Qozoq xalqi ma’naviyati va adabiyoti
Qozoqlar qadimdan o’zbeklar bilan yonmayon yashab keladilar, bu holatni ikki xalqning tarixiy yaqinligi va turmush tarzlari turlichaligi bilan izohlash mumkin: ko’chmanchi hayotga moslashgan qozoqlar, asosan, chorvachilik uchun yaroqli yaylovlarda istiqomat qilishgan bo’lsa, o’zbeklar savdo markazlari hisoblangan shaharlarda va dehqonchilik bilan shug’ullanishga yaroqli hududlarda yashaganlar. Ikkala xalq ham “uyingni toshlar bilan emas, do’stlaring bilan himoya qil” degan maqolga amal qilgan holda hamjihatlik va totuvlikda yashaganlar.
Hozirgi kunda O’zbekistonda 800 mingdan ortiq qozoq istiqomat qiladi: bu qozoq etnosining Qozog’iston tashqarisida, MDH mamlakatlarida yashaydigan eng yirik qismi hisoblanadi. 1992 yilning martida qozoqlarning birinchi qurultoyi o’tkazilib, O’zbekiston qozoq milliy madaniy markazi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu markaz tarkibida Qoraqalpog’iston Qozoq milliy madaniy markazi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi uning bo’linmalari, shuningdek, Toshkent shahar bo’linmasi ish yuritadi.
XIX asrgacha qozoqlarda adabiyot, asosan, xalq ogʻzaki ijodiyoti shaklida rivojlandi. Qadim zamonlardan beri ogʻizdan-ogʻizga koʻchib kelgan xalq maqollari, ashula va qoʻshiqlari, ertak va dostonlarida qozoq mehnatkashlarining ogʻir ahvoli, ozodlik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan.
Qozoq xalq qoʻshiqlari, ertak va dostonlari turli-tuman mavzularni qamrab olgan. Ularda qozoq mazluma ayollarining ohu figʻoni ham, xalq qoʻzgʻolonchilarining mardlik-shijoati ham, tadbirkor, dono Aldarkoʻsaning maroqli sarguzashtlari ham, Qoʻblandi botir, Ertargʻin va Qambar botir singari halq bahodirlarining qahramonliklari ham oʻz aksini topgan. Qozoq xalq ogʻzaki ijodi asarlarida turli ijtimoiy tabaqalarning hayotini aks ettiruvchi shaxslar obrazi bilan bir qatorda afsonaviy va majoziy obrazlar ham uchraydi. Topishmoq va ertaklardagi boʻri, ajdaho, dev, semurgʻ qush, dostonlardagi uchqur otlar yaxshilik va yomonlik timsoli sifatida gavdalanadi.
Qozoq xalq ogʻzaki ijodida qahramonlik dostonlari salmoqli oʻrin tutadi. “Qoʻlbandi botir”, “Qambar botir”, “Ertargʻin” dostonlarida qahramonlik, doʻstilik hamda vatanparvarlik gʻoyalari romantik boʻyoqlarda aks ettirilgan. “Qiz jibek”, “Qoʻzi koʻrpesh va Bayan suluv” hamda “Suluv shash” singari ishqiy-lirik dostonlar ham juda koʻp. Bu dostonlarda pok insoniy muhabbat tarannum qilinib, feodalizm jamiyatining yaramas tomonlari ochib tashlanadi, eski urf-odatlar ayovsiz fosh qilinadi. Masalan, “Qoʻzi koʻrpesh va Bayan suluv” dostonida tasvirlanishicha, oshiq va maʼshuqaning chin insoniy muhabbatiga Bayan suluvning boy xonadondan, Qoʻzi koʻrpeshning esa kambagʻal oiladan boʻlganligi toʻsqinlik qiladi. Mana shu qarama-qarshilik oshiq va maʼshuqlarning fojiali halok boʻlishiga olib keladi
Qozoq klassik adabiyotining asoschilari Choʻqon Valixonov, Ibroy Oltinsarin va Abay Qoʻnonboyev qozoq xalqi bilan rus xalqi, shuningdek, qozoq adabiyoti bilan rus adabiyoti oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikning jarchilari edilar. Choʻqon Valixonov rus fani va madaniyati bilan tanishgan oʻqimishli kishi edi. Olim va maʼrifatparvar Ch. Valixonov koʻp sayohat qildi, ilmiy ekspeditsiyalarda yurdi. U Qozogʻistonni, qoʻshni Qashqar oʻlkasini oʻrganishga oid bir qancha ilmiy asarlar yaratdi. Choʻqon Valixonovning folklorist va publitsist yozuvchilik faoliyati ham katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |