etishda uni ishlab chiqarish yoki yashash vositalari bilan ta‘minlash nazarda tutilmagan. Hech qanday vositachi bo’lmagach, ozod etilgan qarzdor yana qayta sudxo’rga murojaat qilishga majbur bo’lgan. Qonundagi asosiy maqsad – ishlab chiqarishni, birinchi navbatda qishloq xo’jaligini rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash bo’lgan, ya’ni mehnatsiz daromad topishga qarshi kurashilgan. Umuman, xususiy mulkchilik, shu jumladan yerga bo’lgan xususiy mulkchilik tan olingan. Birovning xususiy mulkiga ko’z olaytirgan, unga zarar yetkazganlar iqtisodiy jihatdan jazolangan.
«Avesto»dagi iqtisodiy fikrlar. «Avesto», ya‘ni «hayot yo’riqnomasi» zardushtiylik dinining muqaddas kitobi sanaladi. Kitobning muallifi Zardusht (m.o. 589-512y.) hisoblanadi. U Markaziy Osiyoda faoliyat ko’rsatgan ilohiyatchi, faylasuf, shoir va tabiatshunos olim bo’lgan. «Avesto» boshidan oxirigacha yer yuzida adolat qaror topishi uchun kishilarning rangidan, tilidagi va urf-odatlaridagi farqlaridan qat‘iy nazar ularning ro’shnoli hayoti uchun kurashuvchi jasur, halol, pok insonlarni shakllantirish va tarbiyalash g’oyasi bilan sug’orilgan. Jumladan, sun‘iy sug’orish asosida dehqonchilik yuritish, ona tabiatni e‘zozlash, hayvonlarni asrash, noo’rin so’ymaslik, tuproq sharoitini yaxshilash masalalari yoritilgan. «Avesto»da …erga yaxshi, sog’lom urug’lar sepishdan ortiq savob ish yo’q…» deb, xalq xo’jaligi sohasida dehqonchilikning muhim ahamiyat kasb etishi ko’rsatib beriladi. Jumladan, kitobda yer, suv, havoni bulg’ash, ifloslantirish og’ir gunoh hisoblanadi. Shu bilan birga asarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar aks ettirilgan. Masalan, «yomon ovqatlangan xalq na yaxshi, kuchli ishlovchilarga va na sog’lom, baquvvat bolalarga ega bo’ladi», deb uqtiriladi. Shu bilan birga «yomon ovqatlanishdan odob-axloq ham aynib ketadi». Avesto ma‘lumotlariga qarab shu davrdagi jamiyatning ijtimoiy ahvolini bilib olish mumkin. Bu davrda urug’ jamoasi yemirilib, dastlabki sinf (kasta)lar paydo bo’lganligi ayondir, ular kohinlar, harbiylar, chorvadorlar va hunarmandlar, demak ilk sinfiy jamiyat yuzaga kelayotgan davr bo’lgan. Aholi ko’proq yarim ko’chmanchilik asosida kun kechirgan. Ekstensiv chorvachilik yetakchi edi. «Avesto»ning to’liq asl nusxasi saqlanmagan, uning ayrim qismlari topilgan, hozirgi davrda rus va o’zbek tillariga tarjima etilgan. «Avesto» miloddan avvalgi 9-7 asrlar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma‘naviy hayoti haqida g’oyat muhim ma‘lumotlar beruvchi bebaho obida, xalqimizning merosiy boyligidir.Qadimgi Xindistondagi iqtisodiy ta‘limotlar. Qadimgi Hindiston xo’jaligi, ijtimoiy tuzumi va iqtisodiy fikrlarini o’rganishning asosiy manbai bo’lib «Artxashastra» asari (m.o. 4 asr oxiri) hisoblanadi. Uni podsho Chandraguptining maslahatchisi Kautilya yozgan deb taxmin qilinadi. Bu nodir asar 15 kitobdan iborat bo’lib, «artxa» so’zi – foyda, moddiy manfaat, «shastra» - ilm, ilmiy asar ma‘nosini bildiradi. Asarda qulchilikni mustahkamlash asosiy vazifa qilib qo’yilgan. Qulchilik eng past tabaqalarga xos narsa deb sanalgan. Bu asarda davlatni boshqarish bo’yicha takliflar berilgan bo’lib, bir qancha iqtisodiy g’oyalar ham ilgari surilgan. Unda podsho to’rtta «ilmni» bilishi zarurligi to’g’risida fikr yuritiladi. Uning bittasi iqtisodiyot hisoblanadi. «Iqtisodiyot» dahqonchilik, chorvachilik va savdo sifatida ko’rib chiqiladi. «Artxashastra»da aytilishicha, davlat yangi mintaqalarni tashkil etishi va odamlarni u yerlarga o’rnashtirish ishlarini amalga oshirishi kerak. Yangi ko’chib kelganlarga yer soliq to’lash sharti bilan shaxsiy foydalanishga berilgan. Agar beriladigan yerlar yaxshi ishlatilmasa, ulardan yerlarni tortib olish va yaxshi ishlaydigan dehqonlarga berish tavsiya etiladi. Asarda davlat bozor bahosini tartibga solib turishning chora-tadbirlarini ko’rib chiqilishi lozimligi to’g’risida fikr yuritilgan. Masalan, unda mahsulotning bozor bahosi bilan uning tabiiy qiymati o’rtasidagi farq aytilgan. Tovarga bo’lgan ehtiyoj ortganda, uning bahosi qiymatdan oshib ketishi mumkin, deyilgan. Savdo bilan shug’ullanuvchilarga alohida urg’u berilgan bo’lib, foydaning miqdori tovar bahosiga (boshqa harajatlar qatorida) qo’shilib, mahalliy mahsulot uchun 5, chetdan kelgan tovarlar uchun 10 foiz qilib belgilangan. Tovarlar bahosining mavsumga qarab tebranib turishini bartaraf etish uchun, davlatning kerak paytda muomalaga chiqaradigan tovar zaxirasi bo’lishi kerak. Bu bilan tovarlar bahosi barqarorligini ta‘minlashga erishiladi. «Artxashastra»da davlatning moliya muammolarini yechishga katta ahamiyat beriladi. Jumladan, daromad solig’iga katta e‘tibor berilgan. Davlat ba‘zi ishlarini rivojlantirishi uchun moddiy va ma‘naviy yordam bo’lishi kerak, deyilgan. Mahsulotga baho belgilash, davlatning boyishini ta‘minlash (foydani oshirib, sarf-harajatni kamaytirish), hisob-kitobni tartibga solish kerakligi belgilangan. Shu bilan birga davlat amaldorlarini tez-tez o’zgartirib turish kerakligi tavsiya etilgan, chunki «suvda suzib yurgan baliq, o’sha suvdan ichayaptimi, yo’qmi bilib bo’lmaganidek, ishga biriktirilgan amaldor mulkni o’zlashtirayaptimi, yo’qmi – aniqlab bo’lmaydi», deyiladi asarda.
Qadimgi Xitoydagi iqtisodiy g’oyalar.
Qadimgi Xitoy mutafakkirlari ichida Konfutsiy (m.o. 551-479y.) alohida o’rin tutadi. Konfutsiyning fikrlari uning shogirdlari tomonidan yozib qoldirilgan «Lun yuy» («Suhbat va mulohazalar») to’plamida aks ettirilgan. Uning fikricha, mehnat ham kishilarning, ham davlatning boyligini ko’paytiradi. Konfutsiy «buyuk jamoa mulki» (dehqonlar jamoasi mulki) va xususiy egalik (quldorlar mulki)ni farqlaydi, ikkinchisini ko’proq qo’llaydi. Bu yerda u xususiy mulkni xo’jalik yuritishda ustun qo’yadi. Konfutsiy aqliy mehnat bilan jismoniy mehnat farqini ko’rsatib, aqliy mehnat bilan «yuqori» tabaqali kishilar, jismoniy mehnat bilan esa, asosiy qismi qullardan iborat bo’lgan «oddiy» kishilar shug’ullanadi, deb qayd qilib o’tadi. Konfutsiy ta‘limotiga ko’ra, bilimdon hukmdor – u «xalqning otasi», «to’g’ri amal qilishning» va boylikni ancha tekis taqsimlashning kafolati. Uning tasdiqlashicha, Xudo va tabiat tomonidan jamiyat toifalarga ajratilgan, ammo shu bilan birga u har bir odamni ma‘naviy yuksalishga da‘vat etgan, kattalarga bo’lgan hurmat qoidalari to’g’risida, farzandlik burchi to’g’risida, aka-ukalar o’rtasidagi do’stlik to’g’risida qimmatli fikrlarni ilgari surgan.
Qadimgi dunyo feodal jamiyati yemirilishi iqtisodiy g‘oyalari.
Natural xo’jalik konsepsiyasi grek mutafakkir Platonning (Aflotun) (m.o. 427-347y.) «Davlat» va «Qonunlar» asarlarida o’z aksini topgan. Bu asarlarida u ideal davlat qanday bo’lishi kerakligini ochib bermoqchi bo’ldi. U aholini uch toifaga ajratgan:
Faylasuflar – davlatni boshqaruvchilar;
Harbiylar – davlatni boshqarish apparatining bir qismi bo’lib, ular biror mulk egasi bo’lish huquqiga ega emas;
«Qora» toifa – dehqon, hunarmand va savdogarlardan bo’lib, ular mulk egasi bo’lishi kerak.Platon qulchilikka asoslangan natural xo’jalikni himoya qiladi, pulni jamiyatdagi dushmanlikning bosh sababchisi deb bildi; u sudxo’rlik operatsiyalarini inkor etdi va baholarni me‘yorda saqlash yo’li bilan savdogarlarning foydasini chegaralashni talab qildi. Aflotun qullarni fuqarolar deb tan olmadi va ularni biror toifaga kiritmadi. U xuddi Ksenofontga o’xshab dehqonchilikni iqtisodiyotdagi asosiy tarmoq deb hisobladi, shu bilan birga xunarmandchilik va savdoni uncha kerakli bo’lmagan soha deb ahamiyat bermadi. Platon birinchilardan bo’lib, bahoning asosi va darajasi muammosini tahlil etdi. Uningcha baho davlat tomonidan tartibga solinib turishi kerak. Asos qilib shunday baho olinishi kerakki, bu baho o’rtacha foyda olishni ta‘minlasin. Antik dunyodagi iqtisodiy qarashlarning yirik namoyandalaridan biri Aristotel (Arastu) (m.o. 384-322y.) hisoblanadi. Bu qadimgi grek mutafakkiri boshqa zamondoshlariga qaraganda iqtisodiy muammolariga chuqurroq kirib borishga muvaffaq bo’lgan. Uning asosiy asarlari «Nikomaxov etikasi» va «Siyosat» hisoblanadi. Bu yerda Aristotel, xuddi