Nazorat uchun savollar: 1. Jahon xo‘jaligi nima?
2.XIM tizimiga nimalar kiradi?
3.Jahon xo‘jaligini rivojlanishining bosqichlarini tavsiflab bering.
4.“Avtarkiya” nima?
5.Mamlakatlarni “ochiqligi” qanday ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilanadi.
6.“Ochiq iqtisodiyotning” mazmuni va mohiyatini tushuntirib bering.
7.Globallashuv nimani anglatadi?
8.Tashqi savdo kvotasi nimani anglatadi
9.Xalqaro mehnat taqsimotining mohiyati qaysi olimlarning nazariyalarida aks ettirilgan.
10.Xalqaro mehnat taqsimotiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillarni xarakterlab bering.
11. Xalqaro ishlab chiqarish ixtisoslashuvi nima?
12.Ishlab chiqarish ixtisoslashuvining shakllarini ko‘rsating.
2-mavzu. Xalqaro savdoning rivojlanish nazariyalari va modellari. Reja: 2.1. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida xalqaro savdo. Xalqaro savdo konsepsiyasi 2.2. Xalqaro savdoning klassik va yangi nazariyalari,Xalqaro savdoda umumiy muvozanat.
2.1. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida xalqaro savdo. Xalqaro savdo konsepsiyasi Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning an’anaviy va eng rivojlangan ko‘rinishlaridan biri tashqi savdo hisoblanadi. Jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan xalqaro iqtisodiy munosabatlar umumiy hajmining 75-80%i tashqi savdoning ulushiga to‘g‘ri keladi.Dunyoda mavjud bo‘lgan har qanday mamlakat uchun tashqi savdoning roli kattadir. Iqtisodchi olim J.Saksning fikricha “dunyodagi har qanday davlatning iqtisodiy muvaffaqiyati tashqi savdoda ko‘rinadi. Hozirgi kunga qadar hech bir mamlakat jahon iqtisodiy tizimidan ajralgan holda sog‘lom iqtisodiyotni hosil qila olgani yo‘q”. “Tashqi savdo” deganda bir mamlakatning boshqa bir mamlakat bilan haq to‘lanadigan olib kirishi, ya’ni, import va haq to‘lanadigan olib chiqish, ya’ni, eksportdan iborat savdosi nazarda tutiladi. Dunyodagi barcha mamlakatlarning hak to‘lanadigan tovar aylanmasi yig‘indisi xalqaro savdo deb ataladi. Xalqaro savdo tushunchasi torroq ma’noda ham ishlatilishi mumkin. Masalan, sanoati rivojlangan davlatlarda tovar aylanmasining yig‘indisi, rivojlanayotgan davlatlarda tovar aylanmasining yig‘indisi va x.k.
Xalqaro savdoning zamonaviy nazariyalari o‘z tarixiga ega, albatta. Mamlakatlarning nima sababdan o‘zaro oldi-sotdi kilishi masalasi XVII asrning boshlaridanoq iqtisodchi olimlarni qiziqtirib kelgan. Endigina vujudga kelgan iqtisodiy ta’limot maktablari tashki savdoni rivojlantirishga o‘z e’tiborlarini karatishgan.