Biz kimning avlodimiz? “Insoniyatning qisqacha tarixi”
asariga
taqrizim quyidagicha:
Avvalo bu kitob ayrim birodarlarimiz ogohlantirganidek, bachchabozlik va
dahriylikni targ‘ib qilish uchun yozilmagan. Asosiy mazmunini yuqorida yozdim.
O‘quvchi kitobdan qidirganini topadi, bir kitob bilan aqidamiz buzilib ketsa, demak bu
mustahkam
aqida emas ekan, biz aqidamizni yanayam mustahkamlashimiz, yo‘ldan
adashtirmasligini O‘zidan so‘rashimiz lozim. Shunda ham kimdir taqvo uchun
o‘qimaslikni istasa, bu uning xohishidir. Bilimsizlik kulfat keltirmaydi, ammo yutqazib
qo‘yish yomon, deydilar.
Modomiki, shunday ekan, men bunday asarlarni atoqli
yozuvchimiz O‘tkir Hoshimov aytganidek mag‘zini yeb po‘chog‘ini tashlab yuborish
kerak bo‘lgan kitoblar qatorida ko‘raman. Ilm-fan sezgilarga asoslanadi, turli nazariya,
farazlarni ilgari surishi mumkin va mutlaq haqiqatga da’vo qilmaydi, shu bilan birga
tinimsiz o‘zgarishda, yangilanishda bo‘ladi.
Ammo
biz musulmon olami ilm-fanda, ayniqsa tabiiy fanlarni o‘zlashtirishda
benihoya achinarli ahvolga tushib qolganligimizni e’tirof etmasak bo‘lmaydi. Tabiat
va jamiyat qonunlarini anglashga urinmaymiz, kelajakni prognozlay olmaymiz. Shu
sababli ham dunyo bo‘yicha kashfiyotlarning 1 foizi ham musulmonlar hissasiga
to‘g‘ri
kelmaydi, boshimiz o‘zaro nizodan chiqmaydi, rivojlangan nomusulmon
davlatlar bizni osongina boshqarishadi va kerak bo‘lsa qurbon qilishadi. Abbosiylar
davridagi musulmon olimlari “aqidamizga putur yetmasin”, deya Hararining kitobidan
parhez qilishimizni ko‘rganda balki kulardi. Chunki ular
ilm-fanga oid har qanday
kitobni o‘rgangan va “Zevs haqqi” deb boshlanuvchi yunon olimlari asarlarini ham
arabchaga tarjima qilishdan bosh tortmagandi. Dunyo olimlari bugun Amerika,
Yevropa, Yaponiyaga intilganidek o‘sha davrda Qohira, Bag‘dod, Xorazm, Damashq
kabi shaharlarga intilardi. Shubha yo‘qki, biz tabiiy fanlarni o‘rganmasdan katta xato
qildik va jabrini tortmoqdamiz. Musulmonlar haqida hozir g‘ayridinlar ularning
o‘zlaridan ko‘proq biladi va shu tufayli ham ustundir. Musulmonlar g‘oyaviy
muxoliflarini o‘rganishlari,
ularning yondashuvi, ilmi, g‘oyalari, davlat boshqaruvi
bilan tanishishlari kerak. Aqidamizga putur yetmasin, deb o‘zini
chetga tortmasligi
zarurdir. Islomiy aqida kerak, ammo bugun birgina aqidaning o‘zi taraqqiy etish uchun
yetarli emas. Aqidamiz qachonki qalbimizga joylashib, e’tiqodga aylangandagina
foydalidir. Men tabiiy va ijtimoiy fanlarni musulmonlar
xuddi diniy ilmlarni
o‘rgangandek harislik bilan o‘rganishini orzu qilaman.
Yuval Hararining “Insoniyatning qisqacha tarixi” kitobini o‘tgan yili vazirlikdagi
bir yosh tashabbuskor yigit tarjima qilib nashr ettirmoqchi bo‘lgandi, ammo imkoni va
resursi bo‘laturib, nega to‘xtaganini bilmayman. Shunga qaramasdan bu bestseller
asarning tarjimasiga Nurbek Alimov kirishibdi. Boshini o‘qib ko‘rdim, tarjima
nazarimda yomon emas. Qiziquvchilar uchun foydali kitob bo‘ladi, deb o‘ylayman.