Shayton kelib, imonini olor ermish”, - desalar, munojotlarida yozadilar:
O‘zini shayx olur kulbori xoli,
Yigirma beshga yetmay oni soli.
Nasihatlar qilur piru javonni,
O‘zi fahm etmayin yaxshi yamonni.
Alarni so‘zlari zollu muzildur,
Shariat ahli bu eldin xijildur.
Inonsun deb muni bir necha beaql,
Qilurlar avliyolardan muni naql.
Qo‘yub domin guzargohlarg‘a bepir,
Tili makru hiyal, qilg‘oni tazvir.
Ani makri erur Shaytondin a’lo,
Qo‘par yuzi qaro, mahsharda tanho.
Alarni ko‘rmangiz yuzini hargiz,
Aningdek la’natidin aylang parhiz.
Naqshbandiya tariqatining mansubi, uning faol targ‘ibotchisi, ulug‘ mutafakkir va mutasavvif shoirimiz Alisher Navoiy hazratlari ham asarlarida tez-tez soxta shayx, qalandar va darvishlarni, “riyoyi xirqapo‘shlarni” qattiq tanqid qilganlar. Masalan, “Mahbub ul-qulub”da: “Surati darvishvash va ma’nisi sarosar g‘ash” shayxni shakl-u shamoyili, riyosi va yurish turishini hajv qilib bunday deydilar: “hayhot-hayhot, uyat, yuz ming uyat! Turfa bu kim bu mazharg‘a muridlar ham bor, xizmatida barcha sheftau beqaror. Ul bu dukonni yurutub tadbir bila va bu ma’rakani qurub tazvir bilakim, shayoting‘a hayratdur va devi la’iyng‘a mujibi ibrat va nafratdur”. Yuqoridagi misollardan ham ko‘rinib turibdiki, mutasavviflarimizning o‘zlari ham tasavvufni “sunniy” va “botil” tariqatlarga ajratib, botilini keskin tanqid qilgan holda, qarshi kurash choralarini izlaganlar. Tasavvufga ba’zi tashqi muhit, o‘zga madaniyat va odatlar, falsafalar ta’sir qilganini ro‘kach qilib, unga e’tiroz bildirganlar ham bor. Kitoblarda bu masala bahs etilgan va so‘nggi xulosa sifatida Islom tasavvufining manbai Qur’on va hadis ekanligi, uning ruhi, yo‘nalishi o‘ziga xosligi isbotlangan.
1. Professor Mustafo Qara tasavvufda tashqi muhit va madaniyatlarning ta’siri va islomlashishi, mushtarak insoniy tuyg‘ularning so‘fiyona shaklda ifodalanishi va boshqa qator sabablarni o‘rganib bunday xulosaga keladi: bulardan qat’iy nazar Islom tasavvufi Qur’oni Karim va hadisi shariflar yo‘naltirgan o‘ziga xos bir usulga ega bo‘lgan harakatdir. Keyingi manba va ta’sirlar ahamiyati ikkinchi darajalidir. A. Nikolson, A. Shimmel kabi Ovrupo sharqshunoslari ham shu fikrdalar.
2. Ba’zi Ovrupo sharqshunoslari islomni zaiflashtirmoqchi bo‘lib, atayin tasavvufni islomga qarshi qo‘ydilar. Ular “tasavvufga tashqi ta’sir masalasini” va uning “hol”, “maqom”laridagi nozik nuqtalarni noto‘g‘ri talqin qilib, ko‘plarni chalg‘itdilar. Afsuslar bo‘lsinkim, ba’zi islom olimlari ham ular izidan borishdi. Diyorimizda esa bu hol sho‘rolar davrida keng avj oldi. Xudoga shukrki, bugun biz o‘zligimizni tanib, g‘arazli maqsadda yozilgan tadqiqotlarga javob berish imkoniga egamiz! To‘g‘ri, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zamonlarida tasavvuf degan so‘z yoki ilm sohasi yo‘q edi. Axir, bu davrda tafsir, hadis, fiqh, aqoid kabi ilmlar ham tasnif qilinmagan edi-ku? Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zamonlarida bu ilmlarning barchasi bir butun shaklda mavjud edi. Ehtiyojmand kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan yoki ayrim ulug‘ sahobalardan ilmning barcha sohasida javob olishi mumkin edi. Shuningdek, tasavvuf ham u zamonlarda “hol” sifatida mavjud edi. Keyinchalik ehtiyoj tufayli bu ilmlarni ulamolarimiz tasnif qilishib rivojlantirdilar.
Tariqatlarning ko‘pligi ham e’tirozga sabab bo‘lmaydi. Ahli tasavvuf orasida “Allohga olib boradigan yo‘llar maxluqotning nafasi sanog‘icha” degan so‘z mashhur. Har bir tariqat sohibining zikr va odob darslari boshqa-boshqa bo‘lsa-da, maqsadi bitta: Alloh roziligini topish, Allohning sevgan va rozi bo‘lgan bandasi o‘laroq, jannati va Jamoliga musharraf bo‘lish… Qolaversa, boshqa fan sohalarida ham qanchadan-qancha kashfiyotlar, topilmalar, uslub va metodlar mavjud-ku?! Ba’zilar tariqatlar orasidagi juz’iy tafovut va munozaralardan kir axtaradilar. Biz bilamizki, “vahdat ul-vujud” va “vahdat ush-shuhud”chilar orasida “tavhid”, “Alloh va olam” “Allohning ism-u sifatlari” orasida munozaralar bo‘lib o‘tgan. Sodda qilib aytganda, ular munozarasini fiqhiy masalada hanafiy va shofeiylarning bahsiga o‘xshatish mumkin. Olimlar ilmdagi bunday munozaralarni tanazzul emas, taraqqiyot alomatlaridan deb biladilar. Ammo “vahdat ul-vujud” g‘oyalarini to‘g‘ri anglash uchun kimda shar’iy bilim bo‘lmasa oyog‘i toyib ketishi mumkinligi, naqshbandiylikda asosan “Vahdat ush-shuhud” qarashlari mavjud va hukmron ekanligi ilmiy manbalarda qayd etilgan. Avliyo (“valiy”ning ko‘pligi)lar — Allohning do‘stlari. Ular Allohning nazariga tushgan, ayricha iltifotga noil bo‘lgan, karomatli, taqvoli, solih, muxlis, muslih kishilardir. Musulmon olamida karomatlari sahih zohir bo‘lgan, xalq tomonidan avliyo deb tan olingan kishilarning aksari ahli tariqat bo‘lganligi hech kimga sir emas. Karomat esa har kimga berilmaydi. Muhaqqaq, u Allohning inoyati bo‘lib, ilm-u amali, taqvosi, xayr-u ehsoni, marhamat-shafqati, ixlos-samimiyati, e’tiqodi kuchli bo‘lgan kishilargagina berilgan.
Endi mantiqan o‘ylab ko‘ring: Agar tariqat, uning odob-arkonlari, zikr-u tasbihotlari zarracha bo‘lsa ham shariatga zid bo‘lganda edi, ahli tariqat bo‘lmish valiylarga karomat berilmas edi… Ahli sunnat val jamoat toifasi karomatni, valiylikni haq deb biladi. Oyat va hadislarda ular haqida aytib o‘tilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan bir hadisga ko‘ra, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo buyuradi: kim Mening valiylarim (do‘stlarim)dan birortasiga dushmanlik qilsa, shubhasiz, men unga urush e’lon qilaman”. “Bandam o‘ziga farz qilingan ibodatlardan ko‘ra yaxshiroq narsa bilan menga yaqinlasha olmaydi. Bandam tinmasdan nafl ibodatlar bilan menga yaqinlashadi, nihoyat Men uni sevaman. Uni sevgach esa, eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, yuradigan oyog‘i bo‘laman… Mendan nima istasa, istaganini beraman. Menga sig‘inganida uni qo‘riqlayman. O‘limni xush qarshilamagan bandamning jonini olishda ikkilanmaganim kabi, qilgan hech bir ishimda ikkilanmadim. Chunki uni xafa qilishni istamayman”. Valiylarga berilgan imtiyoz, favqulodda holatlar ularning amali va taqvosiga ham bog‘liq, dedik. Bishr ibn Horis Hofiy degan mashhur so‘fiy (v. 227/841) tushida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ko‘rgach, unga: “Ey Bishr, bilasanmi, Alloh seni nega boshqalardan ustun qildi?” debdilar. “Yo’q, bilmayman yo Rasululloh“, debdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga: “Sunnatimga tobe bo‘lding, solih insonlarga xizmat etding, dindosh birodarlaringga nasihat qilding, as’hobim va ahli baytimni sevding” shu sababdan ustun qildi debdilar. Valiylarga bilib-bilmay til tegizishdan ehtiyot bo‘lish kerak, chunki ular “Allohning nuri bilan boqadi” deydilar. Diyorimizda yetishib chiqqan, o‘tgan XIX-asr oxirlarida yashab ijod etgan Azim Xoja Eshon “hikmat”larining birida bunday deb ogohlantiradi:
Bilur bilmas, aqlingizga bino qo‘yub,
Eranlarga til tekizmang do‘stlarimo.
Qo‘rqarmankim, yiqilg‘aysiz, yo‘ldin toyib,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Yuz ixlosdan ortuq erur pir rizosi,
Bo‘lur bo‘lsa hidoyati, muddaosi.
Pir rizosi — nafs izosi, ruh g’izosi,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Bashir Hofi yalang oyoq qorni bosti,
“Hu-hu” teyu cho‘llar kezib, xorni bosti,
Mundog‘ etib, hirsu havo, orni bosti,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Azizlarni sinaguncha o‘zni sinang,
Bormu sizda hirsu havo nomusu nang?
O‘z holini o‘zi bilmas uldur garang,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Nasimiyning hikoyatin bilmasmusiz,
Shayx Mansurdin eshtib ibrat olmasmusiz,
Fursat qo‘ldin ketmay o‘zga kelmasmusiz,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Noqislikda komil ishin qilib bo‘lmas,
Baqoliklar asrorlarin bilib bo‘lmas,
Fano bo‘lmay baqo mulkin olib bo‘lmas,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Shar’u tariq eranlarning ravishlari,
Tajrid, tafrid, tafviz, taslim bo‘lishlari,
Ladun ilmi ermish fahmu donishlari,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Miskin Azim, orif ko‘ngli gulzor ermish,
Har gulida ming daftari asror ermish.
Nomahramdin pinhon ani asror ermish,
Eranlarga til tekizmang, do‘stlarimo.
Ashraf o‘g‘li Rumiy degan shoir va mutasavvif, murshidi komillarning ikki vazifasi borligini ta’kidlaydi:
1. Allohni bandalarga sevdirmoq
2. Bandalarni Allohga sevdirmoq.
Albatta, Allohni bandalarga sevdirmoq — qulay va oson. Lekin Allohga bandalarni qanday sevdirish mumkin? Shayx Rumiy Qur’oni Karimdagi “-Ayting (Ey Muhammad): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat qiladi” oyatiga ishora qilib bunday javob beradi: Muridlarni Allohga sevdirish uchun ularni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga ergashtiraman, hazrati Payg‘ambarimizning sunnati saniyyasiga tobe qilaman va shu yo‘l bilan ularni yetishtiraman”. O‘shanda Alloh ularni sevadi… Murshidi komillar muridni nafaqat farz-u vojib, hatto adabga jiddiy e’tibor berishni talab qilganlar. Jismonan va ruhan chiniqtirish, kamolotga yetkazish vositalarini amalda qo‘llaganlar. Muridni quyidagi ikki xil tarbiya orqali maqsadga yo‘naltirganlar:
1. Inson o‘z irodasini, nafs degan borlig’ini yo‘lga solish uchun unga mustahkam ta’lim-tarbiya, harbiylarga xos bo‘lgan intizom lozim. Bu intizomga “riyozat” deb aytiladi. Ruhiy bir riyozat…
2. Tag‘in ishq, sevgi va muhabbat yo‘li bor. Biri “harbiy intizom” bilan, mashaqqatli tarbiyalar vositasida yetishtirsa, ikkinchi yo‘l insonda sevgi, ishq uyg‘otib, uni muhib, oshiq insonga aylantiradi. Yaxshi ishlar qilish uchun kuchli bir holatga keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, Haqni tanish, unga ibodat qilishga buyurilgan bandani tasavvuf tarbiyasi yuksak ma’naviy maqomga ko‘taradi. Haqning roziligi va abadiy saodatga noil qilish uchun “nafsni tarbiyalash, axloqni go‘zallashtirish, botin va zohirni nurlantirish, siyrat va suratni poklash haqida tavsiyalar beradi. Inson ruhi, xulqi, ruhoniy hayotidan bahs yuritib komilikka chorlaydi. Orif, komil insonlardan o‘rnak olishga da’vat etadi. Shuning uchun bir piri komilning etagini tutmay, zikr-u ibodatda, tasbih-u toatda, mujohada-yu muroqabada bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda tasavvufiy hayotda yashamagan kishining tasavvufdan dam urishi soxta va yanglishdir. Sayyid Qosimiy aytganidek:
Do'stlaringiz bilan baham: |