O‘QUV MATERIALLARI ...........................................................
MUSTAQIL TA’LIM MASHG‘ULOTLARI ..........................
GLOSSARIY ...............................................................................
ILOVALAR .................................................................................
1-MA’RUZA
Mavzu: “Imlo muammolari” fanining predmeti, maqsad va vazifalari.
Reja:
1. Til va yozuvning o‘zaro munosabati.
2. Yozuvning inson ruhiyati bilan bog‘liqligi.
3. Mukammal alifbo yaratish uchun harakatlar.
Imlo muammolari fani oliy o‘quv yurtlarining yuqori kurslarida tanlov fani sifdatida belgilangan bo‘lib, uning predmeti o‘zbek yozuvlari grafikasi va orfografiyasidagi muammolar hisoblanadi. Fanning maqsadi esa hozirgi o‘zbek adabiy tilining yozuv tizimlarida, xususan, grafikasi va imlosida shu vaqtgacha yuzaga kelgan turli muammoli holatlar bilan talabalarni tanishtirish, ularda imlodagi munozarali masalalarga ijodiy munosabat ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Imlo muamnmolari fanini o‘rganish davomida quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutiladi:
1. XX asrning birinchi choragidan (hozirgi o‘zbek adabiy tilining shakllanishidagi ilk bosqichdan) to XXI asr boshlarigacha bo‘lgan davrda mamlakatimizda amalga oshirilgan yozuv islohotlari xususida talabalarga umumiy ma’lumot berish;
2. Hozirgi ikkiyozuvlilikka olib kelgan ijtimoiy-tarixiy omillarni, amalda qo‘llanib turgan rus-o‘zbek va lotin-o‘zbek yozuvlari grafikasini qiyosan o‘rganish;
3. Bu ikki yozuv grafikasi va imlosidagi o‘ziga xos jihatlarni, munozarali holatlarni aniqlash, shu orqali talabalarni yozuv amaliyotiga tayyorlash kabi bir qancha vazifalarni o‘z ichiga oladi. .
Istiqlol tufayli milliy o‘zlik, milliy iftixor, milliy ma’naviyat, milliy an’analarimiz o‘zining asl ma’nosiga, qadriga ega bo‘ldi. Tilimizni har tomonlama taraqqiy ettirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbek tili, adabiy tilimiz o‘zbek xalqi madaniyati va ma’naviyatining ajralmas qismi, millatning mavjudligi va birligini, yuksalishini ta’minlovchi buyuk kuch sifatida uzil-kesil tan olindi.
Sho‘rolar hokimiyatining umri tugab borayotgan davrida O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi Mustaqillikka qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lgan bo‘lsa, istiqlol yillarida bir paytlari kamsitilgan ona tilimiz har tomonlama taraqqiy topa boshladi.
Navbatdagi vazifa sifatida – milliy tilimizga mos alifbo va imlo qabul qilish kun tartibiga chiqdi. 1993-yilning 2-sentabrida lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan Respublika Qonuni 1995-yil 6-mayda bu qonunga kiritilgan o‘zgartishlar bilan rasman kuchga kirdi va amal qilmoqda.
Biz yangi alifboga o‘tdik. O‘zbekistonning Birinchi Prezidentining chuqur hayotiy haqiqat mujassam ushbu fikrlari bu boradagi hal qiluvchi va maqsad sari yetaklovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda: “O‘tgan davr mobaynida ana shu qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash lozim. Avvalo, o‘zbek tilining lotin yozuvi asosidagi imlo qoidalari ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’limning barcha bosqichlarida ana shu alifbo asosida bilim berilmoqda. Lotin yozuvida chop etilayotgan kitob va darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, gazeta-jurnallar, reklama va e’lonlar, davlat hujjatlari hozirgi vaqtda bu imlo madaniy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi”
1. Lekin alohida shuni ta’kidlash kerakki, Respublikamizda o‘zbek tilini yangi yozuvga to‘liq o‘tkazishning muddatlari rasmiy hujjatlarda dastlab 2005-yil, keyin esa 2010-yil etib ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, shu paytgacha bunga erishib bo‘lmadi.
Keyingi ikki yil ichida ijtimoiy tarmoqlarda, matbuotda ushbu masala qizg‘in muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston Prezidenti vertual qabulxonasiga kelibtushayotgan xatlarda bu o‘z aksini topmoqda. Muhokama ishtirokchilari yurtimiz aholisinning turli qatlam vakillari bo‘lib ayniqsa, ziyolilar, o‘qituvchilar, talabalar ko‘proq faol bo‘lishmoqda.
Ular tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarga ko‘ra, o‘tgan davr ichida yozuv amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi alifbo va imloda islohga muhtoj o‘rinlar mavjud. Ular bartaraf qilinishi lozimligi bildirilmoqda. Mazkur dolzarb masalalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risi”dagi Farmonida o‘z aksini topdi. Farmonda universitet jamoasi oldidagi vazifalar sifatida: “...o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash” vazifasi alohida ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbariyati ushbu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. 2018 yilning 15-may sanasi bilan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yana-da takomillashtirish bo‘yicha harakatlar rejasi” ishlab chiqildi va Respublika Bosh vaziri hamda Prezident maslahatchisi tomonidan imzolandi.
O‘zbek yozuvining XX asr tarixi murakkab jarayonlarga boy bo‘ldi: bu asrda yozuv uch marta tub isloh qilindi – bir grafik tizimdan boshqa grafik tizimga ko‘chirildi. Jahon xalqlarining yozuv tarixida bunday hodisa kamdan-kam kuzatiladi.
Mavjud manbalar va hujjatlar tahlilidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek yozuvining XX asr tarixi to‘rt davrni o‘z ichiga oladi:
1-davr – arab grafikasiga asoslangan yillar (1900-1929).
2-davr – lotin grafikasiga asoslangan yillar (1929-1940).
3-davr – rus grafikasiga (kirillitsaga) asoslangan yillar (1940-1993).
4-davr – ikkiyozuvlilikka (rus-o‘zbek va lotin-o‘zbek alifbolariga) asoslangan yillar (1993-2010 va hozirgi davrda).
Birinchi davrning 1916-1917 yillargacha bo‘lgan bosqichida yozuvni isloh qilishga qaratilgan jiddiy harakatlar kuzatilmaydi. Bu bosqichda asosiy e’tibor yangi usulda ta’lim berishga asoslangan maktablarni tashkil etishga, ularda diniy darslar bilan birga dunyoviy ilmlarni ham o‘qitishga, shu orqali xalq ommasini ma’rifatli qilishga qaratiladi.
Bu jarayonni, tabiiyki, yangi mazmundagi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarisiz tasavvur qilib bo‘lmas edi. Ayni shu ehtiyoj bir qator yangi kitoblarning yaratilishiga olib keladi: «Ustodi avval» (Saidrasul Saidazizov. Toshkent, 1900, 1902), «Adibi avval» (Munavvarqori Abdurashidxonov. Toshkent, 1907), «Adibi soniy» (Munavvarqori Abdurashidxonov. Toshkent, 1907), «Kitob ul-atfol» «Bolalar uchun kitob» (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Samarqand – 1908, 1914), «Birinchi muallim» (Abdulla Avloniy. Toshkent, 1911), «Ikkinchi muallim» (Abdulla Avloniy. Toshkent, 1912), «Turkcha qoida» (Faxriddinov Muhammadamin. Toshkent, 1913), «Savod» (Xivalik muallim Muxtor Bakr. Qozon, 1913), «Ta’limi avval» (Rustambek Yusuf o‘g‘li. Toshkent, 1912, 1914), «Turkiy alifbe» (Muhammadxon Abdulxoliq o‘g‘li. Qo‘qon, 1916), «Rahbari soniy» (Abdullaxo‘ja Saidmuhammadxo‘jaev, 1916), «Birinchi yil» (Saidrizo Alizoda. Samarqand, 1917), «Rahbari avval» (Faxriddinov Muhammadamin. Toshkent, 1917) kabi kitoblar shular jumlasidandir.
Bunday kitoblarda yozuvni isloh qilish masalalarini ko‘rish maqsad qilinmagan bo‘lsa-da, ularni (kitoblarni) yaratish, shular asosida savod chiqarish, to‘g‘ri yozish va to‘g‘ri o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish jarayonida imlo qoidalarini mukammallashtirish, alifboni o‘bek tili xususiyatlariga moslashtirish, tinish belgilari tizimini va qoidalarini shakllantirish zarurati borligi sezila borgan, bunday zarurat sezgisi esa, o‘ylaymizki, yozuv islohotiga jiddiy zamin hozirlagan.
Buni qo‘qonlik ma’rifatchi Ashurali Zohiriyning quyidagi gaplari ham isbotlaydi. U o‘zining 1916 yilda nashr ettirgan «Imlo» darsligida bu haqda shunday deydi: «... Bizning hozirgi (eski) imlomizda qoida degan narsa aslo rioya etilmag‘onligidan har kim o‘zicha qanday yozmoqni xohlasa, o‘shanday yoza berg‘on; bu adabiyotimizning kengayishiga sad(devor) bo‘lib, yoshlarimizning qiynalishidan boshqa ajnabiy millatlarning qoshida tilimizni masxara qildirib, madaniy tillarga baho qo‘yg‘onda, qimmati hech bo‘lishiga sabab bo‘ldik. Shunga binoan bul «Imlo» risolasini yozdim. Eng zarur qoidalarni darj etdim... «hoye rasmiya»ni imlomizg‘a kirg‘izdim...»
1919-yilda Toshkentda Fitrat boshchiligida til-imlo va adabiyot masalalari bilan shug‘ullanuvchi to‘garak-seminar – «Chig‘atoy gurungi» jamiyati tashkil topadi. Bu haqda «Ishtirokiyun» gazetasi shunday yozgan edi: «Toshkentda yosh buxoroliklarning faol a’zolaridan Fitrat afandi ila o‘zbek yoshlari tarafidan «Chig‘atoy gurungi» nom(li) yangi bir jamiyat tuzilgan. Milliy ishlar komissariati tarafindan tasdiq etilib ishka kirishkan.
Bu jamiyatning maqsadi: Turkistondagi eski va yangi turkiy asarlarni jam qilib, turkiy tilini ihyo qiluv haqinda materiyol hozirlamoq, lug‘at va adabiyot dunyosin boyitmoqdir».
Shun kabi harakatlar o‘tgan asr boshida keng amalga oshirilgan bo‘lib, o‘zbek ziyoliylarining dunyoviy qarashlaridan sobiq ittifoq hukumati o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga erishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |