Moliya bozorida resurslar harakati quyidagi omillarga bog‘liq:
- bozorning daromadlilik darajasi;
- bozorni soliqqa tortish shart-sharoitlari;
- kapitalni yo‘qotish yoki nazarda tutilgan foydani ololmaslik riski;
- bozorni samarali institutsional va funksional tashkillashgani;
- bozorni samarali muvofiqlashtirilganligi va nazorat qilinishi;
- makro va mikroiqtisodiy barqarorlik;
- tashqi kuchlar va hodisalarning bozorga ta’siri va boshqalar.
Ushbu omillar (tashqi va ichki fundamental omillar) moliya bozoridagi voqeliklar (jarayonlar, hodisalar) rivojini shakllantiradi.
Moliya bozorining yuqori darajada tashkillashganligi uning alohida faoliyat mexanizmi bilan belgilanadi. Bu mexanizm iqtisodiyotning qonun va kategoriyalarini to‘liq amal qilishi negizida va davlatning regulyativ (administrativ va indikativ tarzda) siyosati asosida moliya bozorining barcha qatnashchilarini bevosita ishtiroki natijalari bilan belgilanadi, davlat va iqtisodiyot sub’ektlari tomonidan birgalikda harakatga keltiriladi.
Moliya bozorining xossalari quyidagilardan kelib chiqadi:
- moliyaviy instrumentlar va ular bo‘yicha iqtisodiy-xuquqiy munosabatlarni ta’minlovchi tashkillashgan murakkab infratuzilmaga (institutsional va funksional tuzilmaga) va faoliyat mexanizmiga ega dinamik tizim;
- ochiqlik, teng imkoniyat, erkin raqobat, ob’ektiv bozor bahosi, risklilik, omillar va voqeliklarni (jarayonlarni) o‘lchamliligi (tahlil qilinishi, baholanishi va prognozlanishi mumkinligi);
- moliyaviy instrumentlarning monetizatsiyalashgan real bazis va sifat bilan ta’minlanganligi, standartlashganligi va unifikatsiyalanganligi;
- bozor va uning qatnashchilarini transparentliligi (informatsion shaffofligi);
- moliyaviy instrumentlarning optimal hajmi va baholarini ob’ektiv talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllanishi;
- moliyaviy instrumentlarning erkin muomalasi industriyasi uchun bozor infratuzilmasi bilan ta’minlanganligi;
- bozor qatnashchilarining biznes quvvati potensiali (sifat parametrlari darajasi miqdori bo‘yicha);
- bozorni tartiblashtirilganligi (muvofiqlashtirilishi va nazorat qilishishi darajasi bo‘yicha).
Moliya bozorining muhim hossalariga quyidagilar kiradi: bozor geografiyasi kengligi va chegaralari, bozorning tashkiliy modeli parametrlari, bozorni raqobatbardoshliligi va xavfsizligi darajasi, bozorning risklilik darajasi, bozorning jalbdorliligi, bozorning egiluvchan moslashuvchanligi darajasi, bozorni iqtisodiyotga ekvivalentlilik darajasi, bozorning funksiyalarini bajarishi darajasi, bozorni omillarga ta’sirchanligi darajasi. Sanab o‘tilgan xossalar moliya bozori muhitining quvvat potensialini belgilaydi va rivojini shakllantiradi. Ya’ni, moliya bozori muhitining quvvat potensiali darajasi bosh (integral) xossa sifatida moliya bozorining sanab o‘tilgan xossalari darajasi miqdori bilan belgilanadi va baholanadi.
2 – savol bayoni: Moliya bozori tarkibiga quyidagilar kiradi:
- pul bozori;
- qimmatli qag‘ozlar bozori;
- valyuta bozori;
- investitsiya bozori;
- ssuda kapitali;
- sug‘urta bozori va h.k.
Moliya bozorini tarkiban qimmatli qog‘ozlar bozori va qarzga beriladigan pul bozoridan iborat bo‘ladigan desak ham xato bo‘lmaydi. Qarz puli tabiatdan bir xil emas.
U birinchidan, pulni ishlatib, daromad topishni ko‘zlaydi, bunda pul kapital shaklini oladi. Ikkinchidan esa, pul shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun ishlatiladi va oddiy to‘lov yoki xarid vositasini o‘taydi. Banklarda, fond birjasida va auksionlarda o‘tkaziladigan moliya bozori asosan qarz pullar bozori ko‘rinishida bo‘ladi. Qarz pullar iste’mol tovarlarni sotib olish, o‘z xususiy ishini tashkil etish yoki kengaytirish (ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchini sotib olish) uchun olinishi mumkin.
Moliya bozorida ikki guruhdan iborat bo‘lgan sub’ektlar pul bilan munosabat qiladilar. Qisqacha bo‘lsada moliya bozorining tarkibini ko‘rib chiqaylik, chunki bular haqidagi to‘la ma’lumotlar o‘rganib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |