Soat tipidagi indikatorlar va ular bilan ta'minlangan o‘lchash vositalari. Soat tipidagi indikatorlar faqat ishli juftdan tuzilgan mexanizmli asbobdan iborat. Indikatorning ishlash prinsipi quyidagi rasmda ko‘rsatilgan.
O‘lchash sterjenining o‘rta qismida tishli reyka bor. Bu reyka tishli g‘ildirak bilan tishlashadi. O‘lchash sterjenining siljishi tishli g‘ildiraklar orqali asbobning strelkasiga uzatiladi. Tishli g‘ildiraklardagi lyuft (tirqish) spiral prujina va ikkinchi tishli g‘ildirak yordamida yo‘qotiladi. Prujinaning ikkinchi uchi asbobning korpusiga mahkamlangan. Asbobda ikkita shkala bor: kattasida millimetrning bo‘laklari hisoblanadi, kichigida esa butun millimetr hisoblanadi. O‘lchash sterjenining 1 mm siljishiga katta shtaladagi strelka bitta aylanadi. Agar shkala 100 bo‘linmadan iborat bo‘lsa, u holda asbobning bo‘linmalar qiymati 0,01 mm ga teng. Aniqligi 0 va 1 sinfga mansub bo‘ladi. O‘lchash chegarasi esa 10 mm gacha. Shuningdek, bo‘lak qiymati - 0,001 va 0,002, o‘lchash chegarasi mos ravishda 1 mm va 2 mm bo‘lgan indikatorlar ham amalda ishlatiladi.
Soatsimon indikatorlar
Soat tipidagi indikatorlar qiymati 4 xil tipda ishlab chiqariladi: gardishining diametri 58 mm va o‘lchash chegarasi 0-5 hamda 0-10 mm bo‘lgan normal o‘lchamli; gardishining diametri 42 mm va o‘lchash chegarasi 0-2 mm bo‘lgan kichik gabaritli; gardishining diametri 42 mm, o‘lchash chegarasi 0-2 mm bo‘lib, toretslarni o‘lchaydigan; gardishining diametri 90 mm va bo‘linmalarining qiymati 0,01 mm bo‘lsa, o‘lchash chegaralari 0-5 mm hamda bo‘linmalarining qiymati 0,1 mm bo‘lsa, o‘lchash chegarasi 0-10 mm bo‘lgan kattalashtirilgan shkalali indikator. O‘lchash chegarasi 25-50 mm bo‘lgan indikatorlar ham ishlab chiqarilmoqda. Toretslarni o‘lchaydigan indikatorda o‘lchash sterjeni qopqoq tomonda bo‘ladi.kattalashtirilgan shkalali indikatorda bo‘linma oralig‘i katta, siferblatdagi shtrixlar keng, aniq va raqamlar katta; bularning hammasi ko‘rsatishlarni hisoblashni ancha yengillashtiradi va nazoratchi hamda ishchining to‘xtovsiz o‘lchashida charchashni kamaytiradi; ammo bunda indikatorning gabariti va og‘irligi kattalashadi.
Soat tipidagi indikatorlardan kengroq ko‘lamda foydalanish uchun indikatorlarga qo‘shimcha qurilmalar ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, turli xil nazorat tekshirish ishlarini bajarish uchun tegishli to‘plamlar ishlab chiqariladi. Bu to‘plamlarga burchakli
va to‘g‘ri maxsus richaglar, siqish qurilmalari, buradigan tutqichli mufta va boshqalar kiradi. Bu to‘plamlar stanokning aniqligini tekshirishga, ichki va tashqi sirtlar shakllarining og‘ishish kattaligini aniqlashga, shuningdek, odatdagi usullar bilan tekshirish qiyin bo‘lgan detallarning turli joylarini o‘lchashga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |