2-mavzu. Statistik kuzatish uslubiyati
Reja:
2.1. Statistik kuzatish mohiyati va ahamiyati.
2.2. Statistik kuzatish dastur – metodologik va tashkiliy masalalari.
2.3. Statistik kuzatish turlari va ularning o’ziga xos jihatlari.
2.4. Statistik kuzatish xatolari va ularni aniqlash usullari.
2.1. Statistik kuzatish mohiyati va ahamiyati
Statistik kuzatish - bu o’rganilayotgan ommaviy hodisalar haqida bosh-lang’ich ma’lumotlarni to’plash jarayonidir
Ommaviy jarayonlarni statistika jihatidan o’rganish, ya’ni bir turli hodisalar va ularning belgilari orasidagi bog’lanishlarni miqdoriy ifodalab ularning to’plarida namoyon bo’ladigan statistik qonuniyatlarni aniqlash uchun dastlab ular haqida, o’rganilayotgan obyektlar to’g’risida boshlang’ich ma’lumotlar yoki boshqa so’z bilan aytganda xom statistik materiallarni to’plash kerak. Mana shu jarayon statistik kuzatish deb ataladi.
Kuzatish so’zi quyidagi lug’aviy ma’noga ega:
1) biror narsa ( predmet, obyekt )ni bilish, aniqlash maqsadida sinchiklab ko’zdan kechirish;
2) biror narsa yoki kimsani zimdan qarab tekshirib turish, ta’qib qilish;
3) voqyealarni o’rganish, tekshirish, biror narsa yoki maqsadni nazarda tutish.
Statistik kuzatish ommaviy hodisalarni, jarayonlarni sinchiklab tekshirish uchun ular haqida boshlang’ich materiallarni to’plashdir. U o’rganilayotgan obyektlarni va ularning unsurlarini hisobga olish bilan bog’liq. Hisob – bu biror predmet miqdorini sanab yoki o’lchab aniqlash, biror kimsa yoki narsa mavjud miqdorini belgilash uchun maxsus hujjatda u haqidagi ma’lumotlarni qayd qilish.
Statistik kuzatish xo’jalik va turmush voqyealarining hisobiga asoslanadi. Turli shakldagi korxonalar va ularning uyushmalarida xo’jalik voqyealari buxgalteriya va operativ texnika hisoblarida qayd qilinadi. Statistik kuzatish ko’pincha ana shu hisob turlari ma’lumotlariga tayanadi. Shu bilan birga ayrim iqtisodiy,ishlab chiqarish masalalarini o’rganish uchun bevosita kuzatish ham amalga oshiriladi.
Statistik kuzatishga talablar: aniqlik, to’lalik, taqqosla-malik
Statistik kuzatish va uning natijasida to’planadigan ma’lumotlar uchta talabga javob berishi kerak, ya’ni: 1) aniqlik va to’g’rilik; 2) to’lalik va har taraflamalik; 3) Taqqoslamalik, solishtirmalik.
Milliy standart - muayyan mamlakat miqyosida, xalqaro standart esa-butun jahon yoki mamlakatlar birlashmasi miqyosida hodisalarni tasniflash, ko’rsatkichlarni tuzish va hisoblash, ma’lumotlarni qayd qilishda qo’llanadigan umumiy talab, tartib va umumiy konsepsiyalar majmuasidir
Iqtisodiy ma’lumotlarning taqqoslamaligini ta’minlash uchun milliy va xalqaro standartlarni (andozalarni) ishlab chiqish va ularga to’la amal qilish muhim rol o’ynaydi. Milliy standartlar mamlakat miqyosida obyektlarni tasniflash, ko’rsatkichlarni tuzish va hisoblash, ma’lumotlarni qayd qilish jarayonida rioya qilinishi zarur bo’lgan talablar, tartib qoidalar, konsepsiyalar majmuasidir. Ular odatda xalqaro standartlarga asoslanadi. Xalqaro andozalar deganda o’rganilayotgan hodisalarni tasniflashda, statistik ko’rsatkichlarni tuzish va hisoblashda, ma’lumotlarni qayd qilish va olish jarayonida butun dunyo miqyosida yoki ma’lum mamlakatlar birlashmasi chegarasida qo’llash uchun tavsiya etiladigan umumiy tartib qoidalar, talabla,r konsepsiyalar majmuasi tushiniladi. Milliy standartlarga rioya qilish majburiydir.
Do'stlaringiz bilan baham: |