Uyg‘ur yozuvi namunalari. Ayrim harfiy belgilar va alifbo tizimlari. Osiyo xalqlari tomonidan turli xil yozuvlar qo‘llanilib kelinganligi tarixiy manbalardan ma’lum. Osiyo qit’asida yashagan avlod-ajdodlarimiz runik, xorazmiy, oromiy, so‘g‘d, parfiyoniy, baqtariy, monaviy, suryoniy, pahlaviy deb nomlangan yozuvlardan foydalanganlar. Qit’amizda yashagan xalqlar tomonidan qo‘llanilgan eng qadimiy yozuvlardan biri turkiy-run yozuvi sanaladi. Buyuk turk xoqonligi davrida ilm-fan, sanoat yuksak taraqqiyotga ega bo‘lgan va eng muhimi eramizdan oldingi ming yilliklar davridayoq turkiy xalqlar o‘z yozuvlariga ega bo‘lganlar. 759-yilda toshga o‘yib yozilgan Moyunchur bitigida shunday so‘zlar bor edi: «Ming yillik, tuman kunlik yozuvimni bu toshga o‘yib yozdim». Mazkur yozuvlar fanda turli nomlar bilan yuritiladi. Jumladan, Skandinav-german tillaridagi runiy, turkiy run, runik (runa – sirli, yashirin degani, ruschada – рунические письменности) yozuvlari deyiladi. Ushbu yozuv ayrim manbalarda “O‘rxun-Enasoy yozuvi”, “Enasoy-O‘rxun yozuvi”, “Sibir yozuvi” yoki “Dulharchin” nomlari bilan ham yuritiladi.
“Dulharchin” deb nomlanishi haqida mashhur filolog Ibn Arabshoh(1389 – 1450) o‘zining “Ajoyib-ul maqdur fi-navoyibi Temur”(Temur falokatlarida taqdirning qiziqliklari) asarida: “Xitoyda turklarning “dulbarjin” deb ataladigan yozuvlari bor. Ko‘rdim, harf qirq bitta...” – deya ma’lumot keltiradi.2
Qadimiyligi jihatdan ko‘ga tashlanib turuvchi yozuvlardan yana biri “xorazmiy yozuvi”dir. Xorazmiy yozuvi miloddan oldingi III-II asrlarda oromiy yozuvlari asosida shakllanganligi ilmiy manbalarda qayd qilinadi. Uning qoldiqlari Tuproqqala, Katta Oybuyirqala shahri xarobalari, Qo‘yqirilganqalada topilgan. 1951-yilda Qo‘yqirilganqala xarobalarini tekshirgan S.P.Tolstov xumlarga o‘yib yozilgan yozuv haqida: “Bu yozuv yalpi O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan yozuvlar ichida eng qadimiysi” deya ta’kidlagan edi.
Xorazmiy yozuvi eramizning XIV asrlarigacha amalda bo‘lganligi haqida ma’lumotlar mavjud. VIII asrda Xorazmni zabt etgan arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim xorazmiy tili va yozuvida bitilgan kitoblarni yoqib tashlagan. A.Freyman, S.Tolstov, B.Herfeld, S,Volin kabi olimlar xorazmiy tilida fleksiya hodisasining barqarorligi, grammatik jins kategoriyasining mavjudligi, son so‘z turkumiga oid va boshqa lisoniy xususiyatlarini inobatga olib, bu tilda eroniy tillardagi kabi xususiyatlar saqlanganini e’tirof etadilar. “Avesto” yodgorligi ham mana shu til va yozuvda bitilgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida (X asr) o‘z ona tilini bilishini, ammo unda so‘zlasa atrofdagilar ustidan kulishi mumkinligini aytib o‘tgan.
Osiyo hududida qo‘llanilgan qadimiy yozuvlardan yana biri uyg‘ur yozuvi hisoblanadi. Uyg‘ur yozuvi nomi bilan atalayotgan qadimgi turkiy alifbo yozma manbalarda bir qancha nomlar bilan yuritilgan. Mahmud Koshg‘ariy o‘zining «Devonu lug‘at-it-turk» asarida uni «turkcha yozuv» deb tilga oladi. U yozadi: «Barcha xoqonlar va sultonlarning kitoblari, yozuvlari qadimgi zamonlardan shu kungacha Qashqardan – Chingacha hamma turk shaharlarida shu yozuv bilan yuritilgan». Alisher Navoiy o‘z maktublarining birida uni «turkcha xat» deb atagan. Manbalarda mazkur yozuv «uyg‘ur xati», «mo‘g‘ul xati» deb ham yuritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |