Dars shiori: Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor. (I.A.Karimov)
Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu: «KELMADI»
G‘azal ishqiy mavzuda, o‘zbek tilidagi she’riyatda eng ko‘p ishlatilgan ramali musammani mahzuf (yoki maqsur), ya’ni «foilotun-foilotun-foilotun-foilun (yoki foilon)» vaznida (taqte’si: - V - - / - V - - / - V - - / - V - ) yozilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Radifiga o‘zbekcha so‘z («kelmadi») ishlatilgan va qofiyasidagi sakkiz («gulro‘ - uyqu – badxo‘ - qorong‘u - kulgu - su(v) -o‘tru - qayg‘u») so‘zdan oltitasi - o‘zbekcha, ikkitasi («gulro‘» va «badxo‘») - tojikcha.
Badiiy jihatdan shunday qat’iy bir qoidaga amal qilinganki, har bir baytda kamida bir tazod (zidlantirish, qarama-qarshi ma’nolardagi so‘zlarni qo‘llash) san’ati namunasiga duch kelamiz. Bu badiiy san’at g‘azalda asosiy ifoda va tasvir vositasiga aylangan. Matla’da lirik qahramon kecha (buni «kechasi» deb ham, kecha, ya’ni bir kun oldin deb ham tushunish mumkin) yor («sarvi gulro‘») kelaman deb, kelmadi, shuning uchun tong otgunga qadar ko‘zlarimga uyqu kelmadi, deydi. Shuning o‘zidayoq lirik qahramon holati ma’lum qilinadi. Betoqat yor har zamon-har zamon chiqib, ma’shuq yo‘liga intizor bo‘ldi, hatto, jon uning og‘ziga keldi-yu, u yomonlik istovchi sho‘x go‘zal kelmadi (ikkinchi bayt).
Keyingi ketma-ket uch baytda yorning orazi (yuzi) oqligi bilan oshiq hayotining qorong‘iligi, hajrida devonavor yig‘lagani bilan uni ko‘rib, ustidan kuladigan bormi-yo‘qligi, ko‘zlaridan suv emas, qon kelganligi o‘rtasidagi ziddiyatlar qalamga olinadi.
Mumtoz she’riyatimizda «begona bayt» degan tushuncha mavjud. Bu maqta’dan oldingi baytni bildiradi. Uning begonaligi shundaki, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov so‘zlari bilan aytganda, «bu baytda shoir kimni maqtagisi kelsa -maqtaydi, kimni yomon ko‘rsa, undan alamini oladi, g‘azal umumyo‘nalishiga u qadar bog‘lanmaydiganroq gapi bo‘lsa ham, shu yerda aytib qoladi». G‘azalning «begona» baytida lirik qahramon tolibi sodiq topilmasligidan shikoyat qilishga o‘tadi. Shunday bo‘lmasa edi, kimki yo‘lga qadam qo‘ysa, undan oldinroqda yuradigan bir ma’shuq ro‘baro‘ kelmaydimi?!
Bu yerda nozik falsafiy-tasavvufiy masala ko‘tarilgan. «Yo‘l» baytda tasavvufni, Alloh ishqini bildiradi. Bu yo‘lda esa sadoqatli talabgor (oshiq) topilmayapti. Ayni gap bilan shoir pirga ishora qilgan. Chunki pir hamisha bu yo‘lni muriddan avvalroq bosib o‘tgan, ya’ni «avvalqadam» bo‘ladi. Avvalqadam oshiq esa Alloh vasliga yetib, ma’shuqqa aylanadi. Murid ana shu shayxning etagidan tutib, unga ergashmoqchi. Navoiy g‘azallarining yozilgan yillari ma’lum emas. Taxmin qilish mumkinki, bu g‘azalni shoir ustozi va piri Abdurahmon Jomiy vafotlaridan, ya’ni 1492-yildan keyin bitgan. Maqta’ ham — juda tahliltalab. Chunki unda ikki karra «boda» so‘zi tilga olinadi. Shaklan, ya’ni yuzaki qaraganda o‘quvchida mayparastlik targ‘ib etilayotgandek tasavvur tug‘ilishi mumkin. Holbuki, Navoiy buyuk islom shoiri edi. Islomda esa mast qiluvchi ichimliklar harom hisoblanib, man etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |