1.3. Bolalar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini tashkil qilishda kunlik rejimning ahamiyati
Bolalar bog‘chasida jismoniy tarbiyani to‘g‘ri tashkil qilish ishlari ham bog‘cha mudirasining rahbarligiga bog‘liqdir.Bog‘cha mudirasi umuman tarbiyaviy ishni tashkil etish bilan birga uning to‘g‘ri bajarilishini ham ta’minlaydi. Har bir tadbirni amalga oshirish uchun sharoit yaratilishi lozim.Bolalar bog‘chasida jismoniy tarbiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi va bajarilishi uchun eng muhim sharoit kunlik rejimdir. Kunlik rejimni tuzishda bog‘cha mudirasi barcha tarbiyaviy tadbirlarni nazarda tutishi hamda bolalarning jismoniy tarbiyasiga alohida e’tibor berishi lozim.
Bolalar bog‘chasida jismoniy tarbiya, umumiy jismoniy tarbiya tizimining eng boshlang‘ich bosqichi bo‘lib, tarbiyaning ajralmas bir qismidir.Jismoniy tarbiya insonni sog‘lom, qobiliyatli , tetik, aqli еtuk, xushchaqchaq, turmushni sevuvchi qilib tarbiyalash kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi. Binobarin, jismoniy tarbiyaning mazmuni, shakli hamda metodikasi maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning yosh xususiyatiga moslangan bo‘lishi lozim. Bolalarning sog‘lom o‘sishi, rivojlanishi uchun kunlik rejim katta ahamiyatga egadir.Har kuni bir xil holda takrorlangan tashqi ta’surot natijasida bolalar ichki organlarining faoliyati yaxshilanadi, hamda ularda odob, tartib-intizom, istak kabi xususiyatlar tarkib topadi. Bolalarning ovqatlanishi, uyqusi, sayr qilishi, o‘yinlar va mashg‘ulotlari uchun muayyan bir vaqtning belgilab qo‘yilishi qat’iy rejimdir.Kunlik rejim bolalarning xarakterlariga rioya qilingan holda tuziladi. Masalan: aqliy faoliyatdan so‘ng еngil mehnat malakalari bilan shug‘ullanishi yoki harakatli o‘yinlar o‘ynash, kuchli harakatli faoliyatdan so‘ng tinch mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutiladi. Bog‘chada bolalarning hayoti osoyishta o‘tishi lozim, lekin doim bir xil o‘tgan kunlar bolalarni zeriktirib qo‘yadi, shuning uchun tarbiyachilarga har bir mashg‘ulotni turli ko‘rinishlarda o‘tkazib turish tavsiya qilinadi. O‘yin – kulgu, ashula, raqs, turli harakatlar, xushchaqchaq o‘yinlar yosh bolalarning o‘sishi va hartomonlama rivojlanishi uchun zarur omillardir.Bolalarning ovqatlanishi, uxlagan paytlarida va turli mashg‘ulotlar jarayonida osoyishtalik saqlanishi lozim.
Kundalik rejim bolalarning yoshlarini hisobga olgan holda tuziladi. Masalan: kichik guruhdagi bolalarning kunlik rejimida kiyinish- еchinishga, ovqatlanishga, uxlashga ko‘proq vaqt, mashg‘ulotlar uchun kamroq vaqt ajratiladi. Bolalarning ochiq havoda yurishlari uchun mumkin qadar ko‘p vaqt beriladi. Qishda esa kamida 3-4 soat ochiq havoda bo‘lish tavsiya etiladi, yozda esa bolalarning barcha mashg‘ulotlarining barchasi ochiq havoga ko‘chirilishi lozim. Kunlik rejimda bolalarning o‘yiniga ham еtarli darajada vaqt ajratilishi lozim. Masalan: bolalar ertalab, sayr vaqtida, tushlik ovqatdan so‘ng kechki soatlarda o‘ynasin.
Kunlik rejimda ko‘rsatilgan tadbirlar vrachlar tomonidan tasdiqlanadi. Bu bolalar muassasalaridagi asosiy hujjat hisoblanadi. Bolalarning kunlik rejimida belgilangan ma’lum bir vaqtda ovqatlanishi muhim fiziologik tadbirlardan hisoblanadi, shuningdek, ma’lum bir vaqtda kunduzgi va kechki uyqu bolalarda shartli refleksni tarbiyalaydi. O‘yinlar, sayr qilish va mashg‘ulotlarning ma’lum bir vaqtda bo‘lib tartib bilan turishi, bolalarda intizomli bo‘lish va jamoa bo‘lib harakat qilish kabi sifatlarni tarkib toptiradi. Bolalar kunlik rejimga moslashish mobaynida o‘z harakatlarini ma’lum qoidalar asosida tartibga solib boradilar. Aytilgan vaqtda o‘ynash, aytilgan paytda ovqatlanish yoki uxlash bolalarda mas’uliyat, tartib- intizom, jamoaviylik, o‘zgalar fikrini hurmat qilish kabi sifatlarni rivojlanishiga ko‘maklashadi. Aytilgan ishni o‘z vaqtida bajarish va berilgan ishni oxiriga еtkazish kabi insoniy xususiyatlar rivojlanadi. Turli yosh toifalari orasida bunday tizimning joriy etilishi juda ijobiy natijalar beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |