Biz kimning avlodimiz? “Insoniyatning qisqacha
tarixi” asariga taqriz
Tarix bu o‘tmish voqealarining ketma-ketligi hamda ularning o‘zaro
bog‘liqligini, rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganuvchi fandir.
Rivojlangan davlatlar
darsliklarida bu bog‘liqliklar o‘quvchilarga o‘tiladi. Ammo bizning tarix kitobimiz
quyidagicha (ko‘pchilikka tushunarli bo‘lishi uchun, asosan “O‘zbekiston tarixi”ni
nazarda tutyapman) eramizdan avval: To‘maris, Shiroq, yunonlar istilosi, Spitamen;
eramizdan keyin: turk hoqonligi, arablar kelishi, Beruniy, Ibn Sino kabi olimlar, so‘ng
mo‘g‘ullar bosqini, Amir Temur davlati, keyin Temuriylar va Shayboniylar ziddiyati,
xonliklar, shu bilan ruslar istilosiga o‘tib ketamiz. Bu voqealar va shaxslar
faoliyatining bugungi kunimizga ta’siri haqida nechtamiz bilamiz? Masalan, men
deyarli
bilmayman, ammo bilgim keladi. Aniqrog‘i, biz tarixni voqealar va sanalar
shaklida bilamiz, ularning rivojlanish qonuniyati, o‘zaro bog‘liqligi va bugunimizga
ta’sirini bilmaymiz va bilishga urinmaymiz. Keling, savollar qo‘yaylik: barmoqlarimiz
soni sakkizta bo‘lganda bugun sakkizlik sanoq tizimini qo‘llayotgan bo‘larmidik?
Turkiston Muxtoriyati saqlanib qolganda bugun qanday davlatda yashayotgan
bo‘lardik? Shayboniyzodalar shialar bilan urushmaganda bugun e’tiqodda shia
bo‘larmidik? Chor Rossiyasi va sovetlar o‘lkamizni paxtaga emas za’faron
yetishtirishga yo‘naltirganda sanoat va infrastrukturamiz qanday holatda bo‘lardi?
Shunga o‘xshash savollar. Faktlarni to‘plash, ularni tizimlashtirish
va sabab-oqibat
tarozisida o‘lchash hamda qonuniyatlarini aniqlash bu fanning xususiyatidir.
Kitob inson avlodining paydo bo‘lishi, jamoalarga to‘planib yashay boshlashi,
o‘zaro munosabatlar, kognitiv inqilob (ya’ni inson bilimining oshib ma’lum bosqichga
yetishi va buning vositasida jamiyatni o‘zgartirishi), agrar inqilob (odamzot ekin
yetishtirishni o‘rganib o‘zini ta’minlay olgani), o‘zaro xabarlashuv imkoniyati tufayli
birlashib yashashga intilishi,
ilmiy inqilob, kapitalizm va boshqa masalalarga
to‘xtaladi. Va bu jarayondagi birlamchi sabablarni sharhlashga urinadi. Hararining
uqtirishicha, inson jamiki mavjudotlar hukmdoriga aylanishiga uning o‘zaro axborot
almasha olish va birlasha olish qobiliyati sabab bo‘ldi (shu
qobiliyat boshqa
mavjudotda bo‘lganda hozir yer yuzining hukmdori u bo‘lardi). Harari deydiki,
insonlar birlashgan barcha ijtimoiy tuzilmalar xoh kompaniya, xoh davlat, xoh din, xoh
siyosiy partiya – barchasi xayolot mahsuliga (ruschada “mif” va “vimisel”, ya’ni
“to‘qima”, “uydirma”, “ertak” ma’nosida tarjima qilingan. Men ayni so‘zni “xayolot
mahsuli” deb oldim, chunki bu yerda aynan mif-ertak so‘zi tushmaydi, ma’no ko‘proq
“g‘oya”, “aqida” so‘ziga tortadi, nazarimda. Shunday bo‘lsa-da, dinni xayolot mahsuli
deb atash islomiy aqidamizga zidligini eslatib o‘taman, e’tibor berish kerak
nuqtalaridan biri shudir) ishonish oqibatida yuzaga keladi.
Kitob garchi ilmiy bo‘lsa-da, sodda uslubda yozilgan. Hatto, rus yoki ingliz
tilini
yangi o‘rgangan o‘quvchi ham qiynalmasdan tushunadi. Muallif muayyan voqelikni
ravshanroq tushuntirish uchun badiiylikka yaqin tasvirlardan foydalanadi,
sarlavhalarni qiziqarli tanlaydi: “Odam va Havoning bir kuni”, “Pejo afsonasi, “Ruhlar
bilan muloqot”, “Urushmi tinchlik?” va hokazo.
Marksizmdan ma’lumki, Karl Marks kishilik jamiyatini beshta ijtimoiy-iqtisodiy
formatsiyaga bo‘ladi. Bunday tasnifga u iqtisodchi sifatida ishlab chiqarish vositalariga
egalik nuqtai nazaridan yondashadi. Harari “aql-idrokli odam” (Xomo Sapiyens)
tarixini to‘rt davrga bo‘ladi: kognitiv inqilob (taxminan eramizdan avvalgi 70-12 ming
yillar oralig‘i, bu davrda odamzod tasavvuri rivojlanib aqlini tanigan), qishloq xo‘jaligi
inqilobi (taxminan er.av 12 asrdan to eramizgacha, bu davrda qishloq xo‘jaligi
rivojlandi), insoniyatning siyosiy tashkilot va imperiyalarga birlashuvi (taxminan
eramizdan to 1500 yillargacha) va ilmiy inqilob davri (1500 yildan hozirgacha ilm-fan
taraqqiy topish davri). Harari insoniyat tarixini bo‘laklarga
ajratishda iqtisod emas,
tabiiy fanlar, xususan, biologiya nuqtai nazaridan yondashadi, ya’ni odamni bir
biologik tur deb qaraydi.
Harari o‘zaro bir-birini tanib munosabat o‘rnatib
guruhga uyusha oladigan
odamlar soni uzog‘i bilan 150 nafarga yaqin deydi. Guruhda odamlar soni 150 nafardan
ortsa, boshqarish murakkablashadi, yetakchi ularni adashtira boshlaydi. Xo‘sh,
shunday ekan, odamlar ming, mln kishilik birlashmalarga qanday uyushadi? Chunki
ularni o‘zaro bir “xayolot mahsuli”ga ishonch birlashtiradi, deydi u. Bir-birini mutlaqo
tanimaydigan ikki serb o‘zaro gaplashib ketishi mumkin, chunki ular serb xalqi, serb
mamlakati va bayrog‘i borligiga shubha qilmaydi. Googlening ikki xodimi tanish
bo‘lmasa-da,
birgalikda samarali ishlaydi, chunki ular Google nomli kompaniya
borligiga, uning aksiyalari va pullari mavjudligiga ishonadi. Ko‘rib turganingizdek,
barchasini odamzot o‘ylab topgan xayolot mahsuliga ishonch birlashtiradi.
Kitobda nazariyalarga ko‘p erk berilgani uchun ishonchsiz tuyuluvchi joylari ham
uchraydi. Muallif ba’zan o‘zidan avvalgi olimlarning fikrlariga “barchasi ertak” deb
bepisand yondashadi. Ayniqsa, insonning odamsimon
maymundan kelib chiqishi
da’vosi insoniyat Odam Atodan tarqagan deb ishonuvchilarga yoqmasligi tabiiy.
Ammo musulmon olimlar orasida Odam Ato birinchi jismoniy odam emas, undan
avval ham odamlar bo‘lganligi, Odam Ato esa birinchi payg‘ambar va Yaratganning
elchisi sifatida tanlanganligini aytuvchilar ham borligini (Rossiya Islom qo‘mitasi raisi
Haydar Jamolning fikrini
ko‘ring
) unutmasligimiz kerak. Bu haqda turk tafsirchi olimi
Mehmet Okuyanning ham qiziqarli fikrlari bor.