Platonga o’xshab, ideal davlat loyihasini ilgari suradi. Uning fikricha, jamiyatning quldor va qullarga bo’linishi – bu tabiiy va qonuniy hol bo’lib, odamlarning tabiatan turli-tumanligidandir. Uning g’oyalarining o’ziga xosligi shundaki, erkin fuqarolar, boshqaruvdagilar, yer egalari, chorvador, xunarmand va savdogarlar ham yashash vositalaridan foydalanish va boylik topish huquqiga ega. Shu bilan birga Aristotel o’z asarlarida iqtisodiyot (ekonomika) va xrematistika tushunchalari farqini ajratib ko’rsatib beradi. Ekonomika, Aristotel tushunchasi bo’yicha – bu, eng avvalo, dehqonchilikdagi kishilarning hamda hunarmandchilik va mayda savdo bilan band bo’lganlarning asosiy va sharafli faoliyatidir. Uning maqsadi – insonning eng muhim ehtiyojlarini qondirish hisoblanadi va shuning uchun unga davlat g’amxo’rlik qilishi kerak. Xrematistika esa – bu yirik savdo yo’li bilan boylik orttirish mahoratidir. Boshqacha aytganda, xrematistika – bu kapital qo’yish, sudxo’rlik va jamg’arish «san‘ati»dir. Aristotelning aytishicha, «ekonomika maqtovga sazovor», xrematistika esa «tanbehga». Qadimgi grek mutafakkirining ekonomika va xrematistikaga bo’lgan bunday munosabati uning natural-xo’jalik tarafdori bo’lganligini yaqqol ko’rsatib turibdi. Aristotel savdoning rivojlanish bosqichlarini va pul muomilasini tahlil qilib, yirik savdo va sudxo’rlik operatsiyalariga salbiy munosabatda ekanligini bayon etdi. U pulning qiymat o’lchovi va muomila vositasi funksiyalarini ekonomikaga, boylikni ko’paytirish funksiyasini xrematistikaga kiritdi.
A.Smit va uning «Xalqlar boyligi…» asari.
Adam Smit (1723-1790) klassik siyosiy iqtisodning atoqli namoyandasidir. Mustaqillik Deklaratsiyasi imzolangan 1776-yili Angliyada zamonamizning eng muhim kitoblaridan biri Shotlandiyalik buyuk iqtisodchi Adam Smitning «Odamlar boyligining tabiati va sabablari to’g’risida tadqiqot» asari nashr etildi. Bu asar zamonaviy iqtisodiy fanning boshlanishi hisoblanadi. Shu kitob uning muallifi Adam Smitni «iqtisodiyot otasi» unvoniga sazovar etdi. Smitning nuqtai nazaridan millatning boyligi faqat qishloq xo’jaligi jarayonida emas, umuman ishlab chiqarish jarayonida vujudga keltiriladi. Ishlab chiqarilgan ne‘matlar miqdori inson mehnatining boshqa ishlab chiqarish omillari bilan birlashuvidan tashkil topadi. A.Smit o’z davridagi iqtisodiy bilim va konsepsiyalarni umumlashtirdi va sistemaga tushirdi. Buning natijasida xo’jalik hayotining asosiy sohalarini tavsiflab beruvchi bir butun nazariya yaratdi. A.Smitning bu asari 5 kitobdan iborat bo’lib:
1-da – qiymat va qo’shimcha daromad muammolari tadqiq etildi;
2-da – kapital jamg’arilishi va uning shakllari;
3-da –kapitalizm taraqqiyotining tarixiy shart-sharoitlari;
4-da – merkantilizm va fiziokratlarning ta‘limotiga munosabati;
5-da – davlat moliya tizimi tadqiq etilgan.
A.Smitning tadqiqotining predmetini – jamiyatni iqtisodiy rivojlanishi va uning moddiy turmush darajasini oshirish muammolarini tashkil etadi. Boylikni ko’paytirish omillari, boylikning manbai mehnat va undagi mehnat taqsimoti hisoblanadi. Muallif bu tezisni to’g’nog’ich ishlab chiqarish ustaxonasi misoli yordamida asoslab beradi. Ustaxonada 10 kishi ishlaydi. Ular o’rtasida mehnat shunday taqsimlangan: 1- simni tortadi, 2 – uni to’g’rilaydi, 3 – kesadi, 4 – uchini o’tkirlaydi, va h. Bir kunda bu 10 kishi 48.000 to’g’nog’ich, ya‘ni har bir kishi 4.800 donadan mahsulot ishlab chiqaradi. Agar ular bir-birlariga bog’liq bo’lmagan holda ishlaganlarida, ularning hech qaysisi 1 kunda 20dan ko’p to’g’nog’ich tayyorlay olmagan bo’lar edi. Demak, ixtisoslashuv tufayli mehnat unumdorligi 240 baravardan ko’proq oshgan (4800/20). A.Smitning fikriga ko’ra, mehnat taqsimoti- milliy mahsulot yaratish jarayonida odamlar o’rtasidagi hamkorlik shaklidir. Shu borada olim quyidagi fikrlarni ilgari surdi:
Ixtisoslashuv tufayli kishilarning chaqqonligi ortadi;
Ular vaqtni tejaydilar, chunki bir ish turidan boshqasiga o’tishga hojat bo’lmaydi;
Ishchilar o’z faoliyatlarini takomillashtiradilar;
Ixtiro qilish uchun katta imkoniyatlarga ega bo’ladilar. Demak, A.Smit fikriga ko’ra, jamiyatdagi boylikning asosiy manbai barcha mehnat jarayonida qatnashganlarning faoliyati natijasida vujudga keladi va mehnat taqsimoti orqali ortib boradi. Ammo u faqat moddiy narsalarni yaratish va o’zgartirish bilan bog’liq bo’lgan mehnatni unumli mehnatga kiritgan. Bunga o’qituvchilarning, yuristlarning, harbiylarning, ma‘muriyatning, yozuvchilarning va shu kabilarning ko’rsatayotgan xizmatlarini unumsiz deb topgan. Ikkinchidan, A.Smit iqtisodiyotda qishloq xo’jaligi sohasining ustunligi g’oyasidan qutula olmagan. U hunarmandlar va savdogarlar mehnatini yer egalari mehnatiga nisbatan kam unumli bo’ladi, deb tasdiqlaydi. Negaki yer egalariga tabiat «yordam» beradi va «dehqonchilikka qo’yilgan kapital haqiqiy boylikka va daromadga ancha ko’p qiymat qo’shadi». Bunda A.Smitning ta‘kidlashicha, iqtisodiyotning rivojlanib borishi bilan sanoat tovarlari bahosi pasayib borish tendensiyasiga, qishloq xo’jaligi mahsulotlari bahosi esa o’sish tendensiyasiga ega. A.Smit kapitaldan keladigan daromad sifatidagi foizni inkor etadi, foydani esa tadbirkorlik riski (tavakkalchiligi) kompensatsiyasi va boshqaruv uchun to’lov sifatida ko’rsatib beradi. Shuningdek, u boylikni ko’paytirishda pulning roliga alohida urg’u berib o’tadi. Jumladan, u shunday deydi, «jamiyat uchun natural ayirboshlashdan ko’ra, pulli ayirboshlash foydali bo’ladi». Odamlarning jamg’armaga bo’lgan tabiiy intilishlari, jamiyatga o’z kapitalini ko’paytirish imkonini beradi, negaki jamg’arma investitsiyaning zaruriy sharti hisoblanadi. Kapitalning o’sishi – millat boyligini ko’paytirishning uchinchi (mehnat taqsimoti va puldan foydalanish bilan birga) asosiy omilidir: kapital qancha ko’p bo’lsa, ishchilarni boqish va ularni ixtisoslashtirish imkoniyati shuncha ko’p bo’ladi. Asosiy rol tejamkorlikka qaratiladi, noo’rin sarf-harajatlar tanqid qilinadi, kapitalni isrof qilish, ya‘ni xarajatlarning daromaddan ortiqcha bo’lishiga qarshi bo’lgan. Iqtisodiy liberalizm konsepsiyasi A.Smit ta‘limotidagi asosiy g’oya – bu iqtisodiy liberalizm g’oyasi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini minimallashtirish g’oyasi, erkin raqobat asosida tashkil topadigan baho yordamida iqtisodiyotning o’zini o’zi boshqarish g’oyasidir. Uning tushunchasi bo’yicha, jamiyatda qachon shaxsiy manfaatlar ijtimoiy manfaatlardan ustun tursa, ya‘ni qachonki jamiyat manfaatlari uning a‘zolari manfaatlarining yig’indisi deb qaralsa, shundagina bozor qonunlari iqtisodiyotga ko’proq ta‘sir ko’rsatadi. Odamlarning o’z moddiy ahvolini yaxshilashga bo’lgan tabiiy intilishi – bu shunday kuchli omilki, agar uning amal qilishiga xalaqit berilmasa, deydi u, unda u o’z-o’zidan jamiyatni farovonlikka olib kelishga qodir. A.Smit xususiy tadbirkorlikni rivojlanishining ikki shartini ko’rsatib beradi:
1. Shaxsiy manfaat;
2. Raqobat.
U monomorliyalarga qarshi chiqqan. Raqobat qancha kuchli bo’lsa, monopolizm ehtimoli shuncha kam bo’ladi, deb hisoblaydi. Davlat erkin raqobatga aralashmasa, erkin raqobat cheklanmasa u dunyoning rivojlanishiga olib keladi. A.Smitning asosiy xizmatlaridan biri shundan iboratki, u birinchi bo’lib iqtisodiyotga ob‘ektiv, odamlarning irodasiga bog’liq bo’lmagan tizim sifatida qaraydi. Har bir rivojlangan mamlakatda juda kuchli, inkor etib bo’lmaydigan iqtisodiy qonunlar amal qiladi. Iqtisodiy qonular amal qilishining muqarrar sharti, A.Smit tushunchasiga ko’ra, erkin raqobat hisoblanadi. Olim iqtisodiyotda davlat sektori samarasizligini ko’rsatib o’tadi. U hukumatga quyidagicha ta‘rif beradi: « Davlat birovlar ishlab topgan pulni sarflaydi, o’zgalar pulini esa hamisha o’zingnikidan ko’ra behuda sarflaysan». U davlatning faqat 3 funksiyasini tan oladi:
1. Mamlakat xavfsizligini ta‘minlash,
2. Adolatli sud qilish,
3. Jamiyat uchun zarur bo’lgan ijtimoiy korxona va muassasalarni ta‘minlash.
«Ko’rinmas qo’l» nazariyasi A.Smit iqtisodiyot davlat boshqaruvidan xalos bo’lsa, butun jamiyat rivojlanishining sabablarini tushuntirish uchun «ko’rinmas qo’l» nazariyasini foydalanadi. «Ko’rinmas qo’l» deb u bozor mexanizmiga ta‘rif beradi: «Har bir alohida odam o’z kapitalini uning mahsuloti eng ko’p qiymatga ega bo’ladigan tarzda ishlatishga intiladi. Odatda u jamiyat foydasiga yordam berishni ko’zda tutmaydi, balki faqat o’z manfaatini ko’zlaydi… U o’z manfaaatlarini ko’zlagan holda jamiyat manfaatlariga ko’proq xizmat qiladi». Bozor mexanizmi asosida talab, taklif, mahsulotlar narxi va raqobat turishini isbotlab beradi. Bunda raqobat asosiy rol o’ynaydi. U ishlab chiqaruvchilarni resurslardan samarali foydalanishga va xaridorlar ehtiyojini hisoblashga majbur etadi. Bozor iqtisodiyoti normal ishlab turgan sharoitda Smit nazariyasiga ko’ra foyda ketidan quvish va raqobat butun jamiyatga naf keltiradi. A.Smit merkantilistlarning proteksionizm siyosatini tanqid qiladi. Uningcha, chetdan ancha arzon bahoga olib kelish mumkin bo’lgan tovarni o’zida ishlab chiqarish bema‘ni narsadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |