5.3. Xalqaro korporatsiyalarning mohiyati, tuzilmasi va ko‘rinishlari O‘z tarkibiga bosh boshqaruvchi markaz orqali rivojlanishning umumiy strategiyasini ishlab chiqaruvchi va amalga oshiruvchi, ikki yoki undan ortiq mamlakatda xo‘jalik birliklariga ega bo‘lgan xamda katta miqdorda xorijiy aktivlarga ega xalqaro kompaniya mutaxassislar tomonidan transmilliy korporatsiya (TMK) nomini olgan.
Jahon iqtisodiyotining o‘ziga xos «umurtqa pog‘onasi» bo‘lgan zamonaviy TMKlarning xarakterli belgilari quyidagilar hisoblanadi:
• Ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatining katta qismini bosh shtab-kvartira joylashgan mamlakat iqtisodiy makoni chegarasidan tashqariga olib chiqish;
• Turli davlatlarda shahobchalar, shu’ba va assotsiatsiyalangan kompaniyalarning katta tarmog‘ini shakllantirish;
• Iqtisodiy faoliyatni samarali bashoratlash va rejalashtirish sharoitida tashqi va ichki investitsion oqimlarni boshqarish;
• Kapitallar, ishchi kuchi, axborot ko‘chishi (transferti)ning firma ichkarisidagi kanallarining ko‘pligi.
TMK ko‘rinishlari tanlangan mezonga bog‘lik ravishda turlicha sinflanadi. Eng keng tarqalgan alomat xalqaro korporatsiyaning bosh tuzilmasi nizom fondidagi kapital ulushini belgilovchi milliy mansublik belgisi hisoblanadi. Bu holatda quyidagilar ajratib ko‘rsatiladi:
• monomilliy kompaniyalar (milliy kompaniya, masalan — Shveysariyadagi "Nestle" konserni);
• multimilliy kompaniyalar (baynalmilal kompaniya, masalan — ingliz-golland "Royyal Datch Shell" korporatsiyasi);
• konsorsiumlar (uzoq muddatli kapital sig‘imli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun bir necha korporatsiyalar aktivlarining bir qismini vaqtinchalik maqsadga yo‘naltirilgan birlashtirish).
5.4. Jahon xo‘jaligida transmilliy korporatsiyalarning roli BMT ekspertlarining fikricha transmilliy korporatsiyalar (TMK) “jahon mamlakatlar iqtisodiyotining rivojlanishidagi asosiy dvigatellari” dan biri bo‘lib hisoblanadi. 90-yillarning o‘rtalariga kelib jahon xo‘jaligida 40 mingdan ortiq TMKlar mavjud bo‘lib, ular o‘z davlatlaridan tashqarida faoliyat qo‘rsatib kelayotgan 250 mingga yaqin sho‘ba korxonalarni ham nazorat qilib turishgan. TMKlarning soni oxirgi yigirma yillar mobaynida 5 barobar ko‘paygan edi (1970 yilda 7 mingta bunday firmalar ro‘yxatga olingan). Hozirgi kunda jahon xo‘jaligida mavjud bo‘lgan 100 ta eng yirik xalqaro kompaniyalarning 40% mulki (shu jumladan moliyaviy mulki ham) boshqa davlatlar hududiga to‘g‘ri keladi. Jahon iqtisodiyotida transmilliy korporatsiyalar yirik investitsiya va yuqori malakali mutaxasislarni talab qiluvchi yuqori texnologiyali, ilmtalab sohalarga kirib boradi. Ushbu sohalarni transmilliy korporatsiyalar tomonidan monopoliya qilish tendensiyasi ro‘y bermoqda. Hozirgi kunda 500 dan ortiq eng kuchli transmilliy korporatsiyalardan 90 ga yaqini xorijiy mamlakatlardagi investitsiyalarning 70-75% i ustidan o‘z nazoratini o‘rnatgan bo‘lib, bu 500 dan ortiq gigant TMKlar hissasiga jahon bozorlariga chiqarilayotgan elektronika va ximiya sanoatining 80-82% i, farmasevtikaning 93-95%, mashinasozlikning 76-80% sanoat mahsulotlari to‘g‘ri kelmoqda.Transmilliy korporatsiyalarning jahon xo‘jaligi va xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimidagi faoliyatining yaxshi tomonlarini aytganda, ularning faoliyat ko‘rsatayotgan davlatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini ham aytib o‘tish lozim bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:
• TMK faoliyat ko‘rsatadigan davlatlarning iqtisodiy siyosatini amalga oshirishga xalaqit berishi;
• davlat qonunlarini buzishi;
• monopol narxlar o‘rnatishi, rivojlanayotgan davlatlarning huquqini cheklovchi shartlarga majbur etishi va boshqalar.