Termiz shahri tarixi va rivojlanish xususiyatlari.
Arxeologik topilmalar, arab va yunon manbalarida keltirilgan maʼlumotlar Termizning Sharqdagi qad. shaharlardan biri ekanligidan dalolat beradi. Shaharning qulay geografik oʻrni, strategik ahamiyatga molik joyda boʻlganligi, sharqni gʻarb, jan.ni shimol bilan bogʻlovchi savdo chorrahasida barpo etilishi, uning tez surʼatlar bilan rivojlanishiga zamin yaratgan. Buyuk ipak yoʻlinint muhim bir tarmogʻi ham Termiz orqali oʻtgan.
Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining shakllanishida Termizning oʻziga xos oʻrni bor. Koʻxna Termizning qalʼa qismida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijalari va yozma manbalarning tahliliga koʻra shaharga mil. av. 1ming yillikning oʻrtalarida asos solingan. T. Sugʻdiyona, Xorazm, Margʻiyona va Parfiya davlatlari bilan madaniy va savdo aloqalarini oʻrnatgan. Topilmalarga qaraganda shaharning Hindiston bilan madaniy va savdo aloqalari ham juda faol va uzviy boʻlgan.
Mil. av. 4–3-asrlarda 10 ga maydonni egallagan Termizning qad. qalʼasi oʻrnida aholi manzili boʻlgan. Hofizi Abruyning yozishicha, shahar nomi "Taramastxa" (baqtriycha "narigi sohildagi manzil") soʻzidan olingan boʻlib, asrlar davomida turlicha atalib kelgan (mas., Antioxiya, Demetrias, Tarmid, Tarmiz, Tami, Tamo), 10-asrdan Termiz deb atala boshlagan.
Termiz mil. av. 3–2-asrlarga kelib Baqtriyaning eng rivojlangan, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylandi. Ashyoviy dalillarga koʻra bu davrlarda shaharda meʼmorlik va hunarmandchilikning bir qancha sohalari (kulolchilik, degrezlik va metallsozlik, shishasozlik), Salavkiylar, YunonBaqtriya shohlari tovarpul muomalasi Movarounnahrning boshqa shaharlariga qaraganda ancha oldin rivojlanganligidan dalolat beradi.
1894-yil Term iz xarobalaridan 8 km narida joylashgan Pattakesar qishlogʻida ruslarning mahalliy aholi tomonidan "Tuproqqoʻrgʻon" deb nomlangan qalʼa istehkomi qurilgan. Hoz. Termiz shu Tuproqqoʻrgʻon atrofida bunyod etilgan. 1916-yil Buxoro–Qarshi–Termiz temir yoʻl qurilish munosabati bilan Termizning iqtisodiy mavqei oʻsdi. 1917-yilgi davlat toʻntarishidan keyingi Sovet imperiyasi davrida ham Termiz oʻzining harbiy-strategik ahamiyatini yoʻqotmadi. Bu davrda Termizda katta-katta inshootlar qurildi. Maʼmuriy binolar qad koʻtardi. Ilm-fan rivojlandi, madaniyat va sanʼat ravnaq topdi.
Oʻzbekistonni qoʻshni Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston va boshqa davlatlar bilan bogʻlovchi yoʻl Termiz orqali oʻtishi shaharning siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim oʻrin egallaydi.
Termizda dastlabki arxeologik qazishma ishlari B.P.Denike (1926–27), M.Ye. Masson rahbarligidagi Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi (1936–38) tomonidan olib borilgan. Eski Termizda arxeologik qazishma ishlari keyinchalik Sh.Pidayev, T.Annayev tomonidan davom ettirilib, shahar tarixi yanada oydinlashtirildi.
1933-yilda Termizda birgina paxta tozalash zdi va yana bir necha ustaxonalar boʻlgan. Keyinchalik va ayniqsa, mustaqillik yillarida, sanoat, qurilish, yengil, oziqovqat va boshqa korxonalar ishga tushdi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari yaxshilandi. Shaharda yangi temir yoʻl vokzali qurildi. Amfiteatr, arxeologiya muzeyi, sanʼat kolleji, akademik litsey, tadbirkorlar markazi, markaziy stadion, "Delfin" suzish havzasi, kurash saroyi, tennis korti, "Alpomish" majmuasi, markaziy bozor, "Termizning 2500-yilligi" nomli xiyobon bor; shoshilinch tibbiy markaz qurilib ishga tushirildi.
Mustaqillik yillarida Termiz chiroyini yanada ochdi, shahar koʻchalari boshqadan qurilib, ravon va keng koʻchalarga aylantirildi, istirohat bogʻlari, sharqona usuldagi muhtasham va obod bozorlar, zamonaviy maʼmuriy binolar, oʻyingohlar, teatr va kinoteatrlar, ilm-fan maskanlari barpo etildi, borlari taʼmirlandi. Qisqasi, shaharning qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgardiki, bu oʻz navbatida har bir termizlik qalbida quvonch va faxrlanish hissini uygʻotmoqda.
1999-yil noyabr oyida UNESCO Bosh konferensiyasining Parijda boʻlgan 30-majlisida Markaziy Osiyoning qadim shahrlaridan biri Termiz shahrining 2500-yillik yubileyini 2001-yilda xalqaro miqyosida nishonlashga qaror qilindi. Mazkur qaror munosabati bilan Ozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1999-yilning 27-dekabrida „Termiz shahrining 2500-yillik yubileyini 2001-yilda oʻtkazish va unga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida“ maxsus qaror qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |