Ayiruv organlari
Amfibiyalarda ayiruv organlari baliqlarga o’xshash tana buyraklari (mezonefros) dan iborat. Buyraklar uzunchoq-qizg’ish rangdagi tangacha shaklida bo’lib, umurtqa pog’onasining ikki yonida joylashgan. Har bir buyrakdan kloakaga tomon nozik siydik yo’li vazifasini bajaruvchi volf kanali tarmoqlanadi. Urg’ochi baqalarda volf kanali ayiruv yo’li yoki siydik yo’li vazifasini, erkaklarda esa volf kanali bir vaqtning o’zida ham siydik yo’li, ham jinsiy yo’l yoki urug’ yo’li vazifasini bajaradi. Urg’ochi baqalarda tuxum yo’li funktsiyasini myuller kanali bajaradi. Volf kanali mustaqil ravishda kloakaga va siydik pufagiga ochiladi. Siydik dastlab kloakaga undan esa siydik pufagiga tushadi. Qachonki siydik pufagi to’lgandan keyin siydik yana kloakaga o’tadi va tashqariga chiqariladi.
Ko’payish organlari
Amfibiyalarning jinsiy organlarini bir juft jinsiy bezlar tashkil etadi. Erkaklarida ovol shakldagi urug’donlar bo’lib, ular buyrakning oldingi qismida maxsus tutqichlar orqali tutib turiladi.
45-rasm. Erkak baqaning siydik-tanosil organlari:
1-urug’don; 2-yog’ tanacha; 3-buyrak; 4-siydik yo’li; 5-urug’ pufakchasi; 6-kloaka; 7-siydik pufagi; 8-keyingi kovak vena; 9-urug’ saqlovchi kanal; 10-buyrak usti bezi.
Urug’dondan chiquvchi urug’ yo’llari buyrakning oldidan o’tib volf kanaliga qo’shiladi. Urug’dondan hosil bo’lgan jinsiy mahsulotlar shu kanallar orqali volf kanaliga o’tib, undan kloakaga yo’naladi. Volf kanalining kloakaga birikishi joyida bir oz kengaygan qismi-urug’ pufagi hosil bo’lgan bo’lib vaqtinchalik spermani saqlash vazifasini bajaradi.
Juft tuxumdon tutqichga osilgan bo’lib yupqa devorli xaltacha shaklida tana bo’shlig’ida joylashadi.
46-rasm. Urg’ochi baqaning siydik-tanosil organlari:
1-tuxum yo’li voronkasi; 2-tuxum yo’li; 3-bachadon; 4-kloaka; 5-siydik pufagi;
6-o’ng tuxumdon; 7-buyrak; 8-yog’ tanacha.
Gavda bo’shlig’ining yon tomonida yorqinroq rangdagi tuxum yo’li yoki myuller kanali joylashgan. Yetilgan tuxumlar tuxumdon devorini teshib tana bo’shlig’iga tushadi. So’ngra tuxum yo’lining voronkasi orqali tuxum yo’liga va bu orqali kloaka teshigidan tashqariga chiqariladi. Tuxumlar tuxum yo’lidan o’tish vaqtida dirildoq pardaga o’raladi.
Urg’ochilarining jinsiy yo’li bo’lib, juft tuxum yo’li-myuller kanali xizmat qiladi. Urg’ochi baqalarning siydik-tanosil yo’llari bir-biridan to’liq ajralgan. Urug’don va tuxumdonlarning oldingi ustki tomonida amfibiyalar uchun harakterli bo’lgan bittadan yog’ tanasi bo’ladi. Uning pallalari katta-kichik sariq tanadan iborat bo’lib, jinsiy hujayralarning yetilishi uchun sarf bo’ladi.
Markaziy nerv sistemasi
Amfibiyalarning bosh miyasi baliqlarga nisbatan taqqoslanganda qator progressiv belgilari mavjud. Eng muhim oldingi miya baliqlarnikiga nisbatan yirik, uning yarim sharlari to’liq ajralgan va miya yarim sharlar qorinchalarining tubini, yonboshini hamda qopqog’ini miya moddasi qoplab turadi. Demak, amfibiyalarda haqiqiy birlamchi miya gumbazi-arxipallium mavjud.
Baqaning bosh miyasini ko’rish uchun terisini boshidan va tanasidan shilib olinadi. So’ngra miya qutisining suyaklarini qaychi bilan ensa tomonidan kesib pintset bilan kesilgan suyaklar olib tashlanadi. Baqaning boshini o’zingizga qaratib aylantirib, qaychi bilan umurtqa pog’onasining ustki yoylari kesiladi. Kesilgan suyak parchalarini olib tashlansa, orqa miya ko’rinadi.
Baqaning bosh miyasi besh bo’limdan iborat (47-rasm).
47-rasm. Baqa bosh miyasining ustki (A) va ostki tomonidan (B) ko’rinishi:
1-oldingi miyaning katta yarim sharlari; 2-hidlov bo’lagi; 3-hidlov nervi; 4-oraliq miya; 5-ko’ruv xiazmasi; 6-voronka; 7-gipofiz; 8-o’rta miyaning ko’ruv bo’lagi; 9-miyacha; 10-uzunchoq miya; 11-orqa miya.
Bosh miyani ustki tomonidan ko’rsak avvalo oldingi miya hidlov bo’laklaridan chiquvchi hidlov nervini ko’rish mumkin. Undan pastroqda chuqur yoriq orqali bir-biridan ajralgan miya yarim sharlari joylashgan. Ulardan pastroqda oraliq miyani ko’rish mumkin. Oraliq miyaning orqasida o’rta miya va uning ko’rish bo’lagi bor. Miyacha, uzunchoq miya to’rtinchi miya qorinchasining oldingi qismida ko’ndalang bo’lib joylashgan. Uzunchoq miya orqa miya bilan tutashib ketgan. Bosh miyani ostki tomonidan ko’rish uchun hidlov nervlari va ko’ruv nervlari kesib tashlanadi. Bosh miyaning ostida ko’ruv nervi kesishgan joyi xiazma deb ataladi, bunda voronka hamda gipofizni ko’rish mumkin.
Amfibiyalarning bosh miyasidan o’n-juft nervlar chiqadi, o’n birinchi-jufti rivojlanmagan, o’n ikkinchi-jufti miya qutisini chekkasidan chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |