Tabaqalashtirilgan taʼlim - umumiy oʻrta taʼlim maktablari yuqori sinf oʻquvchilarining qobiliyatlarini hisobga olgan holda alohida oʻquv rejasi va dasturlar asosida olib boriladigan ta’liim turi.
Tabaqalashtirilgan taʼlimning texnologiya fani bilan aloqasi oʻquvtarbiyaviy ishlarning muhim asosi hisoblanadi. Tabaqalashtirilgan taʼlim
jarayonida yuqori sinf oʻquvchilarining kasbiy tayyorgarliklariga alohida eʼtibor beriladi. Shu sababli ayrim maktablar bilim asoslarini chuqurlashtirishga, oʻquvchilarni muayyan kasbga yoʻnaltirishga moʻljallangan boʻladi. Tabaqalashtirilgan taʼlimda umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi asosiy oʻquv predmetlari mazmunini chuqur oʻzlashtirish, bevosita kerakli oʻquv materiallarini oʻrganish koʻzda tutiladi.
Tabaqalashtirilgan taʼlimning muhim jihati uning maʼlum sohaga yoʻnaltirilganligi va bu taʼlim jarayonida oʻziga xos predmetlar tizimining oʻqitilishidir. Tabaqalashtirilgan taʼlimni tashkil etishda maktablardagi imkoniyatlar puxta oʻrganiladi. Tabaqalashtirilgan taʼlimda maʼlum miqdorda qoʻshimcha dars mashgʻulotlari oʻtkazish yoki oʻquv rejasidagi ayrim predmetlarni tanlab olib, ularni chuqurroq oʻzlashtirish rejalashtiriladi. Uning u yoki bu shaklini tanlashda maktab va oʻquvchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqiladi. Tabaqalashtirilgan taʼlimda oʻquvchilar oʻz qiziqishlari asosida yoʻnalishlar boʻyicha guruhlarga boʻlinib, taʼlim maʼlum kasbga yoʻnaltirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Tabaqalashtirilgan taʼlim kasbga yoʻnaltirish va yoʻllashning muhim asosi hisoblanadi hamda biror mutaxassislik sohasidagi bilim va koʻnikmalarni egallash bilan bogʻliq bilimlar asosida amalga oshiriladi. Tabaqalashtirilgan taʼlimda oʻquvchilar kasbga yoʻnalish va qiziqishidan qatʼiy nazar, barcha oʻquv predmetlari boʻyicha toʻliq oʻrta maʼlumotga ega boʻlishadi. Tabaqalashtirilgan taʼlim oʻquvchining qaysi boʻlim yoki qaysi predmetni chuqur oʻrgangan boʻlishiga qaramay, oliy oʻquv yurtiga kirish uchun belgilangan imtihonlarda qatnashish imkonini beradi va unga tayyorgarlik bosqichi vazifasini oʻtaydi.
Tabaqalashtirilgan taʼlim asosida oʻquvchilar tanlangan mutaxassisligi boʻyicha chuqur bilim asoslarini egallashadi va amaliy malakalarga ega boʻlishadi. Tabaqalashtirilgan taʼlim kasb tanlashning asosi hisoblanadi va oʻquvchilarning oʻz qiziqish va moyilliklari asosida kasb tayyorgarligi sirlarini egallashlarida muhim oʻrin tutadi.
Tabaqalashtirilgan ta’limni joriy etish. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchilarning o‘quv fanlarini o‘zlashtirish yoki ularning ijodiy qobiliyatlari yo‘nalishi va darajasiga ko‘ra tabaqalashtirilgan ta’limni joriy etish, birinchidan, bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish davrida qobiliyatli bolalarning imkoniyatlarini yanada rivojlantirish; ikkinchidan, ularning vaqtini bеhuda isrof qilmaslik; uchinchidan, o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatning mo‘’tadilligini ta’minlashga imkon bеradi (zеro, psixologik nuqtai nazardan, ijodiy qobiliyatli bolalar e’tibor talab ekanliklari bois o‘zlariga nisbatan past daraja va mavqеdagi tеngdoshlarini kamsitish, ularga noto‘g‘ri munosabatda bo‘ladilar)
Ta’lim muassasalarida ijodiy qobiliyatli o‘quvchilarni saralash bеvosita ularni qobiliyatlarining yo‘nalishlari va darajalariga ko‘ra muayyan guruhlarga biriktirish asosida tabaqalashtirilgan ta’lim asosida o‘qitilishini talab qiladi.