O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi O‘zbekiston Milliy universtiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakultetining “Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya” kafedrasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Dastlab bu kafedra 1940-yilda O‘rta Osiyoda yakkayu-yagona bo‘lgan «Iqtisodiy geografiya» nomida tashkil topdi. Keyinchalik u «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» (1978 y.) deb yuritila boshladi. 1998 yildan esa, mazkur kafedra «Ijtimoiy geografiya va mintaqaviy iqtisodiyot» nomi bilan faoliyat ko‘rsatdi. Keyinchalik uning nomi bir necha marotaba o‘zgargan bo‘lsada bugungi kunda yana shu nom bilan ya’ni «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» nomi bilan yuritilmoqda. Kafedraning dastlabki mudiri geografiya fanlari nomzodi, dotsent V.G. Kuznetsov bo‘lgan. So‘ngra uni g.f.d., professor M.G. Kadek (1941-1945 yy.), g.f.d. professor V.M.Chetirkin (1944-1948 yy.), g.f.n., dotsent R.S.Lobach (1948-1954 yy.), g.f.n., dotsent Sapenko (1954-1959 yy.) boshqarib kelgan. 1960-1969 yillar mobaynida ushbu vazifani g.f.n., dotsent N.G.Smirnov bajarib kelgan. Maxalliy o‘zbek olimlaridan birinchi bo‘lib bu kafedraga g.f.d., professor Z.M.Akramov rahbarlik qildi. U kafedra mudiri lavozimida 1969-1984 yillar davomida ishlab keldi, 1984 yildan 2010 yilgacha kafedrani taniqli olim g.f.d., prof. A.S.Soliev boshqardi. Hozirgi kunda kafedrani geografiya fanlari doktori, professor Z.N.Tojieva boshqarib kelmoqda. Kafedra tarixiga e’tibor bersak, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning eng muxim va dolzarb yo‘nalishlari: iqtisodiy rayonlashtirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, axoli geografiyasi, shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiya muammolari, umuman ijtimoiy (sotsial) geografiyaning turli soxalari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilayotgani ko‘zga tashlanadi. 1998-1999 o‘quv yilida MDH mamlakatlari o‘rtasida ilk bor prof. A.S.Soliev tomonidan olg‘a surilgan mintaqaviy iqitisodiyot yo‘nalishiga bog‘liq nazariy va amaliy masalalar katta qiziqish bilan o‘rganilib kelindi. So‘nggi yillarda, jahon taraqqiyotiga mos andozalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda ham an’anaviy ilmiy yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Masalan, aholiga tibbiy, ta’lim va boshqa sohalarda xizmat ko‘rsatish, siyosiy geografiya va geosiyosat, sotsial geografiya, turizm va rekreatsiya, tibbiy va kasalliklar geografiyasi (nozogeografiya), jinoyatchilik geografiyasi kabilar rivojlanib bormoqda. Ularning barchasida O‘zMU «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» kafedrasi asosida mustaqillik yillarida shakllangan milliy iqtisodiy geografiya ilmiy maktabi va unga uyushgan olimlarning hissasi bevosita katta bo‘ldi. SHu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur ilmiy maktabning shakllanishi va samarali rivojlanishida ikki katta-olim Ziyovutdin Muxitdinovich Akramov va Abdusami Solievich Solievlar etakchi bo‘ldilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |