6- rasm. Reja chiziq tushiradigan ipdan foydalanish.
Xatkash bilan chiziqlar quyidagicha tushiriladi: uning taxtasidan o’tkir mixli tayoqchasi surib chiqariladi va kerakli vaziyatda o’rnatiladi, bunda tayoqcha mixdan xatkash taxtasigacha bo’lgan oraliq chiziqdan taxta qirrasigacha bo’lgan oraliqqa teng bo’lishi lozim. Chiziqlar tekis va ingichka chiqishi uchun xatkash taxtasi detal qirrasiga mahkam qisiladi va u bo’ylab birtekis, ravon hamda qiyshaytirmasdan siljitiladi. Xatkashni o’zimizdan nariga sursak, chizish osonlashadi. Agar xatkash mahkam qisilmasa va qiyshaytirib ushlansa, chiziq egri-bugri, notekis va taxta qiyasiga noparallel chiziladi. Aniq chiziq tushirish uchun xatkashning mixi egov bilan o’tkirlab turiladi.
Oddiy xatkash yordamida taxta qirrasidan ko’pi bilan 100-150 mm oraliqda chiziq tushirish mumkin bo’lgani bois bundan kattaroq oraliqda chiziq chizish uchun shchit xatkashidan foydalaniladi. Bunday xatkash bilan chiziqlar oddiy xatkash kabi tushiriladi.
Reja tortkich (otvolok) bilan chiziq tushirish uchun taxtani ishlov berilgan qirrasi bilan chiziq tushiriladigan taxtaning qirrasiga qo’yish kerak; taxtalar orasida tirqish qoldirilib, unga reja tortkich kirgiziladi. Reja tortkichni tirqish bo’ylab siljitib mixning uchi bilan chiziq chiziladi.
Dumaloq narsaning tashqi diametri quyidagicha o’lchanadi: kronsirkulning oyoqchalarini o’lchanadigan narsaning diametridan birmuncha kichikroq qilib keriladi, bundan so’ng boyagi narsani oyoqchalar orasiga shunday kirgizish kerakki, oyoqchalar ochilganda narsaga zich tegib turadigan bo’lsin. So’ng kronsirkulni siljitmasdan ehtiyotlik bilan narsadan ajratib olinadi. Oyoqchalar oralig’i dumaloq narsaning diametriga teng bo’ladi.
Skoba yordamida tirnoq va zo’g’otalar o’rni belgilanadi (rejalanadi). Tirnoq va zo’g’otaning har bir o’lchamiga alohida skoba bo’lmog’i zarur. Rejalash paytida skobani rejalanayotgan taxtaning yuzasiga mahkam bosiladi va u bo’ylab bir tekis siljitiladi, shunda skobadagi mixlarning o’tkir uchlari taxtada parallel chiziqlar ko’rinishida iz qoldiradi. Ishni boshlashdan oldin rejalanadigan taxtaga skoba bilan rejalash boshlanadigan chiziq tushiriladi.
Uzun taxta va boshqa detallarga chiziq bo’r yoki nam (yumshoq) ko’mir bo’lagi yoki ishqalangan ip bilan quyidagicha tushiriladi: taxtaning bir uchi qirrasidan kerakli oraliqda kertik qilinadi, ipning uchi ana shu kertikka kirgizib qo’yiladi, keyin unga bo’r yoki ko’mir ishqalanadi, ipning boshqa uchini chap qo’l bilan qirradan o’sha oraliqda tarang ushlab, taxtaga bosiladi, keyin ipni o’ng qo’l bilan bir oz ko’tarib, qo’yib yuboriladi. Ip taxtaga urilganda unda chiziq paydo bo’ladi. Bu usul bilan chiziq xomaki ishlov berishda tushiriladi; aniqroq ishlov berish uchun chiziq chizg’ich yoki andaza yordamida tushiriladi.
Rejalash andazalarining (7-rasm) o’lchamlari, shakli va konstruksiyasi har xil bo’ladi. Andazalar tunuka, faner, qattiq yog’och tolali plitalardan tayyorlanadi. Andaza ishlov beriladigan taxta, brusok, tanavor ustiga qo’yilib, qalam yoki bigiz bilan atrofi chizib chiqiladi. Andazalardan foydalanilganda rejalash vaqti qisqaradi, osonlashadi va aniqroq chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |