Izolatsiyalovchishtangalar Operativ shtangalar, o‘lchov, yerga ulagich shtangalarni mexanik sinovdan o‘tkaziladi. Izolatsiyalovchi himoya vositalarining mexanik sinovlari elektr sinovlaridan oldin o‘tkaziladi. Shtangalar namunaviy mexanik sinovlardan o‘tkaziladi. Ishlatish jarayonida shtangalar mexanik sinovlardan o‘tkazilmaydi.
Laboratoriya va sinov uskunalarida yerga ulash uchun mo‘ljallangan yerga ulagich shtangalardan tashqari (taqsimlash qurilmalari va havo elektr uzatish tarmoqlari uchun) operativ shtangalar va boshqa hamma turdagi yerga ulagichlar shtangalari uzilish sinovidan o‘tkaziladi. 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari simlarida yerga ulagich, operativ va o‘lchov shtangalari (chinni izolyatorli operativ shtangalardan tashqari) egilish sinovidan o‘tkaziladi.
Uzilish darajasini aniqlash sinovida shtanganing ishchi qismi mahkamlanadi, dastakka esa taqab qilingan kuch qo‘yiladi (osilgan yuk, dinamometr orqali lebedka trossi). Operativ va yerga ulagich shtangalari 1500 N (150 kgs) bo‘lgan kuch bilan 1 minut mobaynida uzilishi sinaladi. Chinni izolyatorli operativ shtangalar uchun sinash kuchi 800 N (80 kgs)ni tashkil qiladi. 10 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarida ishlatiladigan yerga ulagich shtangalari esa 1 minut mobaynida 1000 N (100 kgs) uzilish kuchiga bardosh berishi zarur.
Shtangalarning egiluvchanligini aniqlash sinovida shtangalar gorizontal o‘rnatilib ikki joyidan, ya’ni dastak uchidan va ajratgich halqa o‘rnatilgan joydan mahkamlanadi (3.4-chizma). 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari simlariga yerga ulagich shtangalari, o‘lchov va universal operativ shtangalar ishchi qismi og‘irligiga 2 hissa katta bo‘lgan kuch bilan sinaladi. Operativ (oddiy) shtangalar egiluvchanligi o‘zining sof og‘irligi ta’sirida sinaladi. Sinov muddatining davomiyligi 1 minut.
Egiluvchanlik — shtanganing yuk osilgan qismidagi egilish miqdoriga, uning izolatsiyalovchi qismining uzunligiga nisbatan foiz hisobida hisoblanganda 220 kV kuchlanishgacha bo‘lgan shtangalar uchun 10 foizdan, ushbu kuchlanishdan yuqori bo‘lgan shtangalar uchun esa 20 foizdan oshmasligi zarur. Egilish miqdori ushbu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan shtangalar yaroqsizga chiqariladi. 220 kV kuchlanishgacha bo‘lgan havo elektr uzatish tarmoqlari va taqsimlash uskunalarida yerga ulagich shtangalar egaluvchanlikka sinalmaydi.
3.4-chizma. Shtanganing egiluvchanligini sinash. 1 — mahkamlash nuqtasi; 2 — yukni osish nuqtasi; 3 — yuk osilgan nuktadagi shtanganing egiluvchanligi.
Sinovdan so‘ng shtangalar ko‘zdan kechirilib, qoldiq deformatsiyalar, yoriqlar, ulangan joylar bo‘shashganligi aniqlansa, ushbu shtanga yaroqsizga chiqariladi.