Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi 1059-sonli qarori bilan Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi tasdiqlandi.
Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri aholining farzand tarbiyasi bo‘yicha bilimlarini, pedagogik madaniyatini oshirish, fuqarolarni uzluksiz ma’naviy tarbiyaning samarali usullari va amalga oshirish shakllari bilan muntazam tanishtirib borish hisoblanadi.
Konsepsiyaning maqsadi — yosh avlodda mustaqil hayot uchun zarur ijtimoiy ko‘nikma va fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirish asosida yuksak fazilatli, barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iborat.
Konsepsiya to‘rtta bosqichni qamrab oladi:
birinchi bosqich: oilalarda (homila davri, bola tug‘ilgandan 3 yoshgacha bo‘lgan davr);
ikkinchi bosqich: maktabgacha ta’lim 3−6 (7) yoshgacha bo‘lgan davr;
uchinchi bosqich: umumiy o‘rta ta’lim (7 (6)-10 yoshgacha boshlang‘ich sinf, 11−17 (18) yosh);
to‘rtinchi bosqich: ishlab chiqarishda faoliyat ko‘rsatayotgan va band bo‘lmagan, shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar va OTM tizimidagi yoshlar.
Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
Tarbiya jarayonida uzluksizlik, uzviylik tamoyillariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasida homiladorlik davri, go‘daklar, bolalar va o‘quvchi yoshlarni ma'naviy tarbiyalashning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berish;
ma'naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;
aholi, ayniqsa yoshlarning Harakatlar strategiyasini amalga oshirish, shaxsiy baxtli hayot uchun eng zarur tayanch kompetensiyalar bilan qurollantirish;
tarbiyalanuvchilarning yoshi, jinsi, psixologik, milliy va shaxsiy xususiyatlarini inobatga olish;
yoshlarda vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr oqibatlilik, mas'uliyatlilik, tolerantlik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi muhim fazilatlarni go‘daklikdan boshlab bosqichma-bosqich shakllantirish;
homiladorlik davridan boshlab 18 yoshgacha davom etadigan uzluksiz ma'naviy tarbiyani amalga oshirishda ota-ona, tarbiyachi, o‘qituvchi va boshqa mas'ullarning o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatish mexanizmini ishlab chiqish va hayotga joriy etish;
bola tarbiyasida milliy va zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish shakllarini belgilab berish;
aholining farzand tarbiyasi bo‘yicha bilimlarini, pedagogik madaniyatini oshirish, uzluksiz ma'naviy tarbiyani jahon tajribasida sinovdan o‘tgan samarali pedagogik texnologiyalari, usullari va amalga oshirish shakllari bilan muntazam tanishtirib borish;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan global internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish;
uzluksiz ma'naviy tarbiyani tashkil etishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va xususiy sektorning hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish.
Do'stlaringiz bilan baham: |