O’zbekistonda tarix fanining tarixi va tarix ta’limining o’ziga xos xususiyatlari mavjud. Masalan, XX asrda, ya’ni sho’rolar mustamlakachiligi davrida kommunistik mafkuraning ta’siri ostida milliy tariximizni yoritishda tarixiy sotsiologik yondashishlar hukmron edi. Natijada, milliy tariximizda sodir bo’lgan ko’pgina voqea va hodisalar o’sha davrning hukmron g’oyasi va mafkurasi nuktai nazaridan baholanib, ko’p hollarda tarixiy voqealar, ularni keltirib chiqargan ob’yektiv sabablar tom ma’noda soxtalashtirildi. Lekin, ozchilikni tashkil etgan bo’lsa-da, o’sha daxriylikka asoslangan sho’rolar davrida ham xakikatni yuzaga ko’tarib chikishga muvaffaq bo’lganlar. Masalan, sho’rolar davri tarixiy asarlarida Amir Temur shaxsiga tavsif berishda ham bir-biriga qarama-qarshi fikrlar ko’zga tashlanadi. Jumladan, «Temur, deb yozadi o’zbek temurshunos olimi, Temur va temuriylar davrini birinchi bo’lib qo’lyozma matnlar asosida o’rganib chiqqan professor Markam Abduraimov, — yoshligidanoq o’zining aqli rasoligi bilan ajralib turardi. Undagi harbiy iste’dod juda erta uyg’ongandi: u otda yaxshi chopar, o’q-yoyni mohirlik bilan otar edi. Temurning hayotlik paytida din ahllari daxlsiz edi. Avlodlari ham bu an’analarga sodiq qoldilar. Temur din arboblarigagina emas, balki dunyoviy fanlarning namoyandalariga ham e’tiborli bo’lgan.
Temurning ichki siyosati imkoni boricha Movarounnaxr moddiy va ma’naviy farovonligini ko’tarishga qaratilgan edi.
Movarounnaxr va Samarqandda bunyod etilgan nodir va abadiy obidalar bevosita Temur nomi bilan bog’liqdir. O’rta Osiyoda o’tgan barcha hukmdorlar orasida u ulug’ bunyodkor va zabardast Amir sifatida nom qozongan edi»1.
Amir Temurga tavsif berishda yana bir o’zbek tarixchi olimi, professor Goga Xidoyatov shunday yozadi: «U o’qish va yozishni o’rganmagan bo’lib, turk va fors tillarida yaxshi gapirar edi...»
Temur CHingizxon va uning harbiy tartiblarini ixlosmandi bo’lib, hamma yurishlarini tashkil etish, harbiy harakatlar va ma’muriy qurilish ishlarida unga takdid qilar edi... Uning hamma harbiy taktikasi CHingizxondan o’zlashtirib olintan edi»2. Amir Temurga xarakteristika berishda tarix fani metodologik tadqiqotchilikka da’vogar bo’lgan tarixchilar ham chetda qolmadilar. Masalan, Ahmadjon Sa’diyev O’zbekiston maktablarida «Temur davlatining tashkil topishi» mavzusini qanday o’qitish lozimligi xususida shunday ilmiy bashorat qiladi:
« Temur davlatining tashkil topishiga bag’shlangan birinchi darsda Temurning shaxsiga tavsif berishda, deb uqtiradi A. Sa’diyev, — Temurning jahonga hukmron bo’lish havasi bilan bosqinchilik urushlariga kirib ketganligi mamlakatdagi ishlab chiqarish kuchlari va vositalarining keng miqyosda rivojlanishiga to’sqinlik kilgani, Temurning turli xil harakatlari, zulmi xalqning qahr-g’azabiga sabab bo’lganligi aytiladi. Temurning o’lkan imperiyasi — feodal hukmdorlar imperiyasidan iborat bo’lib, uning haqiqiy markazlashishi uchun yetarli iqtisodiy zamin bo’lmaganligi uchun mustahkam emasligi tushuntiriladi»2.
N. Remeyev mazkur mavzuni o’rganish xususida tarix o’qituvchilariga dars jarayonida o’quvchilar diqkat-e’tiborlarini asosan quyidagi masalalarga jalb etilishini uqtiradi:
Temur davlati qachon vujudga keldi?
Uning harbiy yurishlarini gapirib bering.
Temurning harbiy yurishlari qanday xususiyatga ega edi?
Temur davlati nima uchun inqirozga yuz to’tdi?
Avvalambor, yuqoridagi savollarning hammasi ham o’quvchilarni mantiqan tahliliy tafakkur etishga yo’llamaydi. Aksincha, ularda metodika ham yo’q. Ikkinchidan, mavzuni o’rganish uchun qo’yilgan savollar o’quvchilarda ijobiy ya’ni milliy ma’naviyatimizga asoslangan, ularda milliy iftixorlarini shakllanishiga olib keladigan, asl tarixiy haqiqatni bilib olishlariga yetaklaydigan fikrlarga emas, balki Amir Temur davri faqat nohaq qon to’qishlar, vayronagarchiliklar, dehqon va hunarmandlar uchun azob-uqubat davri bo’lgan degan xulosaga kelishlariga da’vat etilgan ilmiy va tarixiy haqiqatni o’ta soxtalashtirilgan yo’nalishdan iboratdir. O’zbekiston tarixini o’qitish bo’yicha yaratiladigan «ilmiy-metodik tavsiya» nomiga da’vogarlik qiladigan har qanday risolalarda talabalarga tarixiy haqiqatdan kelib chiqib, ularga Vatan tarixidan beriladigan ta’lim va tarbiya jarayonini insonparvarlashtirish, demokratlashtirish hamda integratsiyalashga tomon burilsa ayni muddao bo’lur edi. CHunki, xalq ta’limi oldiga qo’yilgan bugungi farovon hayotimiz, davrimiz ta-labi shuni taqozo etmokda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning sa’yi-harakatlari bilan Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash to’g’risidagi farmoni YUNESKO tomonidan ijobiy tadbir sifatida ma’qullanib, Amir Temurning O’rta Osiyo va jahon xalqlari tarixida tutgan o’rniga odilona baho berilganligining guvohi bo’ldik.
«Amir Temur davrini qaytadan o’rganishimiz kerak, nega deganda, Amir Temur tuzuklarini o’qigach, xuddi bugungi zamonning katta muammolariga javob bergandek bo’laman. SHuning uchun strategiyani juda puxta o’ylash kerak. Balki ota-bobolarimiz qoldirgan merosdan foydalanib, o’zimizga xos, o’zimizga mos strategiyani ishlab chiqish kerak bo’ladi»3, deb qayd etdi birinchi Prezidentimiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |