Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
XX asr boshidagi o‘zbek milliy uyg‘onish davri adabiyotining yetakchi siymolaridan biri Abdurauf Fitrat ko‘hna ilm-fan markazlaridan bo‘lmish Buxoro shahrida 1886-yilda tavallud topgan.
Uning otasi Abdurahimboy zamonasining o‘ziga to‘q, o‘qimishli, dunyo ko‘rgan kishilaridan edi. Uning tirikchiligi sarroflik (pul maydalovchi, pul almashtiruvchi) va savdogarlik bilan kechgan. Kasbi taqozosi bilan atrof yurtlarga, hatto Turkiya, Eron, Qashqarga tez-tez borib-kelib turgan. Onasining ismi Bibijon (to‘la nomi Nastarbibi, ayrim manbalarda Mustafbibi deb aytiladi) bo‘lgan. Fitrat 1937-yilda «xalq dushmani» sifatida qamoqqa tashlanganda onasi hayot edi.
Bu oilada Abduraufdan keyin yana ikki farzand tug‘ilgan -Abdurahmon va Mahbuba.
Bo‘lg‘usi ijodkor avval shahardagi ko‘plab eski maktablardan birida, keyin mashhur Mir Arab madrasasida o‘qiydi. 18 yoshlarga yetganda, bir muddat otasining ishlariga yordam beradi, u bilan birga haj ibodatiga ham boradi. 1904-1907-yillar oralig‘ida ro‘y bergan shu safarlar davomida yosh Fitrat dunyoning Turkiya, Eron, Hindiston, Arabiston, Rusiya singari mamlakatlarini o‘zi uchun kashf qiladi. Albattaki, bu sayohatlar uning dunyoqarashi kengayishiga turtki bo‘ladi, o‘z yurtidagi ahvolga chetdan turib nazar tashlash imkoniyatini beradi. 1909-yilda Abdurauf o‘zining bir necha hamshaharlari bilan birgalikda Istanbul (Turkiya)ga o‘qishga ketadi. 1913-yil oxirigacha Istanbuldagi «dorulmuallimin» - muallimlar gimnaziyasida tahsil oladi.
Juda yoshligidan badiiy ijodga qiziqib, uning turli janrlarida mashqlar qilib kelayotgan Fitrat 1909-yilda dastlabki yirik asarini e’lon qiladi. Bu Istanbulda chop etilgan «Munozara» kitobi edi.
Mazkur asarning to‘liq nomi «Hindistonda bir farangi ila buxorolik mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘an munozarasi» bo‘lib, u fors tilida yaratilgan. Shundan so‘ng 1911-1912-yillarda birin-ketin uning forsiy tilda yozilgan she’rlari to‘plami - «Sayha» («Na’ra»), nasriy asari -«Hind sayyohi qissasi» («Bayonoti sayyohi hindi») bosilib chiqadi. O‘sha yillari Turkiya yoshlari orasida avj olgan hurfikrlilik Fitratga ham kuchli ta’sir etgani, u uzoqda turib, ona yurti Buxoroning ayanchli ahvoliga qanchalar achingani mazkur asarlarda o‘z ifodasini topdi. Biroq o‘qishni tugallab yurtiga qaytgan Fitrat mavjud ahvolni o‘zgartirish oson kechmasligini ich-ichdan his qiladi. Zero, butun Turkistonda bo‘lgani singari Buxoroda ham diniy mutaassiblik, jaholat va qonunsizlik barcha jabhalarda hukm surar, kishilar ongida o‘zgarish yasamay turib, jamiyatda biror ijobiy o‘zgarish qilishning imkoniyati yo‘q edi. Shu tufayli ham Fitrat o‘z davrining Ismoilbek Gasprinskiy (Rusiya ma’rifatparvari), Mahmudxo‘ja Behbudiy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Avloniy singari fidoyilari tutgan yo‘ldan borishga ahd qiladi. Shahrisabz va Karkida yangi usul - jadid maktablari ochadi, bolalarga zamonaviy ta’lim berishni joriy qiladi. Fitrat nazarida millatni uyg‘otish, uning ongini yuksaltirishning muhim yo‘nalishlaridan biri - matbuot, adabiyot va san’at orqali xalqqa ta’sir etish edi. Shu maqsadda ijodkor publitsistika va adabiyotning turli janrlarida o‘nlab asarlarni yozib, e’lon qildi. «Rahbari najot» (1915), «Oila» (1916), «Begijon» (1916), «Mavludi sharif» (1916), «Abo Muslim» kabi asarlari shular jumlasidandir. Bunga qo‘shimcha Fitrat yangi maktablar uchun darsliklar ham ijod qiladi. Uning «Muxtasar islom tarixi» (1915), «O‘qu» (1917) va boshqa kitoblari Behbudiy, Avloniy, Hamza darsliklari singari bolalar ta’lim-tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Fitrat 1917-yil fevral inqilobidan keyin siyosiy harakatlarga yana-da faolroq aralasha boshlaydi. Buxoro jadidlarining «Yosh buxoroliklar» firqasiga sarkotib bo‘lib saylanadi. Samarqandda chop etiladigan «Hurriyat» gazetasida o‘zining o‘tkir maqolalari bilan ketma-ket chiqishlar qiladi. Fitrat 1917-1918-yillar oralig‘ida bu gazetaga bosh muharrir ham bo‘ladi. 1917-yil oktabrida Rusiyada bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishini har kim har xil kayfiyatda qarshi oladi. Kimdir unga katta umid bog‘lagan bo‘lsa, ko‘pchilik bo‘lib o‘tgan hodisaning asl ma’nosini anglolmay, taraddudda qolgandi. Fitrat esa bu hodisaga o‘zining uzil-kesil bahosini shu kunning o‘zidayoq ochiq e’lon qiladi. «Hurriyat» gazetasining 1917-yil 7-noyabr sonida u: «Rusiyada yangi bir balo bosh ko‘tardi: bolshevik balosi!» - deb yozdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |