I-MODUL
AVTOMOBIL TRANSPORTI SERVISIDA ISHLATILADIGAN TEXNOLOGIK JIHOZLAR VA ULARNING TUZILISHI
1-MAVZU. KIRISH. FANINING MAQSADI, VAZIFASI, PREDMETI VA MANBALARI
Reja:
Respublikada avtomobil sanoati va transportini rivojlantirish bo'yicha hukumatning texnik siyosati va ulardan kelib chiqadigan vazifalar.
Texnologik jihozlar va ularning ekspluatatsiyasi fanining maqsadi, vazifalari, tuzilishi, predmeti va bakalavr tayyorlashdagi ahamiyati.
Adabiyotlar ro’yxati:A-1, A-2, A-3, A-4, A-5, A-6, Q-1, Q-2, Q-3
1.Respublikada avtomobil sanoati va transportini rivojlantirish bo'yicha hukumatning texnik siyosati va ulardan kelib chiqadigan vazifalar.
O’zbekistonda avtomobil sanoatini rivojlantirish, samarali ishlatish hamda ularga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlashni tashkil qilish bo’yicha qator davlat qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari chiqarilgan.
“O’zbekiston Respublikasining avtomobil transporti haqidagi qonun”da (1998 yil) avtomobil transporti faoliyatining huquqiy asoslari keltirilgan.
Avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnat muhofazasi, ekologik talablarga hamda tibbiyot–sanitariya va yong’inga qarshi me’yorlarga, standartlar va texnik shartlarga moslik sertifikatiga ega bo’lishi kerak. Sertifikatlashdan va belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tmagan avtotransport vositalarini ishlatishga ruxsat etilmaydi.
“O’zbekiston Respublikasining shahar yo’lovchi transporti haqidagi qonun”da (1997 yil) ko’rsatilishicha shahar yo’lovchi transportining transport vositalari xavfsizlik, mehnat muxofazasi, ekologiya talablari hamda standart va texnik shartlar, tibbiyot-sanitariya va yong’inning oldini olish me’yorlariga mosligi to’g’risida sertifikatga ega bo’lishi kerak.
“O’zbekiston Respublikasining yo’l harakati xavfsizligi haqidagi qonun” (1999 yil) yo’l harakati xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni boshqaradi va fuqarolarning sog’ligi, mulki va hayotini saqlashga, huquqlarini va qonuniy manfaatlarini hamda atrof muhitni himoya qilishga qaratilgan.
O’zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tgan transport vositalari majburiy texnik ko’rikdan o’tadilar. Transport vositalarining texnik xizmati va ta’mirlanishi yo’l harakat xavfsizligi talablariga javob berishi kerak.
Transport vositalariga texnik xizmat ko’rsatish va ularni ta’mirlash ishlari esa, yo’l harakat xavfsizligi standartlari, qoidalari va me’yorlari asosida o’tkaziladi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2003 yildagi qarori bilan “Transport vositalarini texnik ko’rikdan majburiy o’tkazish haqidagi Nizom” tasdiqlangan.
Avtotransport vositalariga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha qator davlat standartlari ishlab chiqilgan.
O’zbekiston Respublikasining O’zDSt 1049:2003 standartida avtotransport vositalariga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha umumiy talablar keltirilgan. Ushbu standart avtomototransport vositalariga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha xizmat ko’rsatishga bo’lgan umumiy talablarni o’rnatadi, belgilangan muddatlarda va etarli sifatli xizmatlardan foydalanishga, xizmatlar va ularni bajaruvchilar haqida ma’lumotlarni olishga foydalanuvchilarning huquqlarini o’rnatadi. Buyurtmalarni qabul qilish va rasmiylashtirish, foydalanuvchilar bilan hisob kitob qilish qoidalarini belgilaydi, bajaruvchilarning va foydalanuvchilarning vazifalarini va mulkiy javobgarligini o’rnatadi. Unda ko’rsatilayotgan xizmatlarning sifati majburiy talablariga javob berishi lozim bo’lgan 20 dan ortiq davlat standartlari va ularning nomlari keltirilgan.
Transport vositalariga texnik xizmat ko’rsatish va ularni ta’mirlash uchun mo’ljallangan zamonaviy texnologik jihozlar konstrukstiyasining yuqori murakkabligi, gidravlik, pnevmatik, elektron va kompyuterlashgan tizimlarning mavjudligi bilan ajralib turadi va ish qobiliyatini talab darajasida ushlab turish uchun yuqori texnologik texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlash tizimiga ega bo’lishni taqoza etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |